Iroqda jangarilar neft korxonasiga hujum qilishdi

Image copyright Reuters

Jangarilar Iroqdagi eng yirik neftni qayta ishlovchi inshootni minamyot va avtomat qurollar bilan nishonga olishgan. Xabarlarga ko‘ra, inshootga ikki yo‘nalishdan hujum qilingan.

Xavfsizlik va mahalliy manbalarning aytishlaricha, poytaxt Bag‘doddan 210 chaqirim uzoqda joylashgan Bayji shaharchasidagi korxonaning bir qismidan tutun ko‘kka o‘rlagan.

Hukumat kuchlari Bag‘dodga yaqinlashib kelayotgan jangarilarga qarshi yangi havo hujumlari uyushtirganlar.

Ramadida ham janglar kechgani xabar qilinadi.

Iroq hukumati Diyala va Salohiddin viloyatlarida ham "Iroq va Shom islomiy davlati" guruhi va uning sunniy ittifoqchilariga qarshi kurashmoqda. O‘tgan hafta guruh jangarilari mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar Mosul nazoratini qo‘lga kiritishgandi.

Bosh vazir Nuri al-Malikiy sunniy musulmonlar va kurd rahbarlari bilan televizionda chiqish qilib, milliy birdamlikka chaqirgan. Shu bilan birga ular hukumatga aloqador bo‘lmagan kuchlardan qurollarini tashlashni talab qilishgan.

Ammo, BBC muxbiri Jim Muyrning Iroq shimolidagi Irbil shaharidan xabar qilishicha, bu kabi chaqiriq u qadar ta‘sirli bo‘ladigan ko‘rinmaydi. Chunki, janob Malikiyning o‘zi Iroq qo‘shinlari bilan bir qatorda jang qiladigan shia musulmonlaridan iborat qurolli guruhni tashkil qilishga homiylik qilgan.

O‘tgan hafta jangarilar hujumi boshlanganidan beri yuzlab odamlar o‘ldirildi. Ko‘plari "Iroq va Shom islomiy davlati" jangchilari tarafidan qo‘lga olingan askarlar ekani va ular omma ko‘z o‘ngida otib tashlanganiga ishoniladi.

Joriy hafta Baquba shahri uchun janglarda politsiya idorasida noma‘lum sabablar bilan 44 mahbus nobud bo‘lgan.

Hodisalarning boshqa rivojida:

*Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Tehron Iroqdagi muqaddas ziyoratgohlarni "missionerlar, qotillar va terrorchilar"dan himoya qilishdan ikkilanmasligini aytgan.

*Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud bin Fayzal Iroq ichki urushlar yoqasiga borib qolganidan ogohlantirgan.

*AQSh Prezidenti Barak Obama Kongressdagi Iroq bo‘yicha rasmiylari bilan yig‘in o‘tkazishi kutiladi.

*Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerun chorshanba kuni o‘zining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan Iroqdagi inqirozni muhokama qilish uchun uchrashgan. U "Iroq va Shom islomiy davlati" guruhi Britaniya uchun haqiqiy tahdid ekanini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002