Angliya va Uelsda majburiy nikoh jinoyat sanaladigan bo‘ldi

Image caption Majburiy nikoh endi jinoyat sanaladi

Angliya va Uelsda majburiy nikohni jinoyat deb belgilovchi yangi qonunni inson huquqlari faollari olqishlashdi.

2008 yildan beri majburiy nikohni bartaraf etish uchun mahkama qarori zarur edi.

Biroq, yangi qonunga ko‘ra, insonni o‘z xohishiga qarshi nikoh qurishga majburlash jinoyat hisoblanadi va unga qarshi yetti yilgacha qamoq jazosi belgilanadi.

Qonun nafaqat Angliya va Uels hududida, balki xorijda nikoh qurishga majburlanayotgan Britaniya fuqarolarini ham himoya qiladi.

O‘tgan yili hukumat qoshidagi Majburiy Nikoh bo‘limi 1302ta ishni ko‘rib chiqqan.

Qurbonlarning 82 foizi ayollar, 18 foizi erkaklar bo‘lgan, ularning 15 foizi hali 15 yoshiga kirmagan bolalar va o‘smirlar bo‘lishgan.

Ko‘rib chiqilgan ishlar 74ta mamlakatga aloqador bo‘lib, 43 foizi Pokiston, 11 foizi Hindiston va 10 foizi Bangladeshga to‘g‘ri kelgan.

Ichki Ishlar vaziri Tereza Mey mazkur tajriba "har bir qurbonning fojeasi" ekanini aytdi.

BBC bilan suhbatlashgan qurbonlardan biri Pokistonga majburan olib borilib, o‘z amakivachchasiga turmushga chiqarilganini aytdi.

"Men 17 yoshimda edim. Oilamiz bilan xorijga dam olishga ketayotganimizni aytishdi. Ta‘tilning ikkinchi haftasida menga Londonga endi qaytmasligim, balki shu yerda turmushga chiqishimni aytishdi", - deydi o‘z ismi-sharifini oshkor qilishni istamagan ayol.

"Men uni avval umrimda ko‘rmaganman. Hatto ismini, yo umuman u haqida hech narsa bilmasdim. Londonga qaytib o‘qishimni tugatishimga ruxsat berishlarini talab qildim. Juda ko‘p yalindim, lekin rozi bo‘lishmadi va majburan erga berishdi. Ular men Londonda qolsam, juda g‘arbiylashib ketib, oilam sha‘niga dog‘ tushirishimdan qo‘rqishlarini aytishdi".

"Turmushim o‘ta yomon edi. Meni jinsiy va jismoniy tahqirlashdi, urib so‘kishdi. Buni hatto dushmanimga ham tilamagan bo‘lardim".

"Qaynonam menga mening vazifam faqat ovqat pishirish va uyni tozalash, tunda esa o‘g‘liga qul bo‘lishim kerakligini aytdi".

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002