AQShning Markaziy Osiyodagi so‘nggi harbiy qarorgohi bilan xayrlashuv

Image copyright AFP Getty
Image caption "Kalit" yana egasiga qaytdi

O‘n yildan oshiqroq davr mobaynida Manas Qirg‘izistonda bir ma‘noda Amerikaning oroliga aylanib qolgan edi.

Chodirlar, yotoqxonalar va turfa mashinalarning bari Amerikani yodga solar edi.

Har bir tiklangan chodiru yotoqxona va yo boshqa inshoot Amerikadan keltirilgan mahsulotlar bilan qad rostlagan edi.

Hatto elektr ta‘minot nuqtalari amerikacha edi.

Jurnalistlar uchun esa Manas o‘ziga xos bir makon edi.

Bu yerda harbiy uchoqlarga chiqib, uchuvchilar yonida o‘tirib pastdagi unutilmas manzarani tomosha qilish mumkin edi.

Men o‘zim Amerikaning KC 135 uchog‘iga chiqqanim va parvoz davom etar ekan, qiruvchi uchoqqa havoda yonilg‘i quyganimizni hech unutmasam kerak.

Men havoda F-15 qiruvchi uchog‘iga yonilg‘i quyish jarayonini kuzatar ekanman o‘z hayojonimni yashirolmasdim.

Men qiruvchi uchoqda o‘tirgan uchuvchini aniq-tiniq ko‘rib turardim.

Operator shunda "Yonilg‘i quyildi, endi uziling bizdan" deydi.

Qiruvchi uchoq asta yo‘nalishini o‘zgartiradi.

Bundan bir necha oy avval men S-17 transport uchog‘iga chiqdim.

Qorli Bishkekni tark etib atigi bir yarim soatdan keyin quyoshli Mozori Sharifga qo‘ndik.

Manasning ahamiyati ham shunda...Bu havo bazasi Afg‘onistonga juda yaqin joylashgan.

Men qumrang kiyimlardagi askarlarni MRAPlar (minalarga chidamli maxsus harbiy mashinalar)ga minib uchoqqa chiqqanlari va keyin ular parvoz payti siljib netib o‘tirmasin deya maxsus zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yganlarini ko‘rdim.

Bu mashinalar Bagram havo bazasiga tushirilib, o‘rniga uchoqqa Afg‘onistonni tark etayotgan AQSh askarlari chiqishdi.

Men bu yosh va vatanga oshiqayotgan amerikalik askarlar bilan birga uchdim.

Ayrimlar quloqchinlarida musiqa tinglashar, boshqalari esa bir-birlarini quchoqlab selfi (selfie – o‘z-o‘zini suratga olish) olishar edi.

Manasga qo‘nar ekanmiz, askarlar tezgina chodirlarga kirib ketishdi.

Bu yerni ular "Alyaska mehmonxonasi" deb atashar edi.

Mizg‘ib olishni istamaganlar esa stol tennisi va yo bilyard o‘ynashlari yoki videoo‘yinlarda "terrorchilarni" yer tishlatishlari ham mumkin...

Bugun esa "Alyaska mehmonxona"sining barcha chodirlari yig‘ishtirilgan va shunga yaqindagi "Pete’s place" degan bar ham yopilgan.

Bu yerda ortiq Amerika dengizchi kuchlari askarlarini ko‘rmaysiz.

Atrof noodatiy bir ravishda huvillab qolgan.

Image copyright AFP Getty
Image caption Bu askarlar ham Manasni tark etishgan

Qurolli askarlar ham yo‘q...

Manasning yopilishi ham turfa va chalkash siyosatbozliklar bilan kechdi.

Yillarki Qirg‘iziston hukumati Manas bazasini bir yopaman, bir yopmayman deb beqarorlik qilib keldi.

Qirg‘iziston 2009 yilda Manas bazasini yopaman deb qaror qildi...xuddi shu sana atrofida Rossiya Qirg‘izistonga 2 milliard AQSh dollari beradigan bo‘ldi.

Bu qaror ochiqlanar ekan, bizni sobiq Prezident Bakiyev bilan suhbatga olib borishgani yodimda.

Biz qora BMW rusimidagi mashinada qo‘riqchi bilan birga uning qarorgohi tomon otlandik.

Mashinaning derazalari qoraytirilgan edi.

Bakiyev o‘shanda ancha asabiy ko‘ringandi. Qo‘llari titrab turardi. U Manas haqida muhim bir xabarni dunyoga yetkazish niyatida edi.

Ammo sharqona madaniyat emasmi, Bakiyev o‘zi istagan narsani ochiq aytolmayotgani ko‘rinib turar edi.

"Hali ham muzokaralar davom etmoqda...Eshiklarni yopib qo‘yganimiz yo‘q", degan edi u gaplarini bazo‘r qovushtirib...

Keyinroq ma‘lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston Amerika Manas uchun to‘layotgan ijara haqini ko‘tarish maqsadida o‘zini "bozor"ga solayotgan ekan.

Alal-oqibat Manas bo‘yicha yangi kelishuv imzolangan edi.

Ijara narxlari ham ko‘tarildi.

Manas bazasida hech narsa o‘zgarmadi. Faqat uni "tranzit markazi" deb rasman nomlab qo‘yishgandi.

Oradan ko‘p o‘tmay Bakiyev janoblari mamlakatni tashlab qochdi.

Qirg‘izistonda yana bir g‘alayon ro‘y bergandi.

Yangi prezident Atambayev o‘z vakolatlarini ijro eta boshlagan kunning ertasiga yana Manas masalasi ko‘tarildi.

Bakiyevga nisbatan Atambayev janoblari anchayin quvnoq va bosiq ko‘rinar edi.

U lo‘nda qilib Manas bazasi yopilishi kerakligini aytdi.

"Tasavvur qiling, Amerika va Eron urushga kirib qoladigan bo‘lsa ...Eron Bishkek bilan Manasni bombalaydimi", deb so‘ragan edi u.

Rossiya yana milliardlab yordam dollarlari va‘dasini berdi.

Bu gal Manas haqida berilgan qaror o‘zgarmay qoldi.

Manasning yopilish marosimi ham anchayin yupun kechdi.

Aksariyat kayfiyatsiz ko‘rinar, o‘qilgan nutqlar ham anchayin tushkun va qarsaklar ham yakkam-dukkam yangrayotganday edi...

Tarjimon ham Amerika elchisining so‘zlarini tushunmaganday undan qayta-qayta aytganlarini takror etishni so‘rar edi...

Polkovnik Jon Millard Qirg‘iziston mulozimiga ramziy kalitni topshirdi.

Kameralar qarshisida bazo‘r jilmayib qo‘ydi.

Nutqlarda "Amerika mintaqani tashlab qo‘ymaydi" qabilida da‘volar ko‘plab yangragani bilan bir narsa aniq edi.

Manasning tark etilishi Amerikaning Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligiga qo‘yilgan so‘nggi nuqta bo‘ldi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002