Xitoyda terrorchilikda ayblangan 13 uyg‘ur o‘limga hukm etildi

  • 17 Июн 2014

Davlatning Sinxua agentligiga ko‘ra, mahkama sharqiy shinjonlik 13 shaxsni "terror hujumlari"da aybdor deb topib, o‘limga hukm qilgan.

O‘limga mahkum 13 kishidan sakkiz nafari o‘tgan yil oktyabr oyida Tyananmen maydonida sodir etilgan portlashni uyushtirganlikda ayblangan.

Qolgan yana uchtasi 2013 yil iyunida Pekinda yuz bergan avtomobil halokatiga aloqadorligi aytilgan.

Sudlanganlarning hammasi etnik uyg‘urlardir.

Mahkama uyg‘urlarni butun mamlakat bo‘ylab, jumladan Shinjonning Urumchisi va Xitoy g‘arbidagi Kunmin viloyatidagi bir nechta hujumlarni amalga oshirganlikda ayblagan.

Ular "terroristik guruhlarda ishtirok etish, qotillik, o‘t qo‘yish, o‘g‘irlik va portlovchi moddalarni tayyorlash, saqlash va tashish kabi jinoyatlarni sodir etganlar", deb xabar beradi Sinxua.

"Sudlanuvchilardan uch nafari Shinjonning Luqqun mintaqasidagi politsiya binosi, mehmonxona, hukumat binosi va boshqa joylarga hujum uyushtirgan. Hodisada 24 politsiyachi halok bo‘lgan, 23 kishi tan jarohati olgan", deb qayd etadi agentlik.

Shinjondagi xabarlarni hukumatning qattiq nazorati tufayli mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Bundan tashqari yana uch mahkum Tyananmen maydonidagi portlashda qatnashgan, deb topilgan.

O‘tgan yil oktyabr oyida Tyananmen maydoniga kirgan avtomobil olomonga borib urilgan va portlash natijasida ikki sayyoh hamda mashinadagi uch kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangandi.

Sinxua axborot agentligiga ko‘ra, portlashni amalga oshirgan, deb ishonilgan Husanjon Vuhur, Yusuf Umarniyoz va Yusuf Ahmat "terrorchilik guruhini tuzish va boshqarish bilan jamoatchilik xavfsizligini xavf ostiga qo‘yganliklari" aytilgan.

Hodisalarga aloqadorlik bilan mahkamaga yuz tutgan besh uyg‘urga uzoq muddatli qamoq jazolari berilgan.

Uyg‘ur faollari o‘zlarini terrorchilik guruhga aloqalarini rad qiladilar. Quvg‘indagi yetakchilar Xitoy "bo‘lginchilar" deb ataydigan musulmon uyg‘urlar tomonidagi xavf bo‘rttirilishi, bu hukumatga uyg‘ur millatining diniy va madaniy erkinligini ta‘qib qilish amallarini oqlash uchun kerakligini ta‘kidlashadi.

Soni 10 million atrofidagi uyg‘urlar Xitoy hukumati tomonidan qattiq bosim ostiga olinganlaridan norozilik bildirib keladilar. Rasmiy Pekin bu da‘volarni rad qiladi. Biroq deyarli har oy bir qancha uyg‘ur erkaklari terrorchilikda gumonlanib ushlangani va mahkamaga keltirilgani kuzatiladi.

O‘tgan may oyida Xitoy hukumati Qozog‘iston bilan chegaradagi Yili tumani stadionida minglab tomoshabinlar qarshisida terrorizm, bo‘lginchilik va qotillikda ayblangan 55 uyg‘urga nisbatan sazoyi mahkama o‘tkazgan va ularga o‘lim jazosi bergan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002