Moskvada "Nafs" filmining quvg‘indagi prodyusseri o‘g‘irlab ketilgan

Image caption Hamidqoriyev 12 iyunda rasman qochqin maqomini olishidan oldin o‘g‘irlab ketilgan

Moskvadagi Memorial huquqni himoya qilish markazining bildirishicha, kecha, 9 iyun kuni kechki soatlarda O‘zbekiston fuqarosi Mirsobir Hamidqoriyev noma‘lum kishilar tomonidan o‘g‘irlangan.

Bundan oldin Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman mahkamasi Hamidqoriyevning shikoyat arizasini o‘rganib, Rossiya Federal Muhojirlik xizmatiga unga qochqinlik maqomini berishni topshirgan. Mahkama qarori 12 iyunda kuchga kirishi kerak bo‘lgan.

O‘zbekistonda Hamidqoriyevga nisbatan "Islom jihodchilari" diniy ekstremistik guruhga aloqadorlik aybi bilan qidiruvga berilgan.

Mirsobir Hamidqoriyev O‘zbekistonda prodyusserlik bilan shug‘ullangan, ta‘qiqqa uchragan "Nafs" filmiga homiylik qilgan.

Hamidqoriyevning o‘zi va himoyachisi unga qo‘yilgan ayblovlar soxta ekanligini ta‘kidlashadi.

Hamidqoriyev O‘zbekiston hukumatining so‘rovi bilan o‘tgan yili avgustda Rossiyada ushlangan. Vaqtinchalik tergov izolyatorida Hamidqoriyev o‘zini O‘zbekistonga topshirilishiga norozilik tariqasida bilak tomirini kesishga uringan.

O‘zbekiston fuqarosining ushlanishi politsiya tomonidan tushunmovchilik bo‘lgani aytilib, 7 avgustda ozod qilingan Hamidqoriyev o‘sha kuni kechqurun migratsiya qonunlarini buzganlikda ayblanib yana hibsga olingan.

Biroq 9 avgustda Golovinskiy mahkamasi Hamidqoriyev faoliyatida O‘zbekistonga topshirish uchun asoslar topilmaganini bildirib, mahkama zalidan ozod qilgan edi.

Aytilishicha, Mirsobir Hamidqoriyev qo‘yib yuborilgach, uni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xodimlari o‘g‘irlashga bir necha bor uringanlar.

Moskvada Mirsobir Hamidqoriyev xotini va bir yoshli o‘g‘li bilan yashab kelgan.

2014 yil 12 mayda Zamoskvorektskiy mahkamasi chiqargan qarorga ko‘ra, Hamidqoriyev Rossiyada qochqinlik maqomini olish huquqini qo‘lga kiritgan.

Uning himoyachisi Illarion Vasilevning aytishicha, Hamidqoriyev yo‘qolib qolgach, uning xotini Basmannoye mahkamasiga murojaat qilgan. Himoyachining o‘zi Ovro‘po mahkamasiga ariza yozib, Hamidqoriyevni O‘zbekistonga topshirilishiga yo‘l qo‘ymasligini so‘ragan.

Hamidqoriyevning ayni paytda qayerdaligi noma‘lum, lekin huquq faollariga ko‘ra, u O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkin.

Mahkama tomonidan O‘zbekistonga berilishi to‘xtatilgan fuqarolar Rossiya politsiyasi yordami bilan O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlanishi doimiy sodir etiladigan holat, deydi huquq faoli Bahrom Hamroyev.

"Memorial" huquqni himoya qilish markazi ham Rossiyaning ko‘magisiz O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy olib chiqib ketish mumkin emasligini aytadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.