Sayyoh blogi: "To‘ylar muborak" yoki Urumchining to‘ylari

Image copyright news.cn

Mamtimin akamiz gap topib keldilar: "Shanba kunga vaqtingiz chiqamdu? Qarindoshim to‘y bermaqchi, boramsiz?".

Tang qilib o‘tiramanmi!. Qardoshlar to‘yini ham bir ko‘rib qo‘yaylik. Rozi bo‘ldim. Belgilangan vaqtda bordik. Shahar markazidagi restoranlarning to‘rtinchi qavatidagi keng zalga joy hozirlangan. Kamida ming kishiga o‘rin bor-ov! Kiraverishda to‘y sohiblari – hammalari kostyumlarining ko‘krak ustiga gul taqib olishgan – bizni yorug‘ yuz bilan qarshilashdi. Mamtimin aka meni tanishtirib yubordi:

-Ozbekistandin mihman!. Toshkandin kelgan!

O‘zbekistondan mehmon kelgani mezbonlarni ancha xursand qilib yubordi shekilli, mulozamatlar yanada quyuqlashib ketdi. "O‘tkan kunlar"da Otabekning Marg‘ilondagi majlisda qanday "tansiqlanganini" tuygundek bo‘ldim. Mezbonlar bizni darrov yuqoriga o‘tqizib yuborishdi.

Shaharda yursangiz shunchalik ko‘p uyg‘urlarni ko‘rmaysiz. Bu yerda esa jamiyatning turli tabaqalariga mansub qardoshlarni uchratasiz – ziyolilar, idora xizmatchilari, ishbilarmonlar, bozorchilar va yana men bilmaydigan kasb-kor egalari. O‘zimni Toshkentdagi restoranlardan birida o‘tirgandek his qilaman. Agar chetdan kelgan boshqa kishiga "siz Xitoydasiz!", deyilsa atrofdagi chehralarni ko‘rib, hech ishonmasa kerak. Anjumanda birorta xitoyini topolmaysiz.

Zalning bir tomonida erkaklar, ikkinchi tomonida ayollar o‘tirishgan, har ikki tomonni o‘rtadagi davra ajratib turardi. Hofiz yigitlar avvaliga musiqalarni chalib turishdi. Keyin ulardan biri o‘rtaga chiqib, sho‘x-sho‘x qo‘shiqlardan kuylab yubordi.

Biz bilan bir stolda o‘tirgan qardoshlar darrov e‘tiborlarini qaratishdi. Ulardan biri, yoshi 50-55 yoshlardagi, to‘ladan kelgan, oq sochlari orqaga taralgan kishi qiziqish bilan so‘rab qoldi:

-Siz mushu yerning ozbegimi, Ozbekistanning ozbegimi?

-Xudo xohlasa, O‘zbekistonning o‘zbegi, aka, - javob berdim men.

-Man ham ozbek, dadamning dadasi Toshkandin bo‘lg‘an, man shu yerga kep qalg‘an...

-Siz Urumchida ishlamusiz? –so‘rab qoldi boshqa bir kishi.

-Qardoshlarni bir ziyorat qilay deb keluvdim, - dedim.

-Bak ajoyib ish bo‘libdu, bak ma‘qul bo‘libdu!..

Tashqarida paq-puq, qasur-qusur ovozlar eshitildiyu suhbatimiz shu yerga kelganida uzilib qoldi. Odamlar o‘rnilaridan turib ketishdi. Nima ekan, deb men ham o‘rnimdan turdim. Qarasam kelin-kuyov kirib kelishayapti. Ularning ortida bizning aytganda kuyov navkarlar va kelinning dugonalari. E‘tiborimni tortgani – kelin dugonalari bari qizil ko‘ylakda. Kuyov jo‘ralar o‘ynab kelishar, atrofdagilar esa qarsak chalishni boshlavorishdi. Hofiz yigit ham darrov yangi qo‘shiqni boshladi: "To‘ylar muborak". Bizdagisidan tamom farqli, ham so‘zi, ham kuyi, ammo ma‘nosi ayni. Kuyov jo‘ralar bir muddat davrani qizitishib, obdon raqsga tushishgach, joylarini egallab olishdi. Kuyovning so‘l tomonida uning jo‘ralari, kelinning o‘ng tomonida uning dugonalari.

Hofiz yigit qo‘shiqni tugatishi bilan kelin-kuyov o‘rnilaridan turishib, davraga qaytishdi. Mamtimin aka buni izohlab qoldi:

-Kelinning "yuz ochdisi" bo‘lidu...

Kuyov yigit kelinning yuzidagi harir pardani asta ko‘tarib qo‘ydi... Kuyov jo‘ralar va kelin dugonalari yana davraga qaytishdi. Bir-birilarini surishib, itarishib kelin-kuyovning ortidan o‘rin olishib, rasmga tusha ketishdi. Xayolimga kelgan o‘ydan beixtiyor jilmaydim: Kelin-kuyov ishtirokida fotosessiya! Suratga tushish yakunlangach, hamma yana joy-joyini egallab oldi.

Shundan keyin dasturxondagi qand-qurs, meva-chevalar yig‘ishtirilib, uyg‘urning turfa taomlari tortila boshlandi: qovurilgan lag‘mon, yaxna go‘shtli taom, palov, kartoshka va go‘shtdan tayyorlangan qovurma, qayla ustiga terilgan qaynatilgan, ko‘rinishidan mantiga o‘xshab ketadigan non, qaynatilgan oshqovoq... Xullas, to‘garak stol to‘lguncha idishlar kelaverdi. Bo‘shaganlari olinib, o‘rniga men nomini bilmaydigan boshqalari keltirilaverdi. An‘anaviy uyg‘ur dasturxoniga bir vaqtning o‘zida ko‘p taom – tomoq tortilishi ko‘pchilikka ma‘lum.

Image copyright pulitzercentre.org
Image caption Uyg‘ur to‘ylari ham "To‘ylar muborak" sadosi ostida o‘tadi

Hofiz yigit to‘yxonaga tashrif buyurgan mehmonlarning yoshiga qarab qo‘shiqlarini – naxshalarini tanlab-tanlab ayta boshladi. Avvaliga: "endi cho‘ngla chiqsun!", deb e‘lon qilib qo‘ydida katta yoshdagilar uchun qo‘shiq kuylay boshladi. Yoshi katta erkaklar darrov o‘rnilaridan turishib, bir-birilariga qiziq-qiziq muqomlar qilishganlaricha o‘yinga tusha ketishdi.

Keyin navbat yoshlarga berildi. Ular uchun maxsus o‘ynoqi qo‘shiq yangradi. Ayniqsa kuyov jo‘ralariga xudo berdi-qo‘ydi. Shunday sakrashib, jo‘shib raqsga tushishdi.

Yonimdagi Mamtimin aka asta nuqib, dedi:

-Voy juring-a, o‘ynang! Ozbekla usulga bak usta bo‘lidu!..

Mamtimin aka ancha "qizib" olgan. Angishvonadan sal kattaroq idishga "oqi"dan quyib, yaqindagina tanishib, hamqadahiga aylangan kishiga uzatadi. O‘zi birinchi bo‘lib ko‘tarishdan oldin:

-Xo‘sh-a! – deb qo‘yadi.

Bu xuddi "oldik", degani bilan barobar ekan.

Qora kostyum-shim, bizning Chust do‘ppiga o‘xshashib ketadigan do‘ppi kiyib olgan kuyov bola kelinni yolg‘iz qoldirib, davra aylanib, kelgan tanish-bilish mehmonlar bilan omonlashib yurganiga ko‘zim tushib qoldi. Go‘yoki u o‘z to‘yida emas, qandaydir bazmga borib qolgan-u uzoq ko‘rmagan ulfatlarini uchratib qolgandek. Obdon qo‘l siqishib, hazil-huzul qilib, navbatdagi mehmonlar to‘piga boradi.

Davra bir muddat tinchib qolgandek bo‘ldi. Keyin davraga kelinning dugonalaridan biri chiqib, sho‘x bir qo‘shiqqa raqsga tushadi. Uning harakatlari juda go‘zal.

Hofiz endi ruscha qo‘shiqni boshlaydi. Keyin bilsam bu odatiy bir hol bo‘lib, unda mehmonlar davraga juft-juft bo‘lib chiqishib, raqsga, aniqrog‘i valsga tushisharkan. Aksariyat ayollar bir-birlari bilan juft bo‘lib olishgan, ular orasida bir-ikkita erkak-ayol jufti ham bor. Ketma-ket ikkita shunday qo‘shiqqa juftliklar raqsga tushishgach, nazarimda to‘yning rasmiy qismi tugadi. Mehmonlar yaxshi niyat tilashib, duo qilishib, o‘rnilaridan tura ketishdi.

Kelin dugonalari va kuyov jo‘ralari qolishgach, haqiqiy diskoteka boshlanib ketdi o‘ziyam. G‘arb ohanglari, o‘yinlari... O‘zimni xuddi tungi klubga kelib qolgandek his qildim.

Mamtimin akaning "ketamduq", deganidan o‘rnimdan turdim. Yaxshi o‘ylar bilan to‘yxonani tark etdik. Ketish oldidan ham mulozamatlar quyuqlashdi. Bizni zinaga qadar kuzatib qo‘yishdi.

Har hil o‘y-xayollar ichida to‘yxonani tark etdik. To‘ylar bo‘laversin, bazmlar to‘xtamasin...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.