Prezidentlikka nomzod soxtakorlikdan nolimoqda

Image copyright AP
Image caption Doktor Abdulloh Abdulloh ovozlar sanalishini to‘xtatish talabida qat‘iy

Afg‘oniston prezidentligi uchun nomzodlardan biri doktor Abdulloh Abdulloh saylovda keng ko‘lamda qallobliklar ro‘y bergani haqida xabarlar manzarasida ovozlarni sanash jarayonini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan.

Ovoz qutilari raqibi Ashraf G‘aniy manfaatlariga mos to‘ldirilgan, deb aytgan doktor Abdulloh Abdulloh.

Uning aytishicha, saylov komissiyasi nozirlariga ishonch yo‘qolgan.

"Biz o‘z kuzatuvchilarimizdan ularning idoralarini tark etishni so‘radik", deb aytgan doktor Abdulloh Abdulloh.

O‘tgan shanba kuni Afg‘onistonda prezidentlik saylovining ikkinchi davrasi kechgan edi.

Saylovning yakuniy natijalari iyul oyida e‘lon etilishi belgilangan.

Doktor Abdulloh aprel oyida kechgan saylovning ilk davrasida eng ko‘p ovoz to‘plagan, ammo g‘alaba uchun yetarli marraga chiqolmagan edi.

Ashraf G‘aniy janoblari o‘z raqibining so‘nggi da‘volari yuzasidan munosabat bildirmadi.

Doktor Abdullohga ko‘ra, uning bir necha kuzatuvchilari kaltaklangan va hibsga olingan.

Seshanba kuni ular ozod etilgan.

U joriy prezident Hamid Karzayni ham betaraf turmaslikda ayblagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, doktor Abdulloh Abdullohning so‘nggi chiqishlari saylovga bog‘langan umidlarga jiddiy soya solishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002