O‘zbekiston Islomiy Harakati Karachidagi hujum mas‘uliyatini zimmasiga oldi

O‘zbek jangarilari Pokistonning Karachi aeroportidagi hujumni amalga oshirganlari haqida bayonot tarqatganlar.

Manzili Shimoliy Vaziristonda ekani aytiladigan O‘IHga ko‘ra, yakshanba kuni 23 insonning o‘limiga sabab bo‘lgan Karachi aeroportidagi hujumni o‘zbek jangarilari uyushtirganlar.

Bundan oldin Pokiston hukumati ham yaxshi tayyorlangan jangarilar o‘zbekistonliklar ekanini bildirgan edi.

Ayni paytda O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z web sahifasida qo‘llarida qurol bilan o‘ndan ortiq jangarining suratini chop qilgan. web sahifada izohlanishicha, ushbu shaxslar ikki kun oldingi hujumda ishtirok etganlar.

"Kecha 11-sha‘bon, 9 iyun 2014 melodiy yil, dushanba yarim tunda, Pokistonning Karochi shahridagi Jinnah tayyoragohining omma xalq ko‘zidan pana bo‘lmish maxsus qismida O‘IHtining o‘nta bahodir o‘g‘loni fidoyilik kamarini taqqan holda hujum uyushtirdilar. Amaliyot taqriban olti soat davom etdi", deyiladi bayonotda.

O‘IH hujum natijasida aeroportdagi harbiy qiruvchi uchoqlar va Amerika josuslik uchoqlaridan katta qismini vayron qilganini bildiradi.

Jangarilar bayonotida aytilishicha, ushbu hujum Pokiston harbiylarining etnik o‘zbeklar yashaydigan tumanlarni havo hujumiga tutganiga javob amali hisoblanadi.

O‘zbekiston Islomiy harakati "Al-Qoida" va "Tolibon" harakati bilan yaqin aloqada ekani xabar qilinadi.

Avvalroq, Pokiston Toliboni aeroportdagi halokatli hujumga mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgan edi.

O‘tgan yili Pokistonda O‘zbekiston Islomiy Harakati jangchilari bilan uchrashgan BBC muxbiri Pokistonning qabila mintaqalarida turli xildagi toliblar borligini aytgan.

Ular orasida Markaziy Osiyo va Qofqozdan borgan islomiy jangchilar juda ham ko‘p, ayniqsa O‘zbekiston, Tojikiston va Chechenistondan. Qaboilda ularni juda ko‘p uchratasiz. Mahalliy aholi ularni "xorijiy mujohidlar" yoki "O‘zbekiston Islomiy Harakati mujohidlari", deb ataydi, degan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yilcha oldin Janubiy Vaziristonda mahalliy aholi va o‘zbeklar o‘rtasida janglar bo‘lgan. Shundan keyin O‘zbekiston Islomiy harakati jangchilari Janubiy Vaziristondan Shimoliy Vaziristonga ko‘chib o‘tishgan.

"Hozirda o‘zbeklar va boshqa Markaziy osiyolik "toliblar" ahvolini juda yaxshi deb aytish mumkin. Ular mukammal tarmoqni shakllantirib bo‘lganlar va "Al-Qoida" va Pokistondagi Tolibon harakati rahbarligi ostida faoliyat yuritishadi. Zikr etganim guruhlar o‘rtasida juda yaqin va maxfiy aloqa mavjud", deydi BBC muxbiri.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.