Turkiyaning bayroqparastlik an‘anasi

Image copyright n
Image caption Bayroqni tushirishga muvaffaq bo‘lgan namoyishchi

Aksariyat mamlakatlarda bayroq muhim bir ramz sanaladi.

Ammo turklarning Turkiya bayrog‘iga munosabati bilan tenglashadiganlar ko‘p emas.

Turkiyaning o‘z bayrog‘iga bo‘lgan muhabbati milliy madhiyaning birinchi jumlasidayoq ayon bo‘ladi. "Qo‘rqma, so‘nmas bu shafaqlarda suzgan ol bayroq..."

Lekin Turkiya sharqidagi birgina voqea bilan Turk bayrog‘iga bo‘lgan dastakni yana ham oshirib yubordi.

Yakshanba kuni Kurd namoyishchilari bilan politsiya kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kechar ekan, niqob kiygan namoyishchi harbiy bazadagi bayroq ustuniga chiqib Turk bayrog‘ini olib tushdi.

Aksariyat turklarni dahshatga soluvchi bu amal kameraga ham tushib qoldi.

Turkiya armiyasi "Biz Turk bayrog‘iga bo‘lgan hujumni qattiq qoralaymiz. Bayroq Turk millati va mustaqilligining ramzi, bu bayroq uchun shahidlarimiz qon to‘kishgan, unga hujum qilgan shaxs qadriyatsiz odamdir", qabilida chiqish qildi.

Istanbul hokimi Husayn Avni Mutlu esa birgina bayonot bilan turklarning g‘azabini bosib bo‘lmasligini aytdi.

U Arif Nihat Asyaning "Bayroq" atalgan she‘rini o‘qib video nashr qildi.

"Senga mening ko‘zim ila boqmaganning

Mozorini qazirman,

Senga salom bermagan qushning

Uyasini buzarman..."

Ekrem Bitmez Istanbuldagi mahallalardan birida Turk bayroqlarini tikadi.

"Bizning bayrog‘imiz qon bilan bunyod bo‘lgan... Bizning ajdodlarimiz shu bayroq uchun jon fido qilishgan", deydi u.

"Har bir odam bayroqni hurmat qilishi kerak. Bayroq bizga ajdodlardan merosdir".

Bosh vazir Rajab Toyip Erdo‘g‘an bu fikrga qo‘shilishi tayin.

U bayroqni ustundan tushirgan namoyishchini qoralabgina qolmadi, Bosh vazir tanqid tig‘ini bu amalga yo‘l qo‘yib bergan askarlarga ham qaratdi.

Turkiyaning rahbari o‘zini bayroqlarni himoya qiluvchi deb biladi.

Ayrim payt xalqaro sammitlarda matbuot uchun suratga tushish marosimida rahbarlarning turar joylari yerga bayroqchalar qo‘yib belgilanadi.

Ammo bu Erdo‘g‘an janoblari nazarida bayroqqa hurmatsizlikdir.

Har doim Turkiya Bosh vaziri o‘zi uchun ajratilgan joydagi Turk bayroqchasini ehtiyotkorlik bilan olib cho‘ntagiga solib qo‘yadi.

Boshqa rahbarlar esa yerdagi bayroqchalarga deyarli e‘tibor berishmaydi.

Mart oyida Erdo‘g‘an janoblari o‘z partiyasining Turkiya bayrog‘iga asoslangan saylovoldi videotarg‘ibot filmida ovoz berdi.

Videoda yaxshigina kiyingan va qora ko‘zoynak taqib olgan shaxs Turkiya bayrog‘ini ustunidan tushirish harakatiga tushadi.

Minglab odamlar bayroqni saqlab qolish uchun tom ma‘noda bir-birlarining ustilariga chiqib minora yasashadi va bayroqni qayta ko‘tarishadi.

Erdo‘g‘an janoblarining partiyasi saylovda osonlik bilan muvaffaqiyat qozondi.

Bayroqlarni himoya qilayotganlar esa faqat mulozimlar emas.

2008 yilda Anado‘lidagi maktab o‘quvchilari Turk bayrog‘ini...o‘z qonlari bilan bo‘yab yasashdi.

Ular bu bayroqni keyin Qurolli kuchlar rahbariga jo‘natdilar.

Ko‘plab shifokorlar va o‘qituvchilar talabalarning bu amalidan xavotir izhor etishdi.

Ammo armiya rahbari general Buyukanitda bunday xavotir yo‘q edi.

"Bu bizning millatdir", dedi u faxr bilan...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.