Iroq inqirozi: jangarilar Bag‘dod bo‘sag‘asida

  • 17 Июн 2014
Image copyright AP
Image caption Iroq himoyasiga otlanganlar

Iroqdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, armiya va sunniy jangarilar o‘rtasida qaqshatqich janglar ketmoqda.

Xabarlarda aytilishicha, Bag‘doddan atigi 60 chaqirim masofada joylashgan Baquba shahrining bir qismi isyonchilar qo‘liga o‘tgan.

BBCning Bag‘doddagi muxbiri Richard Galpinga ko‘ra, Diyala viloyatining poytaxti Baqubaning qo‘lga olinishi jangarilar uchun Bag‘dodga boradigan asosiy yo‘nalishni qo‘lga kiritgan hisoblanadi.

Isyonchilar Baqubada bir qancha mavze‘larni va politsiya bo‘limini ishg‘ol qilganlar va qurol-yaroqlarni olganlar.

Isyonchilar hozir shaharning qaysi qismida ekanligi noma‘lum bo‘lsada, ularning maqsadi Bag‘dodga tomon yurish ekani sir emas, deydi u.

Iroqning yirik Mosul va Tikrit shaharlarini egallagan jangarilar dushanba kuni Tal Afarni qo‘lga olganlar.

Muxbirmiz Iroq kuchlari strategik ahamiyatga molik Tal Afarni qaytarishga harakat qilayotgani haqida xabarlar borligini aytadi.

Aholisi 200 ming kishi bo‘lgan shahar Mosul va Suriya chegarasida joylashgan.

Shuningdek, Anbar viloyatida jangarilar Al-Faluja shahrida armiyaning tikucharini urib tushirganlar va bir nechta tanklarni yakson etganlar. Armiya kuchlari Ramadi yaqinidagi harbiy bazani tashlab qochganlari aytilmoqda.

Iroqdagi Kurdlar muxtor mintaqasi bosh vazirining BBCga aytishicha, hozirgi vaziyatda Iroq birligini saqlab qolish juda murakkab masalaga aylangan.

Iroqdagi xorijiy konsullik binolarida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini kuzatish mumkin.

AQSh Prezidenti Barak Obama Kongressga Iroqdagi Amerika fuqarolari va Bag‘doddagi elchixonani qo‘riqlash uchun 275 harbiy jo‘natilishini ma‘lum qilgan.

Eski dushmanmi va yo... yangi do‘st?

Image copyright BBC World Service
Image caption Britaniya va Eron Tashqi ishlar vazirlari

Ayni paytda 1979 yildagi Eron inqilobidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari butkul uzilib qolgan AQSh ham Iroqdagi sunniy jangarilarga qarshi kurashda Eron bilan muloqot qilish istagida ekanini ma‘lum qilgan.

Amerika rasmiylari gap harbiy hamkorlik haqida bormayotganini darhol bildirib qo‘yganlar.

Bir qancha ma‘lumotlarga qaraganda, muzokaralar shu haftadayoq boshlanishi mumkin.

Agar shunday muzokaralar boshlanadigan bo‘lsa, bu eski ikki raqib munosabatlarida ulkan qadam bo‘ladi.

Shuningdek, Britaniya Tashqi ishlar vazirligi 2011 yilda yopilgan Tehrondagi Britaniya elchixonasini qayta ochishni rejalayotgani ma‘lum bo‘lgan.

17 iyun kuni Britaniya parlamenti a‘zolari qarshisida Tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg Eron bilan aloqalarni qayta tiklashga bag‘ishlangan rejani e‘lon qilishi xabar qilingan.

2011 yil Britaniyaning Tehrondagi elchiligiga bo‘lgan hujumlardan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar butkul to‘xtatilgan edi.

Biroq o‘tgan yili Hasan Ruhoniyning Eron prezidenti etib saylangani hamda Eron o‘zining yadroviy dasturini jilovlashga rozi bo‘lib, bu borada G‘arb bilan ikki tarafni ham qoniqtiradigan kelishuvlarga erishilgani rasmiy Tehron bilan munosabatlar iliqlashiga yetaklagan.

Iroqdagi "Iroq va Shom Islomiy davlati" jangarilariga qarshi turish masalasida G‘arb bilan Eron mavqe‘lari bir-biridan farq qilmaydi, shu bois G‘arb davlatlarining rasmiy Tehron bilan muloqotlari jonlangan.

BBCning siyosiy masalalar bo‘yicha muharriri Nik Robinson xabar qilishicha, iyun o‘rtasidagi dam olish kunlari Britaniya va Eron tashqi ishlar vazirlari so‘zlashganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002