Buddaviy ruhoniylar nima uchun musulmonlarga hujum qilmoqdalar?

  • 17 Июн 2014

Buddaviy ruhoniylar uchun "birovni o‘ldirma" aqidasi eng asosiy ahloqiy tamoyillardan hisoblanadi.

Zo‘ravonlikka qo‘l urmaslikka ham boshqa dinlarga qaraganda buddaviylikda ko‘proq e‘tibor beriladi.

Shunday ekan nima uchun buddaviy ruhoniylar musulmonlarga qarshi nutqlar aytib, o‘nlab kishilarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan olomon hujumlariga qo‘shilishmoqda?

Bu kabi hodisalar hozirda Birma va Shri-Lankada ro‘y bermoqda.

Ikkala mamlakatda ham Islomiy jangarilik tahdidi kuzatilmagan. Birmada ham, Shri Lankada ham musulmon ozchiligi tinch hayot kechirib kelgan.

Shri Lankada halol mol so‘yish masalasi mojaroga turtki bergan nuqta bo‘ldi.

Buddaviy ruhoniylar boshchiligida musulmonlar bizneslariga qarshi va boyqotga chaqiruvchi namoyishlar o‘tkazildi.

Shri Lankada bironta musulmon o‘ldirilmagan bo‘lsa, Birmadagi vaziyat anchayin xavotirli.

Bu yerda musulmonlarga qarshi ruhoniy Ashin Viratu boshlagan kampaniyaga 900 dan ortiq guruh qo‘shilgan. Viratuning o‘zi 2003 yili diniy adovatni qo‘zg‘ashda ayblanib qamoqqa tashlangandi.

Lekin 2012 yili qamoqdan chiqqach o‘zini "Birmaning Bin Lodini" deya atay boshladi.

Buddaviylik va tinch-totuvlik

Buddaviylar ta‘limoti ko‘p hollarda asosan og‘izdan-og‘izga o‘tib, asrlar osha yetib kelgan.

Buddaning asosiy nutqlari jamlamasi sifatida ko‘rilgan "Damapada"da zo‘ravonlikni rad etish asosiy g‘oyalardan biridir.

Image copyright

Buddaviy ruhoniylar uchun amal qilish va qolganlar uchun ularga ergashish kerak, deya aytilgan amallar ichida eng avvalo tirik jonni o‘ldirmaslik tilga olinadi.

"Damapada"ning beshinchi bobida "nafratni nafrat hech qachon to‘xtata olmaydi. Nafratni faqatgina muhabbat to‘xtatadi va bu abadiy qonundir" deyilgan.

Mart oyida g‘azabnok olomon hujumi oqibatida Birma markazidagi Meyktila shahrida 40 kishi qurbon bo‘ldi.

Janjalga oltin do‘konidagi hodisa turtki bergani aytiladi.

Ikkala mamlakatda ham mahalliy guruhlar og‘ir iqtisodiy sharoit tufayli vujudga kelgan vaziyatni aksariyat aholi g‘azabini qo‘zg‘atish yo‘lida foydalanmoqda.

Bu hafta Birmaning Rangun mintaqasida olomon masjid va muslmonlar uylariga hujum qildi. 70 ga yaqin uy vayron etildi, bir kishi halok bo‘ldi.

Lekin tinch-totuvlikni targ‘ib qiluvchi buddaviylar nima uchun bu kabi zo‘ravonliklarga qo‘l urmoqdalar?

Har qanday din ne qadar tinch-totuvlik g‘oyalari bilan boshlanmasin qaysidir darajada qudrat bilan "til biriktiradi".

Buddaviy ruhoniylar ham qirollardan qo‘llov, homiylik va shu kabi narsalarga umidvor bo‘lib kelganlar.

Evaziga qirollar ruhoniylardan o‘zlari uchun ilohiy "legitimlik" ta‘minlanishiga ko‘z tikkanlar.

Natija esa shundayki, agarda sen o‘z nuqtai nazaring boshqalarnikidan ustuvor ekanligiga ishonib qolsang, o‘sha dunyoqarashni himoyalash va targ‘ib qilishni o‘zingning muqaddas burching, deya hisoblay boshlaysan.

Nasroniy sablchilar, islomiy jihodchilar ham o‘zlari qo‘l urgan yoki urayotgan zo‘ravonlik amallarini ana shu kabi "ustuvor ahloqiy zaruriyat" bilan oqlaydilar.

Hozirda bundan buddaviy rahbarlar va ruhoniylar ham istisno qolmayaptilar.

Birmada buddaviy ruhoniylar 2001 yili boshlangan va "zafaron inqilobi" deya nom olgan harbiy xuntaga qarshi chiqishlarda muhim rol o‘ynadilar.

Namoyishlar tinch bo‘lishi kerakligi o‘shanda asosiy tamoyil edi, oqibatda ko‘plab ruhoniylar o‘z jonlarini qurbon berdilar.

Hozirda esa buddaviy ruhoniylar o‘z qudratlaridan o‘zgacha yo‘lda foydalanmoqdalar.

Mamlakat ibodathonalarida 500 mingga yaqin ruhoniylar yashaydi. Ular orasida yoshligida yetim qolgan yoki qashshoqlik tufayli bu yerga kelishga majbur bo‘lgan ko‘plab g‘azabnok yosh yigitlar ham bor.

Birma va Shri Lankada buddaviy aqidaparastlar va iqtidordagi partiyalar orasidagi munosabatlar haqida ko‘p narsa ma‘lum emas.

Lekin musulmonlarga qarshi "da‘vatlar" aholining ma‘lum qismi ongiga o‘rnashib qolgan ko‘rinadi.

Ikkala mamlakatda ham buddaviylar aholining aksar qismini tashkil qilsalar ham ularning dinlari tahdid ostiga ekanligiga ishonch hosil qilganlar.

Bu holatga global jahondagi vaziyat ham ta‘sir qilmoqda. Odamlar radikal islom hozirda jahonda ro‘y berayotgan eng qaqshatqich zo‘ravonliklar markazida turganiga ishonadilar.

Shuning uchun boshqa dinlar qat‘iylashayotgan bo‘lsa, biz ham shu yo‘ldan borishdan boshqa ilojimiz yo‘q, degan fikrdalar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002