CPJ: Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilishi kerak!

Qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi Bishkek shahar mahkamasining 12 iyunda Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishni rad qilganidan xavotir bildirgan.

Xalqaro tashkilot Qirg‘iziston Oliy mahkamasini Bishkek shahar mahkamasi qarorini kassatsiya tartibida bekor qilish va qamoqdagi huquq faoli Azimjon Asqarov ishini yangitdan tekshirishga chaqirgan.

Qirg‘iziston hukumatini Asqarov ishida adolatni qaror toptirishni quvvatlashga chaqiramiz, deydi

Ovro‘poda jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi va Markaziy Osiyoda loyihalar kuzatuvchisi Nina Ognyanova.

Azimjon Asqarovning ishini ko‘rishni so‘rayotgan himoyachi Oliy mahkamaga shikoyat qilishini bildirgan.

Bundan oldin Oktyabr tuman mahkamasi Asqarov ishi bo‘yicha ishni qayta ko‘rish haqida qaror chiqargan edi.

Bishkek shahar mahkamasiga ko‘ra, ayblov hukmi Oliy mahkama tomonidan chiqarilgan va ishni qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj yo‘q.

O‘tgan yil may oyida huquq faollarining harakatlari natijasida Bosh Prokuratura Asqarov ishini o‘rganish guruhini tuzishga majbur bo‘lgan. Tekshiruv 9 oy davom etgan. Biroq 2014 yil fevral oyida prokuror o‘rinbosari tekshirishni qaytadan boshlash uchun asos yo‘qligini aytib, ishni to‘xtatgan edi.

Qirg‘izistonda o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov 2010 yil iyun voqealari payti etnik nizolarni qo‘zg‘ash va qotillikka aloqadorlik bilan hibsga olingan.

Dastlab 2010 yil 15 sentyabrda Jalolobod viloyati Nooken tuman mahkamasi unga qo‘yilgan ayblovlar isbotlanganini aytib, mol-mulkini musodara etish bilan bir umrlik qamoq jazosi tayinlagan. Shikoyat arizasidan keyin ishni qayta ko‘rib chiqqan Oliy mahkama qarorni o‘z kuchida qoldirgan edi.

O‘shandan buyon xalqaro tashkilotlar va huquq faollari Azimjon Asqarov kasbiy faoliyati tufayli soxta ayblovlar bilan nohaq qamalganini aytib keladilar va Qirg‘iziston hukumatini adolatli yo‘l tutishga chaqiradilar.

Mahalliy inson huquqlari faollari va Asqarovning do‘stlariga ko‘ra, unga berilgan jazo qirg‘iz huquq-tartibot organlarining qasddan qilayotgan amalidir.

Azimjon Asqarov 2010 yil 10 iyunda boshlangan Qirg‘iziston janubidagi zo‘ravonliklarni, hamda o‘zbek mahallalariga uyushtirilgan bosqinchilik harakatlarini video, audio va fotosuratlar bilan hujjatlashtirgan.

Uning ba‘zi video materiallari internetda chop qilingan, ammo aksar materiallari tergov tomonidan tortib olingan.

Himoyachilar va faollar tomonidan Azimjon Asqarov aybini ko‘rsatadigan dalillarning yetarli emasligi, hibsda unga nisbatan qator qonunbuzarliklar sodir etilgani va qiynoqlarga duchor etilgani ko‘rsatiladi.

Tartibsizliklarni uyushtirganlik va militsiya xodimini o‘limiga aloqadorlik bilan bir umrga ozodlikdan mahrum qilingan Azimjon Asqarov ayni paytda Bishkek shahar qamoqxonasida saqlanmoqda.

Huquq faollari va Asqarovning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovlar soxtaligi, ular asosan siyosiy va etnik mazmundaligini ta‘kidlab keladi. Shuningdek Qirg‘izistonning sobiq ombudsmeni Tursunbek Oqin ham Azimjon Asqarovning aybi isbotlanmaganini aytgan edi.

2012 yil Azimjon Asqarov Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining matbuot erkinligi mukofotiga loyiq topilgan. Qo‘mita mukofotni Azimjon Asqarov turmadan chiqquniga qadar saqlab turilishini va uning shaxsan o‘ziga topshirilishini aytgan.

Kuzatuvchilar Azimjon Asqarovning ishi qayta ko‘rib chiqishga erishilgan taqdirda ham, ish yana dastlab hukm chiqargan idoraga berilishi, natija esa avvalgidek o‘zgarmay qolishi mumkinligidan xavotir bildirishadi.

Azimjon Asqarovning o‘zi o‘tgan yili BMT Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga maktub yozib, adolatni qaror toptirishda ko‘mak so‘ragan edi.

Ayni paytda Asqarov ishi BMTning inson huquqlari qo‘mitasida o‘rganilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.