Hindistonlik hamshiralarning... Iroq orzusi

Image copyright Sonia Jomon
Image caption "Qarzlardan qutilish yo‘li - Iroqda ishlash"

Iroqning jangarilar nazoratida qolayotgan Tikrit shahri shifoxonasida 46 nafar hindistonlik hamshira faoliyat qiladi. Ular imkon qadar tezroq Iroqdan chiqib ketish ilinjida.

Ammo, yaqindagina - janglar boshlanib ketishidan biroz oldin ta‘til uchun uylariga kelgan ikki hamshira BBCga gapirarkan, ortga qaytish istagida ekanlarini bildirishgan.

"Iroqdagi vaziyatdan tashvishdamiz, lekin men u yerga qaytib ishlashni xohlayman", deydi Sindhu. U Hindiston janubidagi Kerala shtatidan va Iroqning Nasiriya shaharchasidagi kasalxonada faoliyat olib boradi.

28 yoshli Sindhu "Iroq va Shom Islomiy davlati" yetakchiligidagi sunniy jangarilar mamlakat shimoli va markaziy shaharlariga hujum qilishlaridan bir kun oldin 10 iyun kuni ta‘til uchun Hindistonga qaytgandi.

Uning qaytish chiptasi 26 iyunga olingan, biroq Hindiston o‘z fuqarolariga Iroqqa safar qilmaslik yuzasidan maslahat bermoqda.

Sindhu Iroqdagi vaziyatdan ogoh, ayniqsa, Mosul shahridan hind qurilish shirkati 40 ishchisining o‘g‘irlab ketilgani haqidagi xabarlardan so‘ng hushyor tortgan.

Ammo, agar u ortga qaytmasa, o‘qishi uchun olgan "yirik miqdordagi" qarzi va Iroqdan ish torib bergani uchun agentlikka to‘lagan pulini topa olmasligidan xavotirda.

"Nasiriyadagi do‘stlarim menga har kuni qo‘ng‘iroq qilishadi va u yerda hech qanday muammo yo‘qligi, qaytib boraversam bo‘lishini aytishadi. Hammamiz asabiy holatdamiz. Ish topib bergani uchun agentlikka men 150, 000 rupiy (2,500 Amerika dollari) to‘laganman", deydi u.

"Onamning buyragi kasal. U har hafta qonini tozatib turishi kerak. Otam oddiy dehqon, u ta‘lim olishim va ishga yollovchi agentlikka to‘lash uchun do‘stlaridan qarz olgan. Ayrimlar qarz uchun foiz olishadi, ba‘zilar yo‘q. Men hali bu qarzlarni to‘lashim kerak", deydi Sindhu.

Oz maosh

Iroqqa ketishidan oldin Sindhu Dehlida hamshira bo‘lib ishlagan va oyiga 11, 000 rupiy ($183) maosh olgan. Nasiriyada unga 850 dollar to‘lashadi.

U Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlar, masalan, Saudiya Arabistoni, Quvayt yoki Qatarda ishlay olmaydi. Chunki, uning hamshiralik guvohnomasi u yerlarda qabul qilinmaydi.

"Men to‘g‘risi nima qilishni bilmayman", deydi Sindhu.

Uning dugonasi Soniya Jomon ham Iroqdagi ishidan ta‘tilga chiqib uyiga qaytgan. Soniya ham o‘qishi uchun olingan qarzlarni qanday to‘lashdan xavotirda.

"Men ishga yollovchi agentlik uchun olingan qarzdan qutilganman. Ammo, Hindistondagi oylik bilan o‘qishim uchun olingan pullarni qanday qaytarishni bilmayman", deydi u.

Soniya "Iroqdagi muammolar hal etilgunga qadar" kutishga tayyor. "Men u yerda ishlashni istayman, chunki bu menga yoqadi", deya qo‘shimcha qiladi u.

Tikritdagi hamshiralar ham yo Hindistonga qaytib ketish va yo Iroqda qolish tanlovi qarshisida qolishgan.

Ko‘plari qarzga botgan va ular Iroqdagi beriladigan kattagina maosh bilan undan qutilishga qodir bo‘lishlarini aytadilar.

Ba‘zilar Kerala shtati hokimiyatidan yelkalaridagi qarzdan xalos qilishni so‘rab murojaat qilishgan. Ular shundagina urush holatidagi mamlakatdan uylariga qaytib borishlari mumkinligini bildirishgan.

Ammo, Sindhu hukumatdan ham yordam so‘ray olmasligi, chunki uning qarzlari do‘stlaridan olingan.

"Kerala hukumati qarzlarni bekor qilishga qaror bergan taqdirda ham, men o‘zimnikidan qutilishga umid qila olmayman. Men qarzni bankdan olmaganman, hukumatga nimani ko‘rsatay?"

Kerala shtatining xorijdagi fuqarolar bilan shug‘ullanuvchi vazirligi "asosiy vazifa hozir keralaliklarni notinch nuqtalardan qaytarib olib kelish. Hozir qarz masalasi ikkinchi darajali" ekanini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002