Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistonga safar qiladi

Image copyright AP
Image caption "Ovrosiyo Tashabbusi" muallifi

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Kin Xe O‘zbekistonga uch kunlik safarini boshlagan. U o‘z safarining birinchi kunida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashadi.

Pak xonim safarining asosiy maqsadlari - Osiyo va Ovro‘po o‘rtasidagi qadimiy savdo yo‘lida yotuvchi O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, hamda Ovro‘po Ittifoqiga o‘xshash iqtisodiy ittifoqni yaratish yo‘lidagi "Ovrosiyo tashabbusi"ni muhokama qilishdan iborat.

O‘zbekistonning Osiyodagi eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan bo‘lmish Janubiy Koreya rahbari o‘tgan oktyabr oyida taklif qilgan tashabbusga ko‘ra, Markaziy Osiyoda ko‘proq infratuzilma qurilishi kerak va Ovrosiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo yo‘llari ochilishi lozim.

Tahlilchilarga ko‘ra, yaqinda Rossiya boshchiligidagi Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini tanqid qilgan janob Karimovga Pak xonimning tashabbusi ko‘proq yoqib tushishi mumkin.

Juma kuni Janubiy Koreya poytaxti Seulda o‘tgan iqtisodiy anjumanda so‘zga chiqqan Pak xonim Ovrosiyo qit‘asidagi energetika infratizilmalarini bir-biri bilan bog‘lashni taklif qildi.

U Koreyaning Busan shahrini Markaziy Osiyo orqali Ovro‘po bilan bog‘lovchi "Ipak Yo‘li Ekspressi" nomli temir yo‘l va magistral yo‘llar tarmog‘i qurilishi kerakligi haqida gapirdi.

Toshkentga safari chog‘ida Pak xonim o‘zbekistonlik hamkasbi bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi strategik hamkorlikni ham muhokama qiladi.

Ikki rahbar hozirda qiymati 8 milliard dollarga teng o‘zaro iqtisodiy loyihalar qanday amalga oshirilayotganini ham tekshiradilar.

Amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar sirasiga Orol dengiziga yaqin hududdagi Surgil gaz maydoni rivojlantirish va kimyoviy gaz korxonasini qurish kiradi.

Prezident Pak, shuningdek, o‘zining "Koreya yarim orolidagi ishonch jarayoni" dasturiga janob Karimovning dastagini olishga urinadi. Dasturga binoan, Shimoliy Koreya diplomatik muzokaralar orqali yadroviy qurollardan voz kechishi kerak.

Pak xonim o‘z safari chog‘ida O‘zbekistonda yashayotgan etnik koreys aholisi vakillari bilan ham uchrashadi. O‘zbekiston 180 ming etnik koreyslarga vatandir.

Ayni damda, Janubiy Koreyaning ishlab chiqarish va qurilish sohalarida minglab o‘zbek mehnat muhojirlari ishlab kelmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Karimov o‘z taraqqiyot yo‘lida "o‘ziga xos va o‘ziga mos"ga o‘tishdan avval Turkiya qatori Janubiy Koreya modelini ham muvaqqat "sinab" ko‘rgan edi.

Siz Janubiy Koreyadamisiz? Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar borasidagi fikringiz qanday? Muhojirlar huquqlari ta‘minlangan va himoyalangan deb o‘ylaysizmi?

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002