Afg‘oniston global jihodning yangi markaziga aylanishi mumkinmi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AP

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, harakat janubiy Helmand viloyatidagi kutilmagan va yirik hujumi bilan Afg‘oniston va xalqaro hamjamiyatga toliblar tirik, qudratli va xorijiy qo‘shinlar chiqib ketishi bilan hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi, deb ishora bermoqchi.

Beshinchi kundirki, kuchli qurollangan mingdan ortiq Tolibon jangarisi o‘zlarining Afg‘onistondagi ikkita tayanch nuqtalaridan biri sifatida ko‘rilgan viloyatda qaqshatqich janglar olib borishmoqda.

Allaqachon o‘ttizdan ortiq insonning nobud bo‘lgani, afg‘on xavfsizlik kuchlaridan 40 nafari o‘ldirilgani va ikki mingdan ortiq kishining o‘z turar-joylarini tashlab chiqishgani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, hozirga kelib janglar viloyatning to‘rt tumaniga yoyilgan va mintaqaga qo‘shimcha madad kuchlari ham yuborilgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, bu - Tolibon harakatining shu yil hisobidan qo‘shni Afg‘onistonda uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan eng yirik va kutilmagan hujumi bo‘ladi.

Ustiga ustak, o‘tgan 13 yil davomida Helmand Afg‘onistonning katta sondagi Britaniya va so‘nggi paytlarda AQSh kuchlari hozir bo‘lgan eng muhim viloyatlaridan biri ham sanaladi.

Helmand bir tomondan Pokiston bilan chegaradosh, ikkinchi tarafdan Afg‘onistonda ishlab chiqarilayotgan bangivor moddalarning markazi ham hisoblanadi.

Jumladan, Frantsiyadan mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, so‘nggi hujumi bilan Tolibon harakati Afg‘onistonda shakllangan siyosiy-psixologik muhitda inqilob yasashni maqsad qilgan.

Unga ko‘ra, harakat janubiy Helmand viloyatidagi kutilmagan va yirik hujumi bilan Afg‘oniston va xalqaro hamjamiyatga toliblar tirik, qudratli va xorijiy qo‘shinlar chiqib ketishi bilan hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi, deb ishora bermoqchi.

Ayni o‘rinda tahlilchilar kuchli qurollangan katta sondagi Tolibon jangarisi ishtirokidagi kutilmagan hujumning G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlari afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay, ortga safarbarlikni boshlab yuborgan bir paytga to‘g‘ri kelayotganiga alohida diqqat qaratishadi.

Ular yil yarmiga kelib ham, rasmiy Vashington va Kobul o‘rtasida minglab sondagi xorijiy qo‘shinlarning afg‘on tuprog‘ida qolishiga imkon beruvchi muhim xavfsizlik shartnomasining imzolanmagani Afg‘onistonni juda og‘ir vaziyatga qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirishadi.

Londondan xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojersning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Afg‘oniston Tolibon harakatining yurak yutib uyushtirgan bu kabi dadil hujumi uning o‘ziga bo‘lgan bugungi ishonchiga dalolat qiladi.

Image copyright AFP

"Juda tarqoq bo‘lishsa-da, Afg‘onistonning aynan janubiy Helmand va Qandahor viloyatlarida toliblar hamisha katta sonda hozir bo‘lib kelishgan. O‘z qudratlarini ham juda sir tutib kelishgan. O‘zlarini panada tutishgan. Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan chiqib ketishlarini kutishgan. To‘g‘ri, viloyatda hozir ham AQSh va britan qo‘shinlari bor. Ular ham hozir viloyatni jadallik bilan tark etishmoqda. Asosiy faoliyatlari esa, joriy pallada janglardan ko‘ra, mavjud harbiy bazalarini buzib tashlash va qurol-aslahalarini taxlab, olib chiqib ketishga qaratilgan. Hamma toliblar kelasi yilgacha kutsa kerak, deb o‘ylagani uchun ham, so‘nggi hujumlari ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi", - deydi tahlilchi.

Pol Rojersga ko‘ra, Helmandda kechayotgan janglar Afg‘oniston Tolibon harakatining bugungi qudratiga dalolat qilishi mumkin.

"Amerika harbiylarining bu hujumlarga qandaydir ma‘noda javob berishi ehtimoli haqiqatdan yiroq, deb o‘ylayman. Chunki ular Afg‘onistonni deyarli butkul tark etishga qaror qilishgan. Shuning uchun ham, menimcha, voqealarning bu kabi rivoji harakatning ko‘pchilik kutganidan ko‘ra ertaroq hujumga o‘tishiga dalolat qilishi mumkin", - deydi u.

Xalqaro tahlilchining ta‘kidlashicha, Pokiston Qurolli kuchlarining Afg‘onistonga chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida olib borayotgan yirik harbiy amaliyotlari ham Afg‘oniston Tolibon harakatining kuchayishiga xizmat qilmay qolmaydi.

Image caption Pol Rojersga ko‘ra, Helmandda kechayotgan janglar Afg‘oniston Tolibon harakatining bugungi qudratiga dalolat qilishi mumkin

"Tolibon harakati shundoq ham Afg‘oniston janubi va janubi-sharqida katta ta‘sir va qudratga ega. Ustiga ustak, Pokiston Tolibon harakati bilan ham yaqin aloqada. Chegaraosha hamkorliklari bor. Bu kabi harbiy amaliyotlar chog‘ida biz ularning bir-birlarining hududlariga o‘tib kelishganiga guvoh bo‘lib kelganmiz. Shuning uchun ham, Pokiston shimoli-g‘arbida kechayotgan harbiy amaliyotlar sabab, Afg‘onistondagi Tolibon harakati va ittifoqchilari kuchayayotgan bo‘lishi mumkin", - deydi u.

Frantsiyadan mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha esa, xuddi shu holat manzarasida O‘zbekiston Islomiy Harakati va Tolibon doxil boshqa isyonchi guruhlarning butun mintaqa uchun shu paytgacha bo‘lib kelgan xavotir omilidan tahdid omiliga aylanishi potentsiali paydo bo‘lgan.

Image copyright AP

"Toliblar yo‘qolmadi. Ular bilan siyosiy muzokaralar olib borish ham samara bermayapti. Harakat ozuqa olgan asosiy manba‘ jamiyat ekani bois, toliblarni harbiy yo‘l bilan yo‘qotishning imkoniyati ham mavjud emas. Shu bois ham ularning qaytadan hokimiyatga kelish potentsiali saqlanib qoladi. Toliblar hokimiyatga keladigan bo‘lsa yoki Afg‘onistonning ma‘lum bir hududlarida o‘z nazoratini o‘rnatadigan bo‘lsa, ana u yerga Markaziy Osiyodan jihodchi kuchlar yig‘ilib, Suriya va Iroqdan tashqari, Afg‘oniston ham muammoviy bir hududga aylanadi", - deydi u.

Eng so‘nggida har ikki tahlilchi suhbatdoshimizning birdek e‘tirof etishicha, shunda ham, Afg‘onistondagi vaziyatning bugungi Iroqdagisi kabi tus olishi ehtimoli haqiqatdan ancha yiroq.

Jumladan, Frantsiyadan Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, bu o‘rinda Tolibon harakati o‘yin qoidalarining allaqachon shakllanib bo‘lgani muhim rol o‘ynaydi.

"Iroqdagi vaziyatdan farqli o‘laroq, Afg‘onistonda toliblarga muqobil yoki Tolibondan boshqa, ularni izdan chiqaradigan boshqa kuch shakllanishi istiqboli ko‘rinmaydi. Ularning asosiy maqsadi - Karzay hokimiyati yoki dunyoviy G‘arbga moyil bo‘lgan hukumatni ag‘darib tashlab, Shariatga asoslangan avvalgi Islomiy amirlikni Afg‘onistonda qaytadan tiklash. Ya‘ni, bu yerda mazhabiy kurash yo‘q, bu yerda geo-siyosiy kurash yo‘q, bu yerda aynan diniy va etnik qarashdagi kurash mavjud", - deydi suhbatdoshimiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002