Afrikalik qo‘shiqchi jarrohlik payti kuylab turdi

Image caption Ko‘p qo‘shiqchilar ovozlari yo‘qolib qolishidan qo‘rqishadi

Gvineyalik qo‘shiqchi Alama Kante tomog‘idagi o‘smani olib tashlash vaqti jarrohlar uning ovoz naychalariga zarar yetkazmasliklari uchun kuyladi.

Jarrohlik oldi unga karaxt qiluvchi ukol va og‘riqni qoldirish uchun gipnozdan foydalanishdi.

Kante ovozini yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqqan va shu boisdan uning shifokori amaliyot payti kuylab yotishni maslahat bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tig‘ning birgina noto‘g‘ri harakati uning ovoziga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkin edi.

Parijning Anri Mondora kasalxonasining shoshilinch terapiya bo‘limining boshlig‘i Jil Donner ushbu jarrohlikni o‘tkazgan.

Shuningdek, u jarrohlik amaliyoti paytida Kantening qanday kuylayotgani haqidagi lavhani jurnalistlarga namoyish qilgan.

Shifokorlar xonandada paydo bo‘lgan o‘smani olib tashlashgan. Bu paytda u kuylab turgani sababli, jarrohlar amaliyot rejalanganidek o‘tishi va qo‘shiqchining ovoz naychalariga ta‘sir qilmasligiga ishonganlar.

Professor Donnerning aytishicha, tomoq yo‘lidagi o‘sma shu tariqa birinchi bor olingan va amaliyot umumiy narkoz ostida o‘tkazilgan.

Ko‘p qo‘shiqchilar uchun kuylay olmay qolishlik katta fojeaga teng, shu boisdan ular doim ovozlari yo‘qolib qolishidan qattiq xavotir olishadi, deydi professor.

"Bunday jarrohlik payti siz xushyor bo‘lsangiz, og‘riqqa dosh berish qiyin. Faqatgina gipnozgina uni yengib o‘tishga yordam beradi", deb aytadi jarroh.

"U gipnozchining so‘zlarini eshitib, kerakli holatga kirdi. U Afrikaga tomon uzoq safarga ketdi. Va u kuylay boshlaganda bu juda ajoyib holat edi", so‘zlaydi jarrohlik amaliyotini eslab professor Donner.

Britaniyaning Times gazeti yozishicha, matbuot anjumanida qo‘shiqchi jarrohlik oldi undan "sayohatga borishni xohlaysanmi?" deya so‘rashganini aytgan.

"Men bunga rozilik berdim va o‘zimni jarrohlik stolida emas, uzoq-uzoq Senegalda deb his qildim", deb hikoya qiladi Kante.

Afrikalik qo‘shiqchi ayni paytda jarrohlikdan keyin o‘ziga kelmoqda.

Shifokorning so‘zlariga qaraganda, jarrohlik oxirida Kante jim bo‘lib qolganda shifokorlar nafaslarini ichga yutib kuzatishgan. U yana gapira boshlaganda, jarrohlar yengil tortib, tajribalari natijasidan mamnun bo‘lganlarini yashirmaganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002