"#Erkaklarga jinsiy haqorat" trendda

  • 17 Июн 2014

"Erkaklarga jinsiy haqorat" heshtegi shu kunlarda Misrdagi Twitter foydalanuvchilari orasida o‘ta ommaviy trendga aylangan.

Bu mavzuda 20 mingga yaqin twit tarqatilgan.

Yaqinda Kohiradagi maydonga yig‘ilgan olomon orasida bo‘lgan ayolning jinsiy tahqirlanayotgani tushirilgan video paydo bo‘lganidan so‘ng jamiyatda bunga noroziliklar bildirila boshlandi.

Hazil-mutoyiba tarzida boshlangan "#erkaklarga jinsiy haqorat" twitlar kampaniyasida ham ayollar va ham erkaklar qatnashmoqdalar.

Ba‘zilar "tor shim kiygani uchun ularga tegajoqlik qilish kerak", deb yozsalar boshqalar "qizlar uchun qasos vaqti keldi" deya hazillashishgan.

Lekin bu hazil hammaga ham yoqmagan ko‘rinadi. Bir foydalanuvchining twitiga ko‘ra, "bu ahloqsiz heshteg va uni yopish kerak".

"Jirkanch. Ayollar ustuvorlik qilgan jamiyat irkiti", deya yozgan yana bir boshqa foydalanuvchi.

Ushbu trendga qarshilik ko‘rsatayotganlar orasida ayollar ham bor.

"Menga bu yoqmadi. Muammoni keltirib chiqargan narsaning o‘zi bilan uni yechib bo‘lmaydi", deb yozgan ulardan biri.

"Arab bahori" nomini olgan ommaviy noroziliklar mobaynida xotin-qizlarga qarshi jinsiy tahqir va tegajoqlik keng tarqalganligi aytilib, bu muammoga e‘tibor qaratila boshlandi.

Yaqinda Qoxiraning Tahrir maydonida jinsiy tahqirlangani ishonilgan videoning paydo bo‘lishi ortidan yangi saylangan prezident Abdulfattoh Sissi bu kabi hujumga uchragan bir ayolni kasalxonada borib ko‘rgan.

Misr hukumati yaqinda jinsiy tahqirni jinoiy jazo qo‘llanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar qatoriga kiritdi.

Endilikda bu kabi amalda aybdor deya topilgan shaxs besh yilgacha qamoq jazosi yoki 7 ming AQSh dollariga teng jarimaga tortilishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002