Akramjon aka: "Olmoniyaning g‘alabasini osh bilan nishonlamoqchimiz"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright AP

Bu gal Braziliyadagi jahon chempionatiga velosipedida borish rejasi amalga oshmay qolgan marg‘ilonlik ashaddiy futbolsevar otaxon sevimli milliy terma jamoasining Portugaliya ustidan yirik hisobdagi g‘alabasini ana shunday bayram qilmoqchi.

"Oilamiz bilan tomosha qildik. Biram xursandchilik. Bizning xonadonimizda kecha bayram bo‘ldi. Farzandlarimning har biri uylaridan turib, menga telefon qilishdi. Men esa, xursandchiligim ichimga sig‘masdan, yig‘layman. Nimagaki, "Bizning jamoa yutdi deb", - deydi Akramjon aka Ma‘rufjonov.

Ikki milliy terma jamoa "G" guruhi saralash bosqich bellashuvlarining dastlabki uchrashuvi doirasida kecha dushanba kuni Braziliyaning Salvador shahrida bir-birlariga qarshi maydonga tushishgandi.

Ovro‘poning ikki old milliy terma jamoasi o‘rtasidagi o‘yin 4:0 hisobida Olmoniyaning g‘alabasi bilan yakunlangandi.

Krishtianu Ronaldu kabi jahonning amaldagi "Eng zo‘r futbolchisi" to‘p surgan jamoaning bu kabi yirik hisobdagi mag‘lubiyati ko‘pchilik futbol ahlini hayratga solmay qo‘ymagani tayin.

Jumladan, suhbatdoshimiz Akramjon aka ham bu kabi natija o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini aytadi.

"Men o‘yinda hisob 3:1 bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ya‘ni 3:1 ga Olmoniya yutadi, deb kutgandim. Chunki hozir Olmoniya milliy terma jamoasining saflariga yangi, yangi o‘yinchilar qo‘shilgan. Yosh, yosh futbolchilari yetishib chiqqan", - deydi u kishi.

Bu - 12 iyun kuni Braziliyada start olgan bu galgi jahon chempionatida qayd etilgan ikkinchi yirik mag‘lubiyat edi.

O‘tgan hafta amaldagi jahon chempioni Ispaniya o‘zining ilk uchrashuvida kutilmaganda ashaddiy raqibi Gollandiyaga 1:5 hisobida yutqazib qo‘ygandi.

Bu - Pepening maydondagi xulq-atvori sabab, Olmoniyadek raqiblariga qarshi 50 daqiqadan ortiqroq 10 o‘yinchisi bilan to‘p surgan Portugaliyaning esa, ilk bor o‘z darvozasidan to‘rtta to‘p o‘tkazib yuborishi edi.

Marg‘ilonlik suhbatdoshimiz sevimli milliy terma jamoasining g‘alabasi ortidan, bugun ertalab ataydan pochtaxonaga borib, Toshkentdagi Olmoniya elchixonasiga tabrik telegrammasi yuborganini ham aytadi.

"Bugun esa, qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirib, osh qilib, Olmoniya milliy terma jamoasining kechagi g‘alabasini nishonlamoqchimiz", - deydi Akramjon aka.

Braziliya xayoli

Image copyright uff

Asl kasbi duradgor bo‘lgan 60 yoshli futbolsevar suhbatdoshimiz shu yil boshida BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida velosipedida Braziliyaga borib, Pele va Krishtianu Ronaldu bilan ko‘rishmoqchi, o‘zi ishqibozlik qiluvchi Olmoniya milliy terma jamoasining jahon chempioni bo‘lishini ko‘rmoqchi ekanini aytgandi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, bu - Akram aka Ma‘rufjonovning ilk bor bunga o‘xshash g‘ayriodatiy va kishining aqlini shoshiruvchi taklif bilan chiqishi emasdi.

U kishi 2006 yilgi jahon chempionati paytida ham mezbon Olmoniyaga velosipedda borgan va o‘zlari oilaviy bo‘lib ishqibozlik qiluvchi Myunxenning "Bavariya" klubi afsonaviy darvozaboni Oliver Kanning dastxatini ham olishga muvaffaq bo‘lgan.

Akram aka Oliver Kanning katta futboldan xayrlashuv tadbirida ham shaxsan ishtirok etib, unga o‘zbekona zarbof to‘n va do‘ppi kiydirgan birinchi va hozircha so‘nggi o‘zbekistonlik bo‘ladi.

U kishi Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatiga ham borish rejasida bo‘lganliklari, ammo o‘sha paytda qonlarida shakar miqdori biroz baland bo‘lgani uchun, tibbiy tekshiruvdan o‘ta olmaganliklarini ham aytgandi.

Akramjon akaning Marg‘ilondan biz bilan so‘nggi suhbatida aytishicha, asosiy homiysi bilan bog‘liq muammolar sabab, Braziliyadagi jahon chempionatiga borish orzusi amalga oshmay qolgan.

Ammo suhbatdoshimiz 2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan navbatdagi jahon chempionatiga nima qilib bo‘lmasin, borish rejasida ekanini ta‘kidlashni ham unutmaydi.

"Boraman, menga homiy ham kerak emas. Pul, mablag‘ ham kerak emas. Lekin men Allohga tavakkal qilaman. Alloh hamisha yo‘limni ochiq qiladi", - deydi u kishi.

Ammo, Akramjon akaning suhbatimiz so‘nggida bizga aytishicha, agar o‘sha yilgi jahon chempionatiga Olmoniya qatori, O‘zbekiston ham chiqib qolsa, albatta, o‘z milliy terma jamoasiga ishqibozlik qiladi.

"Baribir, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga muxlislik qilaman. Nimagaki, Amir Timur avlodlarining nimaga qodirliklarini bir dunyo ko‘rsin", - deydi u kishi.

Braziliyada 12 iyun kuni start olgan bu yilgi jahon chempionati esa, 13 iyulga qadar davom etadi.

"G" guruhida keyingi bosqichga chiqish uchun Portugaliya, AQSh va Gana bilan bellashayotgan Olmoniya milliy terma jamoasi 2-tur uchrashuvini 21 iyunda o‘tkazadi.

Dastlabki uchrashuvlari ortidan, to‘plar nisbatidagi farq bilan guruh peshqadami bo‘lib turgan burgutlar bu gal kecha dushanba kuni kutilmaganda AQSh milliy terma jamoasiga yutqazib qo‘ygan ganaliklarga qarshi maydonga tushishadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002