Do‘ppi kiying "ipaklari tillodan!"

Eshitdimki, qo‘qonlik kommunal ishchilar yer qaziy turib 13 kilo tillo g‘isht topib olibdiyu keyin uni hukumatga topshiribdi. Hammaning og‘zida hozir shu gap. Endi hukumat bu tillo topildiqni nima qilar ekan, deb ko‘pchilik bosh qotirmoqda. Men esa nima demoqchiman!? Shu xalqdi bir vakili sifatida demoqchimanki, o‘sha tilloni eritib tolaga aylantirish kerak, keyin bu tolalarni marg‘ilonlik do‘ppido‘zlarga berish kerak. Nega deysizmi? Unda sabr bilan eshiting.

Eski tanishimni Eski Jo‘va yo‘lida uchratib qoldim. O‘zbekchilik, yarim soatlik salom alikdan so‘ng muddaosini so‘rasam, parik qidirib yuribman, deydi. Boshiga qarasam tim qora sochi sirka tushsa topish tugul, qaychi kirmas holda qalin changalzor.

"E, yo‘q, o‘zimga emas, litseyda o‘qiydigan qizimga kerak. Kecha tuni bilan men, xotinim, qizim uchchovimiz bosh qotirib, shu yechimga keldik. Yana bilmadim, qaytib borgunimcha ular aynib qolmasa agar..." deya tanishim mujmallandi.

Qizi bechora kasal bo‘lsa kerak, ko‘ngliga tegmasin deb sekin gappi aylantirmoqchi edim, o‘zi dardini dasturxon qildi-qo‘ydi.

Hozir har kallada har xayol. Kimdir bolasini hujjatini ko‘tarib litseyu kollej eshigi tagida sarson bo‘lsa, yana kimlardir bolasini katta o‘qishga kiritish tashvishida. Bolaning hujjatini maktabdan olib kollejga topshirishning o‘zi bir muammo, ota-onadan tortib maktab o‘qituvchisigacha ovora. Navbatni aytmaysizmi uzunligini. Lekin yana bir toifa odamlar borki, ularning tashvishi anchayin boshqacha, eski tanishim o‘sha toifadan ekan.

Ya‘ni bu toifa kishilarning tashvishi shuki, qizlari hijob yoki ro‘mol o‘raydi. Kollej va litseylarda kursdan kursga o‘tayotgan qizlardan o‘qituvchilar tilxat yozdirib olayotgan ekan. Tanishimning qizi ham shu taxlitda tilxat, ota-onasi esa kafolat xati yozib beribdi. Ya‘nikim, "qizim sentabr oyidan litseyga hijobda kelmasligi kafolatini olaman, aks holda qizimni kollejga o‘tkazdirib yuborilishiga roziman", degan ma‘noda. Ro‘mol va hijob o‘ragan qizlar talaygina, ularning hammasi hozir tashvishda. Endi bizda hamma bolasini litseyda o‘qishini xohlaydi, kollejdan xudo saqlasin, deydi, ayniqsa, qiz bolalarga.

Maorif mas‘ullari shu kunlarda qattiq bosh qotirmoqda ekan, ikki yo‘ldan biri tanlanar emish: yoki qizlarga ro‘molni iyaklari tagidan emas, bo‘ynilari orqasidan qilib tang‘ishga ruxsat beriladi yoki ro‘mol va hijob umuman ta‘qiqlanib, faqat do‘ppi kiyishga izn beriladi. Umuman olganda, do‘ppi masalasi ham hali aniq bo‘lmay, balki hech bir bosh kiyimiga ruxsat berilmasligi ham mumkin emish. Ustozlardan biri hijobli qizlarni yig‘ib, qaysi biriga bo‘lsa ham tayyor turinglar, yana duoda bo‘linglar, deganmish.

Tanishimning aytishicha, qizi o‘qishda ustozlari va dugonalari bilan bu masalani muhokama qilib, agar hammasi ta‘qiqlansa, parik kiyish eng maqbul yo‘l bo‘ladi, chunki uzun sochli parik bosh va bo‘yinni yopib turadi, deya o‘zlaricha bir yechimga kelibdi. Biroq bu yechimning ham bir lokini bo‘lib, u ham bo‘lsa, aslida hijobdan maqsad qiz bolaning ko‘zga tashlanmay yurishi bo‘lsa, parik aksincha, hammaning diqqat-e‘tiborini tortadiku, degan mulohaza ekan.

Endi tanishim bir parik topib, qiziga kiydirib ko‘rmoqchi emish, qani nima gap bo‘ladi? Rosti gap, bu masalaga men ham darrov qiziqib qoldim. Darhol tanish-bilishlardan surishtirib ko‘ruvdim, hijob va ro‘mollarni do‘ppiga almashtirish varianti haqiqatga yaqinroq degan xabar topdim. To‘g‘rida, ko‘chalardagi katta reklom suratlarida ham qiz bolalar chiroyli marg‘ilon do‘ppilarda tasvirlanadi. Endi shu qizlarni, ayniqsa shaharlik talaba qizlarni do‘ppiga qiziqtirishning bir yo‘li uning yaltiroq zar iplari o‘rniga haqiqiy tillo ipaklardan foydalanish.

Hazillashayotganim yo‘q, ana "Ayfon"(iPhone) degan telefonning tillo suvi yugurtirilgani bor ekan, bizda eng kazo-kazolar, prokuroru melisalar ko‘tarib yuribdi hozir.

Taklifim shuki, avval boshda aytganimdek, marg‘ilon do‘ppilarning ipaklari tillodan bo‘lsa, barcha talaba qizlar talashib kiyadi. Maorifdagi mas‘ullarning ham, ota-onalarning va nihoyat qiz bechoralarning ham bosh og‘rig‘i kamayadi. Besh-olti yil avval "Do‘ppi tikdim ipaklari tillodan" degan qo‘shiq xit bo‘luvdi, orzuga ayb yo‘q, bu endi haqiqatga aylanib ketsa ajab emas.

Ha shunaqa gaplar. Eski tanishim bozorning tepa qismiga yo‘l oldi, men esa zargarlik do‘koni tomon shoshdim, axir taklifim quruq bo‘lmasin, 13 kilo tillodan qancha uzunlikdagi tillo ipak olish mumkin, shuni bilib olishim kerakku.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002