Iroq: jihodchilar favqulodda tezlik bilan ilgarilamoqda

Image caption Malikiy hukumati Iroq shimolida nazoratni butunlay qo‘ldan boy bergan

Iroq parlamenti Bosh vazir Nuri Malikiyning o‘ziga favqulodda vakolatlar berish haqidagi so‘rovi yuzasidan ovoz berishni kechiktirgan.

325 deputatdan bor-yo‘g‘i 128 nafari majlisda qatnashgan, xolos.

Janob Malikiy parlamentdan komendantlik soati joriy etish, fuqarolarning harakatlanishi va matbuot erkinligini cheklash singari vakolatlarni so‘rayotgani aytiladi.

Bag‘doddagi hukumat Iroq shimolida nazoratni butunlay qo‘ldan boy bergan.

Kurd jangchilari neftga boy Kirkuk shahridan sunniy jangarilarni chiqib chiqarishganini aytishmoqda.

Chorshanba kuni Mosul va Kirkuk shaharlari "Iroq va Shom Islomiy Davlati" qo‘liga o‘tgan edi.

Kurd jangchilariga ko‘ra, Kirkukdagi hukumat kuchlari o‘z mavqe‘larini tashlab qochgan.

Avvalroq Mosulda ham shunday manzara kuzatilgandi.

BBC muxbiri Pol Vud (Paul Wood)ga ko‘ra, jihodchilarning katta tezlik bilan ilgarilashi Iroq hukumati va uning g‘arbdagi ittifoqchilarini larzaga solgan.

Yordam

Amerika Qo‘shma Shtatlari Iroq hukumatiga islomiy jangarilarga qarshi kurashda yordam berishga tayyorligini bildirgan, ammo tafsilotlarni oshkor qilmagan.

AQSh Davlat Departamenti voizi Jen Psaki Vashington ISIS ("Iroq va Shom Islomiy Davlati"-tahr.)ning tajovuziga qarshi birgalikda harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Iroq hukumati bilan ishlashga" tayyorligini aytgan.

Nyu York Taymsning yozishicha, Iroq isyonchilarni bartaraf etish uchun Amerika dronlarini so‘ragan, ammo Obama ma‘muriyati hozirga qadar bu so‘rovni rad etib kelayotgan edi.

Avvalroq BMT Xavfsizlik Kengashi Iroqning ikki yirik shaharlari- Mosul va Tikritga islomiy jangarilar hujumini qoralagan.

Birlashgan Millatlarga ko‘ra, yarim millionga qadar odamlar uylarini tashlab chiqqan Mosulda vaziyat borgan sari yomonlashmoqda.

BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun xalqaro hamjamiyatni "mashaqqatli damlarda Iroq bilan birdamlikka" chaqirgan.

Xavfsizlik Kengashi shuningdek, Mosuldagi Turkiya konsulligi xodimlarining garovga olinishini ham qoralagan.

Turkiya Bosh konsuli doxil, 50 yaqin turk fuqarolari jangarilar tomonidan ushlab turilibdi.

Mosulda jangarilar ko‘chalarda shialarga xavf yo‘qligini aytib, ularni shahardan qochmaslikka da‘vat qilayotganlari aytiladi.

Iroqning o‘zidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hukumat kuchlari jangarilarning poytaxt Bag‘doddan 110 kilometr shimolda joylashgan yana bir shahar Samarraga tomon ilgarilashini to‘xtatib qolgan.

Al-Qoidaning bir tarmog‘i deb ishonilgan "Iroq va Shom Islomiy Davlati" (IShID) va boshqa sunniy musulmon jangarilari Mosuldan so‘ng chorshanba kuni Saddam Husaynning tug‘ilgan shahri bo‘lgan Tikritni ham zabt etganlar.

Image copyright AFP
Image caption "Iroq va Shom Islomiy Davlati" yana bir yirik hujumga hozirlanayotgani aytiladi
Image caption Yarim million odam Mosulni tashlab chiqqan

Mintaqada "sunniy anklav" yaratishga urinayotgani aytiladigan guruh shuningdek, Suriya sharqi va markaziy hamda g‘arbiy Iroqda yirik hududlarni nazorat qiladi.

IShID voizi jangchilarni shia musulmonlari ko‘pchilikni tashkil etadigan Bag‘dod va janubiy shaharlar tomon yurishga chaqirgan.

Guruh shialarni "kofirlar" deb biladi.

BBC muxbiri Jim Muirning kurdlar nazorati ostidagi Irbil shahridan xabar qilishicha, jangarilar va ularning ittifoqchilari Mosulga qo‘shni hududlarda o‘zining jangovar kuchlariga ega bo‘lgan Iroq kurdlari bilan to‘qnashmaslikka harakat qilayotgan ko‘rinadilar.

Hozirda janglar to‘xtagan bo‘lsa-da, jangarilar g‘arbdan yirik hujumga hozirlik ko‘rayotganlarining belgilari mavjud.

G‘arbda ular poytaxt Bag‘doddan 69 kilometr uzoqlikdagi Falluja shahrini nazorat qiladilar.

Chorshanba kuni politsiya binolariga o‘t qo‘yilgan, yuzlab mahbuslar qamoqxonalardan chiqarib yuborilgan.

Mosul hokimi shahardan qochgan, armiya kuchlari o‘z xizmat maskanlarini tashlab ketganlar.

Mahalliy fuqarolarga ko‘ra, jangarilar shahardagi ma‘muriy binolar ustiga o‘zlarining qora bayroqlarini osganlar.

Ular ovoz kuchaytirgichlar yordamida Mosulni ozod qilishga kelganlarini e‘lon qilishgan.

Iroq Bosh vaziri Nuri Malikiy jangarilarning hujumlarini qaytarish va o‘z postlarini tashlab qochgan politsiya va harbiylarni jazolashga va‘da bergan.

Janob Malikiy Iroq parlamentidan mamlakatda favqulodda holat e‘lon qilishni so‘ragan.

Iroqdagi mazhablararo urushda birgina o‘tgan may oyida 800 kishi o‘ldirilgan, ularning 600 dan ko‘pi tinch fuqarolardir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.