Iroq: Jangarilar Tal Afar shaharchasini qo‘lga kiritishgan

  • 16 Iyun 2014

Iroq rasmiylari va mahalliy odamlarning aytishlaricha, sunniy jangarilar mamlakat shimolidagi Tal Afar shahrini qo‘lga kiritishgan.

"Iroq va Shom islomiy davlati" yetakchiligidagi ekstremistlar o‘tgan hafta Iroq bo‘ylab qator shaharlar, jumladan, Mosul va Tikritni nazoratlariga olishgan, biroq keyin ayrim shaharchalar qaytarib olingandi.

Tal Afar uchun janglar yakshanba kuni boshlangandi. Jangarilar shaharga kirish uchun minamyotlarni ishga solganlar.

Hodisa AQSh Eron bilan Iroq masalasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga tayyorligini bildirgan paytga to‘g‘ri keldi.

Amerika Prezidenti Barak Obama Iroqqa masalasida qanday yo‘l tutish kerakligini ko‘rib chiqmoqda.

AQShning USS George HW Bush uchoq tashuvchi kemasi va yana ikki harbiy kema Fors ko‘rfaziga yo‘l olgan, biroq Obama ma‘muriyati o‘z piyoda askarlarini yubormasligini aytgan.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy agar Amerika Iroqqa qaratilgan amaliyotlarni boshlasa, hamkorlikni ko‘rib chiqishini aytgan.

Tal Afarda asosan shialar va etnik turkmanlar istiqomat qilishadi. Shahar Iroq va Suriyadagi jangarilar nazorat qiluvchi hududlar uchun chegara hisoblangan.

Tal Afar yashovchilaridan biri Assoshieyted Press axborot agentligiga bog‘lanib, avtomat qurollar va qora jihodiy bayroqlarini tutgan jangarilar usti ochiq yuk avtomashinalarida ko‘chalar bo‘ylab kezishganini aytgan. Unga ko‘ra, bu mahal o‘q ovozlari quloqqa chalinib turgan.

"Mahalliy odamlar qo‘rquv ichida qolishgan va aksariyat allaqachon Kurd xavfsizlik kuchlari nazorati ostidagi shaharchalarga qochib chiqishgan", deydi Xader al-Abadi. U ham oilasi bilan shahardan chiqib ketishga hozirligini aytadi.

Iroq hukumati esa sunniy jangarilarga qarshi kurashda tashabbusni qo‘lga olganlarini aytishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002