Oyatullo: "Shialar, sunniy jangarilarga qarshi qurollaning!"

Image copyright AFP
Image caption Sunniy jangarilari Iroqning yangidan-yangi hududlarini egallashmoqda

Sunniy Islomiy jangarilar Iroqda qator mintaqalarni egallab, poytaxt Bag‘dod tarafga yurishayotgani haqida aytarkanlar, mamlakatdagi mazhabiy tanglik yangi cho‘qqisiga chiqqan.

Iroq shialari oliy rahbari Oyatullo Ali Sistoniy ushbu sunniy jangarilarga qarshi shialar qo‘llariga qurol olib kurashsinlar, deb chaqirib chiqdi.

Oyatullo chaqirig‘i esa shialar uchun katta ta‘sirga ega.

Oldinroq aksar sunniylar, xususan, kurdlar va turkmanlar yashovchi Mosul hamda Tikrit kabi yirik shaharlar ham jangarilar qo‘liga o‘tgandi.

BMTga ko‘ra, jangarilar Mosulda oddiy odamlarni ham qatl etishmoqda. "Iroq va Shom Islomiy Davlati" guruhi boshchiligidagi sunniy jangarilari shialarni musulmon sanashmaydi.

Ular o‘z maqsadlari aksar shialar yashovchi janubiy Iroq hududlarini ham nazoratga olish ekanini aytmoqdalar.

Hozir Iroq hukumat kuchlarining aksar qismi tarqoq va zaif holatda.

Mosulning jangarilar qo‘liga o‘tishi esa joriy hukumat hamda dunyoviy tuzumga qarshi kuchli zarba bo‘ldi. Chunki ular Mosuldan turib Iroq hamda Suriyada shar‘iy tuzum o‘rnatish amallarini boshqarishlari mumkin.

G‘arblik tahlilchilarga ko‘ra, bu amallar 2001 yil 11 sentyabrda AQShga qarshi qilingan hujumlardan keyingi eng yirik jihodiy harakat bo‘lishi mumkin.

Yangi xavflar

G‘arb va Iroq hukumatining qo‘rqishicha, sunniy Islomiy kuchlar mavqei oshishi mazhabiy hamda milliy jihatdan rang-barang bu mamlakatni parchalab yuborishi mumkin

Shu qatorda, asr boshida Britaniya va Frantsiya belgilab bergan Yaqin Sharqdagi davlat chegaralari ham o‘zgarib ketishi ehtimoli yo‘q emas.

Image copyright AP
Image caption AQSh yangi hujumlar ehtimoli haqida aytmoqda, ammo 2003 yilgi Iroq ishg‘oli mintaqada jihodiy harakatlarni kuchaytarib yuborgandi

Sunniy jangari guruhi nazorati, ayniqsa, butun musulmon olamidagi sunniy va shia musulmonlari orasidagi tarang munosabat va farqlarni yangicha adovatga aylantirib yuboradi degan fikrlar aytilmoqda.

Iroqning Shialar yetakchiligidagi joriy hukumati bilan yaqin aloqalarga ega Eronning ham bu mojaroga aralashishini nazardan soqit qilib bo‘lmaydi.

O‘z urnida, yarimmuxtoriyatga ega bo‘lgan shimoldagi kurdlar bilan ham muammolar qayta jonlanishini ko‘zda tutish lozim. Kurdlar esa nafaqat Iroqda, balki Eron, Turkiya hamda Suriyada ham zich yashaydilar.

Shuningdek, Iroq turkmanlari vaziyati o‘zgarishi ham shimoldagi boshqa qo‘shni - Turkiyaga ta‘sir etmasdan qolmaydi.

Hozircha Iroqda ta‘siri oshib borayotgan mujohid guruhga qarshi AQSh yangi hujumlar ehtimolini nazardan soqit qilmasligini aytmoqda.

Vashingtonning Iroqqa qarshi so‘nggi hujumi esa bu mamlakat sunniylari mavqeini pasaytirgandi. Lekin ularning g‘azabini oshirgani ham aniq.

Shunisi ham borki, 2003 yili AQSh Iroqqa bostirib kirib, mamlakatni ishg‘ol qilishi ortidan, butun Yaqin Sharq bo‘ylab jihodiy harakatlar kuchaygan va yangidan-yangi mujohid guruhlari yetishib chiqqandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.