Shimoliy Vaziristonga havo hujumlari qayta boshlangan

Image copyright
Image caption Tinch aholi mintaqani tark etmoqda

Pokistonning jangovor uchoqlari Shimoliy Vaziristondagi qabilalar istiqomat qiladigan mintaqaga havo hujumlarini qayta boshlashgan.

Bundan avvalroq hukumat Afg‘oniston bilan chegaradosh ayni hududda harbiy amaliyotlar boshlashi haqida e‘lon qilgan edi.

Aksariyat tinch aholi harbiy hujum haqida eshitgach mintaqani tashlab chiqqan.

Pokiston armiyasi mintaqadagi jangarilar qarorgohlarini vayron qilish niyatidadir.

Bundan bir hafta avval Karachidagi mamlakatning eng yirik havo qo‘nalg‘asiga o‘zlarini O‘zbekiston Islomiy harakati deb atagan guruh hujum qilgan edi.

Yakshanba kuni esa mulozimlar havo hujumlari oqibatida Karachi havo qo‘nalg‘asiga hujum ortida turgan deb ishonilgan Abu Abdul Rahmon Maniyning ham o‘ldirilganini aytishgandi.

So‘nggi hujumlar quyuq o‘rmonzordan iborat Shaval Vodiysiga qaratilgani aytilmoqda.

Aynan shu mintaqada Toliblar yashiringan deya ishoniladi.

Mulozimlar jangarilar uchun "taslim bo‘lish nuqtalari" tashkil qilishayotgani va qarshilik qilganlar "yo‘q qilinishlari" haqida aytmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002