O‘zbekistonda yana bir shirkat smartfon chiqaradi. Bozor bormi?

Image copyright PA

Telekommunikatsiyalar va raqamli texnologiyalar bozoridagi ahvolni tadqiq va tahlil qiluvchi mustaqil BuddeComm konsalting shirkatining O‘zbekistondagi mobil telefon bozori haqidagi hisobotida aytilishicha, 2012 yil Rossiyaning MTS shirkati mamlakatni tark etganidan so‘ng foydalanuvchilar soni 5 millionga kamaygan.

"MTS shirkati litsenziyasining bekor qilinishi mahalliy bozorda ulkan "bo‘hron"ni keltirib chiqargan".

BuddeComm ga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari tomonidan soliqlarni to‘lamaslik, mahalliy standartlarga rioya qilmaslik va hali litsenziya olinmagan uskunalardan foydalanishda ayblangan MTS bozorning 40 foiziga ega edi.

Shirkat hisob kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil telefondan foydalanuvchilar soni 2006-2011 yillar orasida 1 milliondan 21 millionga qadar oshgan.

MTS chiqib ketishgan majbur bo‘lganidan so‘ng esa 2012 yil oxiriga kelib soni 25 millionga (aholining 91 foizi) yetgan foydalanuvchilar 20 millionga tushib ketgan.

Shirkatga ko‘ra, O‘zbekistonda Internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘lganlar 2013 yili aholining 37 foizini tashkil etgan.

Oddiy telefon liniyasi orqali Internetdan chegarasiz foydalanish xizmatidan (brodband) foydalanuvchilar 1 foiz va mobil telefon orqali Internetdan chegarasiz foydalanuvchilarp soni esa 2012 yilda 21 foizga yetgan.

Ayni vaqtda qator nashrlarning xabar berishlaricha, O‘zbekistonda uchinchi shirkat smartfonlar ishlab chiqarishni boshlaydi.

Mamlakatdagi Internet nashrlariga ko‘ra, Olive Telecom o‘zbek-hind qo‘shma korxonasi yaqin orada ikki nusxadagi mobil telefonlarni taklif etadi.

Avvalroq O‘zbekistonda Artel va UZTE korxonlari smartfonlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandilar. Lekin ularning sifati mijozlarda u qadar qoniqish hosil qilmayotgani aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.