Rossiya: muhojirlar o‘lib kelaversa, oilani kim boqadi?

Keyingi bir yilu to‘rt oy davomida Rossiyaning faqatgina Moskva shahri va Moskva viloyatida 500 nafardan ortiq tojikistonlik mehnat muhojiri va muhojirlarning bolalari dunyodan o‘tgan.

Bu haqda Rossiyadagi "Tojik mehnat muhojiri" ijtimoiy harakati rahbari Karomat Sharipov ma‘lum qiladi.

Ijtimoiy harakatning web-saytida Moskva va uning atrofida vafot etgan tojikistonliklarning to‘liq ro‘yxati keltirilgan. Karomat Sharipovning aytishicha mazkur ro‘yxat Moskvadagi o‘likxonalarning biridan olingan. Agar Rossiya bo‘yicha bu ma‘lumotlar olinadigan bo‘lsa, raqamlar yanada tashvishli ko‘rinishga ega bo‘ladi, deydi u.

Tojikistonlik mehnat muhojirlarining dunyodan erta ketish sabablari turlicha. Lekin ular orasida eng ko‘p uchraydiganlari: yurak xastaligi, ko‘p qavatli binolardan yiqilib o‘lish, do‘pposlash yo o‘tkir-o‘tmas narsalar bilan o‘ldirish, islanish natijasida zaharlanish kabilardir.

Masalan, 21 yoshli Otajon Abdualazizov yuqoridan qulab tushgan va jigari ezilib, jon bergan.

43 yoshli Murtazo Amirbekov ham binodan qulagan va bosh suyagi majaqlangan. 22 yoshli Mahmudjon o‘rozovning hayoti ham ko‘p qavatli imoratdan yiqilishi natijasida uzilgan.

Tahlilchilarning aytishlaricha, qurilish yo boshqa ish ob‘ektlarida ishlab turgan yerida halok bo‘lishlarning sababi aniqlangan bo‘lsa-da, texnika xavfsizligi sharoitlarini yaratib bermagan ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llanmaydi. Qaytaga, ko‘pincha marhumlarning o‘zlari texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslikda ayblanadilar.

Faqatgina ish beruvchilar emas, balki millatchilik yoki irqchilik qilib, inson hayotiga chang solganlar ham ko‘pincha jazodan qutulib qolishadi. "Aksar hollarda jinoyatchilar topilmaydi, topilgan taqdirda ham ularga o‘ta yengil jazo beriladi. Ana shuning uchun ham ko‘cha-ko‘ylarda, shahar tashqarisidagi naqliyotda mehnat muhojirlarini do‘pposlash, o‘ldirib ketish hollari davom etmoqda", deydi tahlilchi Bahrom Ne‘matov.

"Tojik mehnat muhojiri" web-saytida keltirilgan ro‘yxatda ham urib-kaltaklangan, pichoqlanib o‘ldirilgan tojikistonlik soni oz emas.

23 yoshli Tabriz Boboyevning o‘ligi ko‘chada topilgan. Tibbiy xulosada uni qattiq do‘pposlashib, pichoqlab o‘ldirib ketishgani borasida xulosa chiqarilgan. Ellikka yaqinlashib qolgan Hasan Ibrohimov, 55 yoshli Rustam Xalilov ham urib o‘ldirilgan. Rustam Xalilovning tanasi o‘tkir narsa orqali yetkazilgan yaralarga to‘lib ketgan.

Uzundan-uzoq ro‘yxat bilan tanishilganda, mehnat muhojirlari va ularning oila a‘zolarining o‘lim sabablari ko‘pincha aniqlanmay qolgani ko‘rinadi. Aksar hollarda "o‘lim sababi aniqlanmagan", degan uchta so‘z yoziladi, xolos.

Joriy yil aprelida birdaniga halok bo‘lgan besh insonning o‘limining aniqlanmagani ularning tanasi butunlay kuyib ketganligi bilan izohlangan. 38 yoshli Izzatbi Hasanova, 28 yoshli Jamshid Umarov, 30 yoshli Ilhomjon Umarovlar bilan birga ikki bolakay – uch yashar Xurshid Hasanov va bir yoshli Bibisoro Hasanovalar ham kuyib, halok bo‘lishgan.

Men guldek ikki yosh bolaning juda erta so‘lgani haqida o‘ylar ekanman, bundan bir necha yil oldin Sug‘d viloyatining Spitamen tumanida yashaydigan oila boshiga tushgan fojiani eslayman. o‘shanda Surgut shahri yaqinida ishlayotgan er-xotin bilan birga ularning bir o‘g‘li va ikki qizi ham o‘ldirilib, yoqib yuborilgandi. Marhumlarning tug‘ilgan makoniga faqat kuli ko‘mish uchun yuborilgandi.

Shu hafta esa G‘afurov tumani qishloqlaridan biriga Rossiyadan to‘rt yoshli o‘g‘il bolaninig o‘ligi keltirilib, ko‘mildi. Og‘ir xastalikka chalingan bola Rossiyadagi bemorxonalardan birida jon beribdi. Rossiyaga ishlash uchun borgan ota-onasi uni o‘zlari bilan olib ketgan bo‘lganlar.

"To‘g‘ri, Tojikistonning o‘zida ham umrini yashab dunyodan o‘tish bilan birga kutilmaganda og‘rib qolib, shifo topmasdan hayotdan ko‘z yumish, avtomobil falokatiga uchrab, pichoqlanish, otib o‘ldirish natijasida xalok bo‘lishlar yo‘q emas. Lekin bu butunlay boshqa masala. Rossiyaga oila tebratish uchun borib, dunyodan bevaqt o‘tish esa, butunlay boshqa masala", deydi tahlilchi Bahrom Ne‘matov.

Chorasizlik

Shu bilan birga tahlilchi Rossiyadan og‘ir xastaliklar orttirib kelayotganlar tobora ko‘payib borayotganligini ta‘kidlaydi. Uning aytishicha ayniqsa, shamollash natijasida orttirilgan xastaliklar, yurak og‘rig‘i va bavosil ko‘paygan.

"VICh orttirib kelib, Tojikistonda uni oilasiga yuqtirayotganlar, otaning aybi bilan dunyoga VICh bilan tug‘ilayotgan bolalar haqida faqatgina bir necha yildan buyon ochiqroq

gapiriladigan bo‘lindi", deydi tahlilchi.

"Biz jamoatchilik diqqatini Rossiyada dunyodan o‘tgan tojik mehnat muhojirlariga tortmoqchimiz. Bunda faqatgina Moskva shahri va Moskva viloyatida yashab-ishlagan tojikistonliklar haqida ma‘lumotlar keltiryapmiz. Ularning soni esa, besh yuz nafardan ortiq. Agar bu yo‘qotishlarni dunyoning "olovli nuqtalari"dagi insoniy talafotlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, vaziyatning chinakam tashvishli ekanligi ma‘lum bo‘ladi. Masalan, AQSh o‘zining Afg‘onistondagi ko‘p yillik urushi davomida 1000 nafar atrofida odamini yo‘kotgan", deya yozadi Karomat Sharipov.

Bu ro‘yxat e‘lon qilinar ekan, "Tojik mehnat muhojiri" harakati qatnashchilari Tojikiston va Rossiyaning birinchi shaxslari e‘tiborini Rossiyada yashab-ishlash tojik muhojirlari uchun o‘lim boisiga aylanayotganiga qaratishga intilishgan.

"Tojikistonning yosh, mehnatga layoqatli fuqarolari ish joylarida, naqliyot g‘ildiraklari ostiga tushib, ekstremistlarning qurboniga aylanib, halok bo‘lishmokda", deydi Karomat Sharipov.

Harakat qatnishchilari mehnat muhojirligida kun o‘tkazayotgan xalq jasorati abadiylashtirishi va Dushanbeda mehnat muhojiri yodgorligi o‘rnatish uchun bong urishayotganilari, lekin ovozlarini hech kim eshitmayotganini ta‘kidlashgan.

"Agar tegishli hukumat tizimlari hech bo‘lmaganda u-bu choralarni qo‘rishganda 500 o‘limdan aqalli yarmi sodir bo‘lmagan bo‘lardi", deb fikr bildirgan tojikistonliklardan biri mahalliy web-saytlardan birida.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002