Kinoni taftish bosdi...

Image copyright bbc

Qaysidir kuni momaqaldiroqdan keyingi qo‘ziqorindek (uzr, eshakqalpoq desam ham bo‘laveradi) ko‘payib ketgan bachkana va sayoz, biri ikkinchisini takrorlaydigan siyqa o‘zbek kinofilmlari haqida bir-ikki achchiq-tiziq gaplar yozgandim. Gapning indallosi, o‘zimning fikrlarimni emas, yonimga dardini aytgani kelgan odamlarning gapini takrorlagandim xolos. Rosti, ularning gapidan keyin kaminaning ham toza xunobi oshgandi. Endi esa do‘ppimni osmonga otsammikin!? Nega deysizmi?Ha, men nima demoqchi edim? Demoqchimanki, O‘zbekistonda xususiy kinostudiyalardan tortib markaziy kinoteatrlargacha yoppasiga taftish bosibdi. Shu gapni eshitdimu, o‘zimizning mahallalik odam, shu kinoning orqasidan biznes qilib yurgan kinostudiya egasiga telefon urdim."Aka qo‘ying, so‘ramang! Ish rasvo", deydi u: "Bu bizzi biznes tagiga suv ketdiyov. Taftishchilar mo‘r-malaxdek bosib kelgan, hammasini titkilab yotishibdi. Hisob-kitobdan tortib kinostsenariy saviyasigacha. Endi gappi ochig‘i, yig‘ishtir shalam-balangni, hamma tomonni shilta qivordilaring, endi yoki to‘xtasan, yoki O‘zbekkino bilan kelishib ishlaysan, yuqori saviyali kino ishlaysan, deyishdi. Bu bilasiz, O‘zbekkino davlat agentligi, har bitta kino, stsenariy ular tasdiqlab bersa keyin o‘tsa kerak. Bu juda qiyin ish", deydi u xo‘rsinib.Yana qo‘shimcha qildiki, bu tashvish hozir hamma xususiy kinostudiyalar boshiga tushibdi. Qattiq tekshirishmoqda ekan. Ko‘plari yopilib ketsa kerak, dedi u. Nazarimda o‘zining ham shashti ancha past, ehtimol "do‘koni"ni yopib tashlar. Chunki, yuqori saviyali kino ishlash oson emas. Bular shu paytgacha faqat pul qilsa bo‘ldi edi.Endi men nima derdim. Ha, shahar bedarvoza emas, hukumatga rahmat, deymanda. Bilamanku, bular bir paytlar bir haftada bitta kino olib, maktabu litsey o‘quvchilarini yoppasiga kinoga haydab, sarflagan pulini bir oyda o‘n barobar qilib chiqarib olgan. O‘quvchi va talabalarning cho‘ntagidan chiqargan. Albatta, gorono mudiriyu maktab direktorlari og‘zini o‘z vaqtida moylab ham turgan. Xayriyat, o‘sha paytlar ham ana endi o‘tib ketdi.O‘zi bu mavzu keyingi paytda odamlar orasida juda ko‘p muhokama bo‘layotgan edi, kattalar qolib yosh bolalar ham kinolarning bachkanaligidan kulib yurishgandi. Biroq hali kinomiz zo‘r bo‘lib ketishiga umid bor, avval son keyin sifat, deb aytayotganlar ham ko‘p. Shundaylardan bittasining, tuppa-tuzuk ijodkor odamning gapini eshitib qoldim. Emishki, o‘zbek kinolari bachkana bo‘lsa ham qo‘shni mamlakatlar bozorlarini to‘ldirib tashlagan emish. Qirg‘iz bozorida ham, tojik bozorida ham o‘zbek kinolari sotilayotgan ekan. Bu turishida butun mintaqa bozorini egallab, keyin sifat haqida o‘ylab qolsak kerak, deydi u.Endi men nima derdim bu gaplarga!? Avval son kelib keyin sifat keladimi yoki aksinchami. Yoxud bu ham avval tuxum paydo bo‘lganmi yoki tovuq degan masala kabimi? Demoqchimanki, buni o‘sha ijodkoru ziyoli degan odamlarning o‘zlari muhokama qilsin, deymanda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002