Qozog‘iston topshirgan dindorlar "hanuz qiynoqqa solinmoqda"

Image caption ASAT Qozog‘iston mahbuslarning yaqinlariga tovon to‘lashi kerakligini aytadi

Frantsiyada joylashgan ASAT-France (O‘lim jazosi va qiynoqlarga qarshi nasroniylar uyushmasi) inson haqlari tashkiloti uch yil avval Qozog‘istondan O‘zbekistonga topshirilgan 29 nafar dindorning hanuz qiynoqqa solinayotganini aytgan.

Frantsiyalik huquq faollari Qozog‘iston hukumatidan ularga qarshi qiynoq qo‘llangani haqidagi iddaolarni tekshirish va qochqinlarning oilalariga tovon puli to‘lashni tezlashtirishni talab qilganlar.

Jarayon.com saytining tashkilot e‘lon qilgan bayonotdan iqtibos keltirishicha, ASAT qozoq hukumatini qiynoqlarga sheriklikda ayblaydi.

Tashkilotga ko‘ra, 2012 yil yozida mahbuslarning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni tekshirish uchun O‘zbekistonga yo‘llangan Qozog‘iston diplomati o‘zbek qamoqxonasida ularni qiynoqqa solinmaganliklari haqida ariza yozib berishga "majburlagan".

ASAT-France shuningdek, O‘zbekiston hukumatini 2011 yil iyunida Qozog‘istondan ekstraditsiya qilingan qochqinlarni zudlik bilan ozod qilish va ularning jismoniy va ruhiy daxlsizsizliklarini ta‘minlashga chaqirgan.

Image caption Mahbuslar qiynoqqa solinmayotganliklari haqida ariza yozib berishga "majburlangan"

Vatanida dindorligi uchun ta‘qib qilinganini aytgan 29 nafar o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar 2010 yil iyunida Alma -Ota politsiyasi tomonidan ushlangan.

Qozoq tomoni ularning o‘zbek huquq-tartibot idoralari tomonidan og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvga berilganliklarini aytgan.

Qozoq rasmiylari qochqinlarni bir yil davomida hibsda ushlab turishgan va BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligining Olma-Otadagi idorasi ularni qochqinlik maqomidan mahrum qilgan.

Frantsiyaning inson haqlari tashkiloti 2011 yilda 29 nafar qochqin nomidan Birlashgan Millatlarning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga ariza topshirgandi.

O‘z navbatida BMT qo‘mitasi Qozog‘iston hukumatiga ariza ko‘rib chiqilgunicha qochqinlarni ektsraditsiya qilmay turishni tavsiya etgan.

Image caption ASAT Qozog‘istonni qiynoqlarga sheriklikda ayblaydi

Ammo shunga qaramay Qozog‘istonning qochqinlarni O‘zbekistonga topshirish qarori xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining qoralashlariga sabab bo‘lgan.

Qozoq mahkamasi qochqinlar vatanlarida diniy e‘tiqodi tufayli ta‘qib qilingani va O‘zbekistonda qiynoqlarga yuz tutishlari haqidagi da‘volarni rad etgan.

O‘zbekiston hukumati 29 nafar mahbusning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni sharhlamagan.

Mahbuslarning aksariyati qiynoqlar bilan nom chiqargan Qoraqalpog‘istondagi "Jasliq" qamoqxonasida saqlanayotgani aytiladi.

Mahbuslarning Qozog‘istonda qolgan yaqinlari uchinchi davlatda boshpana topishgani yoki izlashayotgani aytiladi.

BBC Parijdan inson huquqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyeva bilan bog‘lanib, avvaliga 29 nafar dindorning haligacha qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlar qanday dalillarga asoslangan, deb so‘ragan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02