Pokiston shimolida O‘zbek jangarilari o‘ldirilgan

  • 16 Июн 2014
Image copyright Getty

Pokiston hukumatiga ko‘ra, Shimoliy Vaziristondagi jangarilar manzillari qiruvchi uchoqlar orqali nishonga olingan.

Rasmiylarga qaraganda, bir qator havo hujumlari natijasida qariyb 100 jangari o‘ldirilgan. Biroq bu xabar mustaqil manbalar tomonidan hozircha tasdiqlanmagan.

Harbiy amaliyotlar Shimoliy Vaziristonning "Al-Qoida"ga bog‘liq toliblar va jangarilar yashiringan deb ko‘riladigan tog‘li Dehqan tumanida o‘tkazilgan.

Harbiylarning jangarilarga qarshi keng miqyosli amaliyotlari manzarasida minglab aholi mintaqani tark etishga majbur bo‘lganlar.

Harbiylarning aytishicha, havo hujumlari nishoni asosan O‘zbek jangarilari hisoblangan. Shu bilan birga, o‘ldirilganlar orasida o‘zbeklar va boshqa xorijiy jangarilar borligi taxmin qilinadi.

Pokiston hukumatiga ko‘ra, o‘tgan hafta Karachi aeroportiga hujumni tashkillashtirishga masu‘l ko‘rilgan o‘zbek jangarisi Abu Abdulrahmon al Mani halok etilgan.

Bundan oldin O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan yakshanba kuni Karachi aeroportida kamida 30 inson umriga zomin bo‘lgan portlashga mas‘uliyatni zimmasiga olgan edi.

Jangarilar bayonotida aytilishicha, ushbu hujum Pokiston harbiylarining etnik o‘zbeklar yashaydigan tumanlarni havo hujumiga tutganiga javob amalidir.

O‘zbekiston Islomiy harakati o‘z web saytida hujumni amalga oshirgan 10 jangarisining suratini joylashtirgan va ularni "fidoyi bahodirlar" deb atagan.

9 va 10 iyun kunlari Karachi havo qo‘nalg‘asi ikki marotaba qurollilar hujumiga uchradi.

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zbekiston Islomiy harakati Karachidagi portlashni 10 jangarisi amalga oshirganini aytgan

Bundan oldin Pokiston hukumati ham yaxshi tayyorlangan jangarilar o‘zbekistonliklar ekanini bildirgan edi.

Pokiston rasmiylari Karachidagi ilk hujumda kamida 39 kishi, shu jumladan 10 jangari ham halok bo‘lgani haqida xabar qilgan, jangarilar DNKlari tekshirilayotgani aytilgan.

O‘IH hujum natijasida aeroportdagi harbiy qiruvchi uchoqlar va Amerika josuslik uchoqlaridan katta qismini vayron qilgan.

Muxbirlarning aytishicha, kecha o‘tkazilgan amaliyot Pokiston Toliboni va hukumat o‘rtasida rejalangan tinchlik kelishuvini deyarli yo‘qqa chiqaradi.

Pokiston islomiy isyonchi guruhlarga qarshi o‘n yildan ortiq vaqt davomida kurashib keladi.

So‘nggi yillari Pokistonda yuzlab O‘zbekiston Islomiy harakati jangarilari o‘ldirilgani aytildi.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, ushbu harakat hamon sobiq sho‘ro davlatlari, Pokiston va Afg‘onistondan ham o‘z saflariga yangi a‘zolarni tortayotgan bo‘lishi mumkin.

Shu yil mart oyida Pokiston hukumati Tolibon bilan boshlagan tinch muzokaralarning natijasi sezilarli bo‘lmagan, jangarilarning hujumlari davom etgan.

O‘zbek jangarilari o‘zlarining shafqatsizligi bilan ham nom chiqargan. Bir necha yil oldin esa o‘z saflaridagi yosh jangarilarni hukumatlar uchun josuslik qilishda gumon qilgan O‘zbekiston islomiy harakati ularni qatl etishgandi. Va ushbu tasvirlarni internetga ham qo‘yishgan.

"Hozirda o‘zbeklar va boshqa Markaziy Osiyolik "toliblar" ahvolini juda yaxshi deb aytish mumkin. Ular mukammal tarmoqni shakllantirib bo‘lganlar va "Al-Qoida" va Pokistondagi Tolibon harakati rahbarligi ostida faoliyat yuritishadi.

Bu guruhlar o‘rtasida juda yaqin va maxfiy aloqa mavjud - deydi BBC muxbiri.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002