Chegara bilmas muxbirlar: "Aleksandr Sodiqov ozod etilsin"

Image copyright BBC World Service
Image caption Aleksandr Sodiqovni josuslikda gumon qilishmoqda

Xalqaro Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Tojikistonda 16 iyunda josuslikda ayblanib hibsga olingan tojik bloggeri va universitet tadqiqotchisi Aleksandr Sodiqovni ozod qilishga chaqirmoqda.

2012 yildan beri Torontoda yashagan inqirozlarni bartaraf etish sohasi bo‘yicha tadqiqotchi Sodiqov Tog‘li Badaxshon viloyatining Xorog‘ shahriga borgan. U mahalliy faollardan Olim Sherzamonov bilan suhbat qilganidan so‘ng g‘oyib bo‘lgan.

Uch kun davomida hech qanday daragi berilmagan Sodiqov hibsga olingani va Dushanbega olib ketilgani haqida Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi 19 iyundagina e‘lon qilgan.

Sodiqov Tojikistonda tug‘ilgan va 10 yil davomida xalqaro mustaqil huquqni himoya qilish tashkilotlarda ishlagan.

2012 yildan Toronto universitetining tadqiqotchisi sifatida Kanadada yashab kelgan.

Sodiqov o‘zining shaxsiy blogida Tojikiston va qo‘shni davlatlardagi siyosiy va ijtimoiy masalalar haqida kuzatishlarini yoritib kelgan.

Aleksandr Sodiqov Xorog‘ga Britaniyaning Ekzeter universiteti tomonidan o‘tkazilayotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf qilish loyihasi bo‘yicha safar qilgan.

Sodiqov hibsga olingach, xavfsizlik xodimlari uning onasi uyida tintuv o‘tkazishadi va Sodiqovning kompyuterini olib ketishadi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga Sodiqov hamkorlik qilgan Ekzeter universiteti uning tadqiqoti haqida ma‘lumot taqdim qilganiga qaramasdan, uni xorijiy davlat foydasiga josuslik qilishda gumon qilishmoqda.

Faollarga ko‘ra, 18 va 19 iyun kunlari Davlat televideniyesi orqali tergov jarayonidan keskin tahrir qilingani sezilib turgan videosini namoyish etgan. Videoda Sodiqov bosim ostida javob bergani sezilgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotiga ko‘ra, ushbu video lavha muxolif faoli Sherzamonovga ham bosim o‘tkazish uchun tayyorlangandek tasavvur uyg‘otgan.

Chegara bilmas muxbirlar bayonotida Sodiqovdan bema‘ni ayblovlar olib tashlanib, tezlikda ozodlikka chiqarilishi kerakligi aytiladi.

Hukumat o‘z tanqidchilari ovozini o‘chirishni va o‘ch olayotganini oqlashni bas qilishi kerak, deyiladi bayonotda.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov 19 iyunda qilgan chiqishida Tojikistonga nodavlat tashkilotlar niqobi ostida xorijga ishlovchi josuslar tahdid solayotganini aytgan.

10 iyundan buyon Tojikistonda YouTube, Google va boshqa bir qator internet tarmoqlariga to‘siqlar qo‘yilgan.

Xorug‘da 2012 yil iyul oyida mahalliy faollar va hukumat kuchlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin o‘z manfaatlariga zid axborot tarqalishining oldini olish maqsadida hukumat matbuot va internetga nazorat o‘rnatgan.

-----------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02