Maykl Shumaxer komadan chiqdi

Image copyright PA
Image caption Shumaxer o‘ziga keldi

Formula-1 chempioni Maykl Shumaxer komadan chiqqan va Grenobldagi kasalxonadan olib ketilgan. Bu haqida uning oilasi e‘lon qildi.

45 yoshli olmon sportchi endi sir tutilayotgan boshqa joyda tibbiy muolajani davom ettiradi.

Shumaxer 29 dekabrda Frantsiyaning Alp tog‘larida chang‘i uchayotganida boshidan og‘ir jarohatlanib, koma holatiga tushgandi.

Shifokorlar uning miyasidagi shish qaytishi uchun uni koma holatida ushlab turganlar.

"Maykl Grenobldagi kasalxonani tark etdi va endilikda uzoq davom etadigan reabilitatsiya bosqichiga kiradi. U endi komada emas", - dedi Shumaxerning menejeri Sabin Kem poygachining oilasi chiqargan bayonotni o‘qib eshittirar ekan.

U, shuningdek, ishqibozlardan Shumaxer oilasini bezovta qilmaslikni so‘radi.

Yetti karra chempion Shumaxerning oilasi avvaldanoq uning tibbiy muolajasi uzoq davom etishini aytgandilar.

Hodisani tekshirgan tergovchilar Shumaxer Meribel dam olish maskanida yiqilib, boshi toshga urilganida, "juda yaxshi chang‘ichi"ning tezligida harakat qilayotgan bo‘lganini aytishgan.

Shumaxer 2012 yilda 19 yillik karerasiga yakun yasagandi.

U 1994 va 1995 yillarda Benetton jamoasi tarkibida ikki marta chempionlikni qo‘lga kiritgan, 1996 yilda Ferrari jamoasiga o‘tib, 2000 yildan boshlab yana besh marta chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002