Markaziy Osiyodagi yagona rasmiy Islom Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy

  • 16 Iyun 2014

Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy 1965 yili Tojikistonning Fayzobod tumanida tavallud topgan.

Tojikiston Davlat Universitetining Sharqshunoslik fakulteti, arab bo‘limini bitirgach, Yaman poytaxti Sanadagi Sanoat Universitetida ham tahsil ko‘rgan.

Keyinchalik Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatik Akademiyani bitirgan. Siyosiy fanlar nomzodi.

90 yillar o‘rtalariga qadar Moskvada ishbilarmonlik bilan shug‘ullangan Muhiddin Kabiriy 1997 yili Dushanbega qaytib, Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi asoschisi va o‘sha vaqtdagi rahbari, taniqli siyosiy arbob Said Abdullo Nuriyga o‘rinbosar etib tayinlagan.

1997-1999 yillari Tojikistondagi fuqaro urushiga chek qo‘ygan tinchlik bitimiga erishish uchun Moskvada olib borilgan muzokaralarda xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchilik qilgan.

2005 yili Tojikistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijasida xalq vakili etib saylangan. 2006 yildan beri esa Said Abdullo Nuriyning vafotidan so‘ng Islom Uyg‘oni partiyasiga rahbarlik qilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Islom Uyg‘onish partiyasi Tojikiston siyosiy sahnasidagi muhim partiyalardan biridir. 1990 yili oktyabr oyida asos solingan partiya dastlab mamlakatda hamma noislomiy amallarning taqiqlanishi, cho‘chqa go‘shti va alkogol ichimliklar savdosini to‘xtatish, ko‘proq masjidlar ochilib, dam olish kunini yakshanbadan jumaga o‘tkazish kabi talablarni ilgari surgandi.

90 yillar boshlarida Islom Uyg‘onish Partiyasi boshqa qator muxolif harakatlari bilan birga Dushanbeda hukumatga qarshi uzoq muddatli namoyishlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan. 1991 yilgi prezidentlik saylovlaridan avval partiya rasman qayddan o‘tkazilgan.

1992 yili muxolifat va Tojikiston hukumati o‘rtasida Milliy Yarashuv Bitimiga erishilgan bo‘lsa ham bu bu bitim samarasiz bo‘lib fuqaro urushining kelib chiqishiga olib keldi.

O‘rtada Sho‘rolar Ittifoqining qulashidan avvalgi yillarda mamlakat muftiysi bo‘lgan, taniqli ulamo Xojiakbar To‘rajonzoda ham partiya saflariga qo‘shildi.

Nihoyat bir necha yillik urush harkatlari va minglab qurbonlardan so‘ng 1997 yili Moskvada ikki tomon o‘rtasida yarashuv bitimi imzolandi.

Ushbu bitimga muvofiq Tojikiston hukumatida muxolifatga 30 foiz o‘rin berilgandi.

O‘shandan beri Islom Uyg‘onish partiyasi uch marotaba parlament saylovlarida ishtirok etdi. Hozirda Parlament quyi palatasida ikki xalq vakiliga ega.

Muhiddin Kabiri rahbarligi ostida Islom Uyg‘onish partiyasi o‘z yo‘nalishini hamkorlik va dunyoviylik tomon o‘zgartirgani aytiladi.

Tahlilchilar tomonidan "g‘arbona qarashlarga ega, mo‘‘tadil va pragmatik siyosatchi", deya baho berilgan Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriyga savollaringizni payshanba, 19 iyun kuniga qadar uzbek@bbc.co.uk elektron pochta manziliga yoki quyidagi forma orqali yo‘llashingiz mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002