Ukraina mojarosi: Rossiyalik jurnalist halok bo‘ldi

Image copyright RIA Novosti

Ukrainaning Lugansk shahri yaqinidagi hujum oqibatida Rossiya televideniyesi jurnalisti halok bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, jurnalist Igor Kornelyuk Metalist qishlog‘i yaqinidagi hujumda jarohatlanib kasalxonaga olib kelingan va o‘sha yerda jon bergan.

U bilan birga bo‘lgan ovoz operatori Anton Voloshin bedarak ketgani aytilgan.

Ukraina sharqiy hududlarida hukumat kuchlarining rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi amaliyotlari davom etmoqda.

"Rossiya-1" telekanali jurnalistlari bilan birga bo‘lgan operator Viktor Denisovning aytishicha, minomyotlardan hujum ostida qolishgan.

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi Ukrainadan hujum yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, mas‘ullarni javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Moskva aprel oyidan beri Ukraina hukumati o‘tkazib kelayotgan amaliyotlarni tazyiqkor, deya baholab kelmoqda.

Kiyevga ko‘ra, bu amaliyotlar mamlakat sharqiy hududlarida tartibni qayta tiklashga qaratilgan.

O‘tgan oyda Ukraina sharqida italiyalik fotojurnalist Andrea Rochelli va unga hamkorlik qilgan huquq faoli Andrey Mironov ham raketa hujumi oqibatida halok bo‘lishgandi.

Ayni vaqtda Rossiya gazini Ovro‘poga eltuvchi Ukraina hududi orqali o‘tuvchi quvur yo‘lida portlash ro‘y bergan.

Lekin Rossiya va Ovro‘po shirkatlarining xabar berishlaricha, gaz ta‘minotida uzilish kuzatilmagan.

Portlashga nima sabab bo‘lgani hozircha noaniq.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002