Braziliya 2014: Jennifer Lopes fikridan qaytib qoldi

Image copyright g

FIFA - Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasining rasman ma‘lum qilishicha, amerikalik mashhur aktrisa va xonanda jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etishga qaror qilgan.

Jennifer Lopes 12 iyun kuni taniqli repper Pitbull va mezbon braziliyalik mashhur xonanda Klaudiya Leytte bilan birga birinchilikning rasmiy - "We Are One"(Ole Ola) qo‘shig‘ini ijro etishi lozim.

Ammo kuni-kecha FIFA rasmiy bayonot bilan chiqib, qo‘shiqchining ochilish marosimida ishtirok etmaslikka qaror qilgani va bunga uning "ijodiy muammolari" sabab bo‘lganini bildirgandi.

Qo‘shiqchining kutilmagan qarori Braziliyada 12 iyun kuni start olajak jahon chempionatiga sanoqli kunlar qolgan bir paytda o‘rtaga chiqqan va dunyo bo‘ylab ko‘plab futbol ishqibozlarining taajjublariga sabab bo‘lgandi.

FIFA mulozimlariga ko‘ra, Jennifer Lopes o‘z qarori sababini to‘liq izohlab o‘tirmagan va faqat buning "ijodiy muammolar" bilan bog‘liq ekanini aytish bilan cheklangan, xolos.

Ammo mashhur qo‘shiqchining nega yana kutilmaganda o‘z fikridan qaytib qolgani sababi ma‘lum emas.

"Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasi va Mahalliy Tashkiliy Qo‘mita yulduzlarning barchasi safda ekanini mamnuniyat bilan izhor qiladi", - deyiladi ularning so‘nggi rasmiy bayonotida.

"Pitbull, Klaudiya Leytte, Jennifer Lopes va Olodum guruhining chiqishi ochilish marosimining naq qiyomiga yetgan nuqtasi bo‘ladi".

Ammo Jennifer Lopesning dastlabki qaror ortidan ham, Pitbull va Leytte albatta ochilish marosimida ishtirok etib, Olodum nog‘orachilar guruhining hamohangligida butun stadionni to‘ldirib, "Biz bittamiz" ashulasini aytib bermoqchi bo‘lishgandi.

San-Pauluda bo‘lib o‘tajak 25 daqiqalik ochilish marosimida akrobatlar, trampolinchi, sharqona kurash ustalari va cho‘p oyoqchilar doxil 600 nafar san‘atkorning o‘z mahoratlarini namoyish etishlari kutilmoqda.

Mezbon Braziliya va Xorvatiya o‘rtasidagi jahon chempionatining ilk uchrashuviga ulanib ketuvchi San-Pauludagi ochilish marosimini esa, "Corinthians Arena" stadionida 60.000 dan ziyod kishi tomosha qiladi.

O‘sha kuni televizor ekranlari qarshisidagi tomoshabinlarning soni butun dunyo bo‘ylab bir milliardga yetishi taxmin etilayotir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.