Ukraina hukumati Mariupolda nazorat o‘rnatganini aytmoqda

Image copyright AP

Ukraina hukumati 13 iyun erta tongda sharqiy hududlarda boshlangan aksilterror amaliyotlar muvaffaqiyatli o‘tganini bildirdi.

Donetsk viloyatining Mariupol shahri aksilterror amaliyotlar natijasida to‘liq Ukraina kuchlari qo‘liga o‘tdi, deb xabar bergan Ukraina ichki ishlar vaziri yordamchisi Anton Gerashenko.

"Bugun Mariupol shahridagi barcha ma‘muriy binolarda Ukraina bayroqlari o‘rnatiladi. Shahar odatiy hayot tarziga qaytadi", deb aytgan u matbuot anjumanida.

Ukraina Ichki ishlar vaziri Arsen Avakovga ko‘ra, bo‘lginchilarning texnika va manzillarini yakson qilishga erishilgan va 11 bo‘lginchi qo‘lga olingan.

Image copyright Reuters

Milliy gvardiya bildirishicha, to‘rt Ukraina askari yaralangan, bo‘lginchilar bir necha jangarisini yo‘qotgan.

Guvohlar ham o‘ldirilganlar ko‘pligini aytishgan, biroq ularning qanchaligi ma‘lum emas. Bo‘lginchilar taxminicha 6dan 12 tagacha jangchilari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Image copyright Reuters

Snejniy mavzesida bo‘lginchilar tomonida tanklar paydo bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lganidan so‘ng, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko mamlakat sharqidagi vaziyat borasida shoshilinch majlis o‘tkazgan.

Payshanba kuni prezident Poroshenko prezident Putin bilan telefon so‘zlashuvida Ukraina sharqidagi vaziyatni barqarorlashtirishni muhokama qilgan, shuningdek, Rossiya chegarasidan tanklar o‘tgani vaziyatni chigallashtirishnini aytgan.

Ayni paytda Donetskdagi rossiyaparast bo‘lginchilar uch qurollangan tankni qabul qilganlarini tasdiqlaganlar.

Biroq tanklar qayerdan kelgani haqida ma‘lumot berilmagan.

Image copyright Reuters

Aksilterror amaliyotlar manzarasida Kiyev va Moskva rasmiy munosabatlari hamon muammoli qolmoqda.

Gazprom Ukraina Bosh vaziri Yatsenyukning gaz narxi haqidagi gaplarini "oshkora provakatsion", deb atadi va qarzlar to‘lanmas ekan, 16 iyundan boshlab gaz ta‘minoti to‘xtatilishini ta‘kidladi.

Oxirgi xabarlarga qaraganda, "Naftogaz" Rossiya talab qilayotgan 1,951 mlrd dollar gaz qarzlarini shanba, 14 iyungacha uzishga ishora qilgan.

Janob Poroshenko Ukraina sharqidagi vaziyatni Rossiya ishtirokisiz hal qilib bo‘lmasligini qayd etgan.

Kremlning web sahifasi Poroshenko va Putin so‘zlashuvidan so‘ng bergan xabarida Poroshenkoni birinchi marta Ukraina prezidenti deb atagan. Moskva shu paytgacha Ukraina yangi hukumatini tan olmay keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.