Putin Ukrainaga qo‘shin kiritishdan voz kechdi

Image copyright AFP
Image caption Prezident Poroshenko Putinning qarorini olqishlagan

Prezident Putin Rossiya parlamentining yuqori palatasi-Federatsiya Kengashidan Ukraina hududida harbiy kuch ishlatish yuzasidan shu yilning 1 mart kuni o‘ziga berilgan vakolatni qaytarib olishni so‘ragan.

Janob Putin qo‘shin kiritishdan voz kechish qarorini Ukraina janubi-sharqidagi inqirozga barham berish bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning boshlangani bilan izohlagan.

Putinning voiziga ko‘ra, u seshanba kuni Venaga uchib ketishi oldidan bu haqda Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoga ko‘rsatma bergan.

Ukraina Prezidenti Petr Poroshenko Putinning Federatsiya Kengashiga murojaatini "Ukraina sharqidagi inqirozni yechishga qaratilgan rejani qo‘llab-quvvatlash yo‘lida qo‘yilgan ilk amaliy qadam" deya olqishlagan.

Putin Ukrainaga qo‘shin kiritish ehtimolini u yerdagi Rossiya fuqarolarini himoya qilish maqsadi bilan tushuntirgan edi.

G‘arb buni tajovuz deb atab, Rossiya hukumatining qarorini qoralagan.

Ayni paytda Ukrainadan kelayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Slavyansk shahrida ukrain harbiylariga tegishli vertolyot urib tushirilgan.

Hodisada 9 nafar ukrain askarlari halok bo‘lgan.

Bo‘lginchilar vertolyot halokati yuzasidan sharh bermaganlar, ammo oldinroq Prezident Poroshenko e‘lon qilgan otashkesimni qo‘llab-quvvatlashgan.

Jazo choralari

AQSh Prezidenti Barak Obama Prezident Putinni Ukrainaga qurol-yarog‘ oqimini to‘xtatish va bo‘lginchilarni dastaklashga chek qo‘yishga chaqirgan.

Oq Uyning ma‘lum qilishicha, telefon muloqoti chog‘ida janob Obama Moskvani qo‘shimcha jazo choralaridan ogohlantirgan.

Kremlning aytishicha, janob Putin rasmiy Kiyev hamda bo‘lginchilar orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishi kerakligini aytgan.

Rossiya bo‘lginchilarni qurollantirayotganini rad etib keladi.

Image copyright AP
Image caption Avvalroq Prezident Obama Putinni qo‘shimcha jazo choralari haqida ogohlantirgan edi

O‘tgan hafta Vashington Rossiyaning bir necha tank va zirhli mashinalari Ukrainaning sharqiy chegarasini kesib o‘tganini aytgan edi.

Rossiya esa bironta ham tanki chegaradan o‘tmaganini aytmoqda.

Dushanba kuni shuningdek, AQSh Davlat Departamenti Rossiyaning janubi-g‘arbida tanklar Ukrainaga yurish uchun shay turgani haqida ma‘lumot olganini bildirgan.

Ukrainadagi inqirozni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa‘y-harakatlar davom etarkan, AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden dushanba kuni Ukraina Prezidenti Petr Poroshenko bilan telefonda so‘zlashgan.

Oq Uyning aytishicha, janob Bayden Poroshenkoga uning tinchlik rejasini qat‘iyan qo‘llab-quvvatlashlarini aytgan.

Tinchlik muzokaralari

Ayni paytda Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar Prezident Poroshenko e‘lon qilgan otashkesimga rioya etishlarini aytishgan.

Ukraina Prezidenti ilgari surgan 15 banddan iborat tinchlik rejasining bir qismi bo‘lgan otashkesimning muhlati juma kuni tugaydi.

Isyonchilarning juma kuniga qadar o‘t ochishni to‘xtatishlari haqida o‘zini "Donetsk Xalq Respublikasi"ning rahbari deb e‘lon qilgan Aleksandr Boroday bildirgan.

Bo‘lginchilar rahbari dushanba kuni Donetskdagi tinchlik muzokaralarida ham qatnashgan.

Image copyright Reuters
Image caption Bo‘lginchilar dushanba kuni o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganlar

Muzokaralarda yana bir bo‘lginchi mintaqa - Lugansk vakillari ham ishtirok etgan.

Shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi elchisi Mixail Zurabov, Ukrainaning sobiq Prezidenti Leonid Kuchma hamda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidan vositachilar ham muzokaralarga qatnashganlar.

O‘tgan hafta Prezident Putin tinchlik rejasini ehtiyotkorlik bilan olqishlagan edi.

Reja sharqiy mintaqalarga ko‘proq vakolatlar berish, muddatidan avval saylovlar o‘tkazish va Rossiya bilan chegarada 10 chaqirimlik bufer hududi barpo etish singari takliflarni o‘z ichiga oladi.

Isyonchilar ukrain armiyasi hududni tark etmagunicha qurollarini tashlamasliklarini aytishmoqda.

Ular hanuz Donetsk va Luganksdagi hukumati binolarini nazorat qilishmoqda.

Ukraina masalasi juma kuni Bryusselda o‘tadigan Ovro‘po Ittifoqi sammitining ham markazida bo‘lishi kutiladi.

Sammit chog‘ida Ovro‘po rahbarlari Rossiyaga qarshi qo‘shimcha jazo choralarini e‘lon qilishlari mumkin.

Juma kuni shuningdek, Ukraina va OI o‘rtasidagi hamkorlik bitimi imzolanadi.

Sobiq prezident Viktor Yanukovichning o‘tgan yil noyabrida bitimni imzolashdan bosh tortishi uning hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan siyosiy noroziliklarning boshlanishiga sabab bo‘lgan edi.

---------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02