Shimoliy Vaziristonga yana AQSh dronlari hujum boshladi

Image copyright AFP
Image caption Amerikaning dron hujumlari aksariyat pokistonliklarning qahru g‘azabi markazida

Amerikaning uchuvchisiz uchoqlari Pokistonda ikki hujumni amalga oshirganlar.

Bu bahslarga sabab bo‘lgan va dekabr oyida AQShning dronlar yordamidagi amaliyotlari to‘xtatilganidan keyingi birinchi qayta hujumidir.

Xabarlarga ko‘ra, kamida 16 nafar jangari qurbon bo‘lgan.

Ayni paytda, Pokiston mahkamasi sobiq prezident Parvez Musharrafga mamlakatni tark etishiga ruxsat berdi.

Karachi mahkamasi Parvez Musharrafning mamlakatni tark etish imkoniyatini berish haqidagi iltimosini qondirib, Pokistondan chiqib ketishi mumkinligi haqida qaror chiqargan.

Mahkama qaroriga hukumat qarshi chiqishi mumkin.

Hukumatning Oliy mahkamaga shikoyat qilishi uchun 15 kun muhlat bor.

Parvez Musharraf 2007 yilda Pokiston konstitutsiyasini to‘xtatish va mamlakatda favqulodda holat joriy etganlikda ayblanadi.

Janob Musharraf shuningdek, davlatga xiyonat qilish va boshqa bir qator jiddiy ayblovlar qarshisida qolmoqda.

Generalning o‘zi barcha ayblovlarni rad qilib, ularning siyosiy mazmundaligini aytadi.

Sobiq prezident o‘tgan yil xorijdan qaytganidan buyon uy qamog‘ida saqlanmoqda. U mamlakatdan chiqish ta‘qiqlangan alohida shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Parvez Musharrafning mamlakatdan chiqishiga ruxsat berilishi AQSh uchoqlari Pokistondagi jangarilar jamloqlarini nishonga olishi bilan bir kunga to‘g‘ri kelgan.

Pokiston hukumati NATO kuchlarining dron hujumlari orqali ko‘plab tinch fuqarolar qurbon bo‘layotganini aytgan.

Bu safar dronlar Afg‘oniston bilan chegaradagi Shimoliy Vaziristonda joylashgan jangarilar lagerlariga yo‘naltirilgan.

Dron amaliyotlarining qaytalashuvi toliblarning ikki kun oldin Karachi aeroportiga qilgan hujumiga javob tariqasida amalga oshirilgan.

Hujumda 10 jangari doxil 39 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi.

Hujumga mas‘uliyatni Pokiston Toliboni, so‘ngra O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z zimmasiga olgan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002