BBC mehmoni - Burhon Qovunchi

BBC: BBCning bu galgi mehmoni - Turkiyadagi taniqli jamoat arbobi, Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyatining Raisi Burhon Qovunchi. Assalomu alaykum Burhon aka!

Burhon Qovunchi: Vaalaykum assalom, xush bo‘ldik!

BBC: Suhbatni Londonda yashayotgan Shahnozaning savollari bilan boshlasak: "Asli O‘zbekistonlik ekansiz, oilangiz tarixi haqida gapirib bersangiz? Va agar sir bo‘lmasa, nima uchun ismi sharifingiz Qovunchi? Hozir O‘zbekistondagi qarindoshlaringiz bilan bordi-keldingiz bormi?" Yana Londondan Ben ismi bilan xat yo‘llagan tinglovchimiz ham: "Nimaga Qovunchi ismini olgansizlar, deb so‘raganlar".

Burhon Qovunchi: Men Turkiyada tug‘ilganman, oilam esa, Turkistondan hijrat qilib Turkiyaga kelishgan. Otam Hamid Qovunchi va bobom Abdurrahman Qovunchi Namanganning Qovunchi qishloqida tug‘ilishgan. Qovunchi qishlog‘i hozir Namanganning bir mahallasidir. Namanganning qovunlari mashhur bo‘lib, eng katta va shirinlari Qovunchi qishlog‘ida yetishgan. Abdurrahman bobom diniy tahsil uchun Madinaga borgan va u joyda joylashgan. Madinada payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad (sav)ning qabri sharifi ham bor. Madinada Buxoroliklar nomi bilan yashaydigan Turkistonliklar ko‘pdir. Jahon urushidan keyin Madinadagi Buxoroliklarning yo‘lboshchilari Turkiyaga hijrat qildilar. Onam Oyxon xonim Qo‘qonning Beshariq tumanida tug‘ilganlar. Otasi Nasrulloh afandi Hindistonda tahsil olgan va Qo‘qonda "hojalar va eshonlar" nomi bilan mashhurdirlar. Bobom Nasrulloh afandi Rus ishg‘oliga qarshi kurashish uchun Bosmachi (Qo‘rboshilar) harakatida qatnashgani va Sibirda qamoqda 8 yil yotgan. Qamoqdan keyin avval Tojikistonga keyin Afg‘onistonning Mozori Sharif va Qabul shaharlariga joylashgan. Turkiyaga hijrat qilganlarida (1938 yilda) onam Oyxon honim to‘qqiz 9 yoshida ekan. O‘zbekistonda qarindoshlarimiz bor, ular bilan bordi-keldimiz ham bor. Toshkantda, Qo‘qonda, Namanganda qarindoshlarimiz bor.

BBC: Istanbuldan Abdurrahmon Muhammad ham: "Assalomu alaykum hurmatli Burhon Qovunchi! Jamiyatingizning asosiy maqsadi nimadan iborat?

Burhon Qovunchi: Vaalaykum assalom. Jamiyatimizning asosiy maqsadi muhojirotdagi Turkistonliklarga ilmiy-marifiy, ijtimoiy-huquqiy yordam berishdir. Oliy maqsadimiz esa, buyuk Turkiston ozodligi, haqiqiy mustaqilligi, vatanimizda Islom madaniyatining qayta tiklanishi, Turkistonliklar erkin va e‘tiborli insonlar bo‘lib yashashlaridir. Bu oliy maqsadlar ichida albatta siyosiy fikrlar ham mavjuddir. Ammo, bizga ko‘ra avvalo madaniy, ilmiy, ijtimoiy, diniy taraqqiyot avvalgi vazifalar hisoblanadi.

BBC: Aytish joiz bo‘lsa, Turkiston hududida joylashgan har bir mamlakatda o‘ziga xos milliy g‘oyalar bor va bu milliy g‘oyalar ba‘zi holatlarda bir-biriga mos tushmaydi. Shu ma‘noda Londondan Ben yana: "Turkiston birligi endi kitoblarda o‘qiladigan bir narsadek", deydi va: "... millatlarni qanday qilib hamkorlikka chaqirasiz", deb so‘raydi.

Burhon Qovunchi: Biz Turkistondagi, ya‘ni O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondagi yurtdoshlarimizni islomiy qarindoshlikka chaqiramiz. Turkiston qarindoshligi, Islom qarindoshligi butun muammolarning yechimi uchun kafolatdir, inshaAllah.

BBC: Burhon aka, mana tashkilotlaringiz nomini Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati deb atagansizlar, Markaziy Osiyo davlatlaridan qaysi biri bilan rasmiy aloqalaringiz bor?

Burhon Qovunchi: Bizning jamiyatimiz sivil, ya‘ni fuqaroviy jamiyatdir. Ya‘ni, nohukumat tashkilot. Davlatlar bilan rasmiy aloqa bo‘lsa, fuqaroviy jamiyat hisoblanmaydi. Ammo, bunday jamiyatlar xalqning muammolarini, talablarini, istaklarini hukumatlarga bildirish uchun faoliyat olib borishadi. Bizning jamiyatimiz muhojirotdagi yurtdoshlarimizning muammolarini yechish uchun ish olib bormoqda. Ba‘zi masalalarda Istanbuldagi konsullarga murojaat etamiz.

BBC: O‘zbekiston bilan-chi, qandaydir aloqalarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘la olganmisizlar? Agar aloqalar bo‘lmasa, bunga nima xalaqit beradi?

Burhon Qovunchi: O‘zbekiston hukumati bilan rasmiy aloqalarimiz yo‘q, ammo juda ko‘p O‘zbek birodarlarimiz va O‘zbek ziyolilari bilan yaxshi aloqalarimiz bor. Zotan, biz uchun rasmiy hukumat bilan emas, xalqning haqiqiy vakillari bilan aloqa qilish muhimdir.

BBC: Istanbuldan Abdurrahmon Muhammadning ikkinchi savoli: "Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyatni qanday baholaysiz?"

Burhon Qovunchi: Turkiston - bizning ota-bobolarimizning vatani faqat hozir emas, 500 yildan beri bunday ayanchli holatdadir. Amir Temurning, Ulug‘bekning va Ibn Sinolarning nevaralari hozir kambag‘al, faqir holatda ish topish uchun Moskvada bir-birlari bilan urishib yurgan johil odamlar bo‘lib qolishgan. Sharqiy Turkistonda Chinning zulmidan ingragan yurtdoshlarimizning faryodi dunyoga tarqalmoqda. O‘zbekistondagi zulm, Xitoydagi zulmdan aslo kam emas.

BBC: Endi mana Turkiston deb atayotgan hududda joylashgan mamlakatlar o‘rtasidagi mavjud munosabatlardan va u yerdagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, jamiyatingiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yeta oladi deyish mumkinmi? Bu nomni istamaydigan davlatlar ham yo‘q emas mintaqada, xususan, Tojikiston va Afg‘onistonni olsak...

Burhon Qovunchi: Bizning maqsadlarimiz juda uzoq bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin bu yerda ikki xususni ta‘kidlashni istayman. Birinchisi, 1950 yillarda tug‘ilganlar orasida Turkiston ismi ma‘lum edi. Bir Kirg‘iz, bir Qozoq bir Qashg‘arli "men Turkistonlikman" der edi. Hozir Turkiston nomi unutildi, unuttirildi. Buni qayta xotirlatishni kun tartibiga keltirish qiyin bir ish emasku. 60 - 70 yil oldin mumkin bo‘lgan ish, albatta, hozir ham mumkindir. Ikkinchisi, Turkistonning birligi avvalo xalqlarning birligidir. Biz bu joyga kelayotgan O‘zbeklarga, Qirg‘izlarga, Qozoqlarga ular Turkistonlik ekanlarini eslatamiz. Nihoiy o‘laroq ayri-ayri davlatlar, bayroqlar, chegaralar "siz o‘zingiz va ota bobolaringiz o‘ylab topgan narsalardan boshqa narsa emasdir" deymiz (Yusuf surasi, 40 oyat). Bugun "xalqlarning birodarligi" shiori yuksalmoqda. Butun Musulmonlar bir-birlariga birodardirlar. Bizning ayri-ayri, parcha-parcha bo‘lishimiz diktatorlarga va imperalist davlatlarga xizmat etmoqda. 2010 yilda "Qirg‘iziston fojeasi", deb aytilgan voqealarda minglarcha turkistonliklar o‘ldi. Turkiston uchun kurashish bunday jaholatlarning bitishi, qayta takrorlanmasligi uchun kurashish demakdir. Bu fojealar, bu jaholatlar naqadar haqiqat esa, ularga qarshu kurashish ham shu qadar haqiqatdir. Shuning uchun ham, Turkiston bir xayoldan iborat emasdir. Ming yildan beri bor bo‘lgan bir haqiqatdir. Turkiston uchun kurashish bugungi kunda O‘rta Osiyodagi xalqlarimiz orasida tinchlik va birodarlikni o‘rnatish uchun kurashishni bildiradi.

BBC: Endi bu kurashni qanday amalga oshirmoqchisizlar?

Burhon Qovunchi: Turkistonga, ya‘ni vatanimizga bu masalada ko‘p da‘vatlar qilayapmiz. Ommaviy axborot vositalarida, internetdan da‘vat qilyapmiz. Rusiyadagi, Amerikadagi, arab davlatlaridagi Turkistonliklar bilan aloqani tikladik. O‘rta Osiyodan kelgan tijoratchilar bilan uchrashib, ularga maqsadlarimizni tushuntirayapmiz. Bu orqali da‘vatimizni xalqimizga yetkazishga urinayapmiz. Yaqinda bu mamlakatlarda ham jamiyatimizning bo‘limlarini ochishni rejalashtirganmiz. Biz Stanbulda o‘tkazgan Turkiston qurultoyi kabi qurultoylar, ziyolilar uchrashuvlarini o‘tkazmoqchimiz.

BBC: Shvetsiyadan Muhammadsolihning savollarini o‘qib bersam: "Burhon aka, Turkiyada turkiy davlatlar ishtirokidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Bu sammit davlat rahbarlari ishtirokida bo‘ldi. Shu uchrashuv doirasida sizning tashkilot hukumat bilan birga o‘sha davlatlar yozuvchi, ziyolilari orasida, bordi-keldi qilib, madaniy-ijtimoiy integratsiya jarayoniga hissa qo‘shsa bo‘lmaydimi?"

Burhon Qovunchi: Turkiy davlatlar ishtirokidagi sammit va yaqinlashishlar albatta yaxshi faoliyatlardir. Biz bularga bog‘liq bo‘lmasdan ham o‘zaro aloqalar qilishimiz kerak. Shunday uchrashuvlar doirasida ham munosabatlar qilish mumkin. InshaAlloh Turkiyadagi rasmiy maqomlarga murojaat qilamiz. Turkistondagi Madaniy va Ijtimoiy birlik uchun ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Turkistonning yozuvchilari va ziyolilari orasida yaxshi munosabatlar o‘rnatilsa, davlatlar orasida ham munosabatlar ham yanada sog‘lom va doimiy bo‘lishi mumkin inshaAlloh.

BBC: Muhammadsolih yana: "O‘zbekistonni bu sammitga kelmaganini qanday izohlaysiz?" deb so‘rayaptilar.

Burhon Qovunchi: Turkiy davlatlar ishtirokida sammitlarning oxirgisi Turkiyada o‘tgan Turk Konseyi sammitidir. Bularda O‘zbekiston qatnashmadi. O‘zbekiston rahbariyati esa, qo‘shni davlatlarning hech biri bilan yaxshi aloqa qilmaydi. Ularning aloqasi ba‘zan Rusiya bilan, Chin bilan, ba‘zan ham AQSh bilan, NATO bilan bo‘ladi. Islom Karimovning hukumati Turkiya bilan yaxshi munosabat qilmaydi. O‘z xalqi bilan ham yaxshi munosabati yo‘q. Bunday sammitlar faqat Turkiy davlatlar orasida emas, umummusulmonlar orasida ham bo‘lsa, yana yaxshi bo‘ladi. Turkistonning birligi uchun Islomiy ittifoqlar ham nihoyatda muhimdir. Chunki, Turkistonda turkiy tilda gapirmaydigan xalqlar ham bor, Tojiklar, Pashtunlar kabi. Bizning uchun xalqlar orasidagi aloqalar yanada muhimdir. Turkiston xalqlari orasidagi aloqalar aslida yaxshidir. Xalqlarimizning tili birdir, undan-da muhimi dini ham birdir.

BBC: Qiziqarli suhbat uchun katta rahmat!

Burhon Qovunchi: Siz ham sog‘ bo‘ling. Turkiston xalqlarining hammasiga salom yo‘llang.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.