Bag‘londagi yap-yangi qamoqxona nega to‘kilib tushmoqda?

AQSh moliyaviy yordami bilan qurilgan Bag‘londagi qamoqxona to‘kilib tushayotgani aytilar ekan, Afg‘onistonga xorijiy ko‘makning samaradorligi haqidagi savollar yana o‘rtaga tashlanmoqda.

Afg‘onistondagi loyihalarni tekshirish uchun tuzilgan Sigar nazorat guruhi bosh tekshiruvchisi xulosasiga ko‘ra, atigi 18 oy oldin ochilgan qamoqxona allaqachon ta‘mirga muhtoj.

Bu ulkan qamoqxona majmuasi 4 kilometr kvadrat hududni egallaydi.

Nazorat guruhiga ko‘ra, qamoqxonani toshqinlar bo‘ladigan yerda qurishgan.

Bir qator binolarda ishga tushishidan sal o‘tib yoriqlar paydo bo‘lgach bino yaroqsiz, deya topilgan.

Hozirda majmuaning yirik qismi qurilish maydonini eslatadi.

Sigar xulosalarida aytilishicha, muammolar qamoqxona 2012 yil oxirida ochilganidan atigi bir necha oy o‘tib ayon bo‘la boshlagan.

Image caption Qamoqxona binolaridan biri yaroqsiz holga kelgach, uni butunlay buzib tashlashga majbur bo‘lganlar

Qator binolarda yoriqlar paydo bo‘lgach, bittasini hatto butunlay buzib tashlashga majbur bo‘lishgan.

Sigar bosh tekshiruvchisi o‘rinbosarining BBCga aytishicha, tegishli tashkilotlar tolmonidan qurilish jarayonida lozim nazoratning amalga oshirilmagani standartlarning buzilishiga sabab bo‘lgan.

Qamoqxona rahbari Muhammad Yahyo Qoraninng aytishicha, ahvol bundan-da battar bo‘lishi mumkin.

"Umuman qamoqxona qurish uchun bu yer munosib emasdi. Chor atrof tog‘lar, yomg‘ir ko‘p yog‘adi, suv toshqinlari bo‘lib turadi", deydi u.

Qurilish ishlari uchun mas‘ul Omran Holding Group (OHG) afg‘on shirkatiga ko‘ra, qamoqxona ochilishidan avval ro‘y bergan kuchli toshqin anchayin katta ziyon yetkazgan.

Shirkat prezidenti Muhammad Nosir Ahmadining aytishicha, ular majmuani topshirgan vaqtlari amerikaliklar uni "oliymaqom" deya baholanganlar.

Image caption Bag‘lon qamoqxona majmuasi 4 kvadrat kilometr hududni egallaydi

Lekin qamoqxonani qurish uchun buyurtma bergan amerika agentligiga ko‘ra, qurilish boshlanishidan avval yer kerakli darajada tambalanmagan va shuning uchun hozirda muammolar ro‘y bermoqda.

Ikkala tomon ham ta‘mirlash ishlari uchun endi kim haq to‘lashi kerakligi ustida tortishar ekanlar 700ga yaqin mahbus omon qolgan binolarda tiqilinch sharoitda yashamoqdalar.

Aslida majmua 495 mahbusga mo‘ljallab qurilgandi.

Sigar hisobotida aytilishicha, binolardagi muammolardan tashqari qamoqxonani yuritishda ham talaygina muammolar bor. Elektr va suv ta‘minoti yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan.

Elektr ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan ikkita generator ularni qanday qilib to‘g‘ri yo‘lda ishlatishni bilmaganlari uchun ishdan chiqqan.

Bu kabi holat AQSh tomonidan yetkaziluvchi moliyaviy yordam va loyihalarning samaradorligi haqidagi savollarni tug‘dirmoqda.

Bag‘londagi kabi loyihalar orqali qancha pul ko‘kka sovurilgani haqidagi savolga javob berar ekan Sigarning bosh tekshiruvchisi o‘rinbosari Jin Aloiz "Haddan tashqari ko‘p", deydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.