AQSh Markaziy Josuslik Xizmati va "Doktor Jivago"

Boris Pasternak 1958 yili Nobel mukofotini olgan
Image caption Boris Pasternak 1958 yili Nobel mukofotini olgan

Boris Pasternak qalamiga mansub "Doktor Jivago" romani Sho‘ro tuzimini qattiq tanqidga olgani tufayli Sovet Ittifoqida 1988 yilgacha chop etilmagan. Aynan bu sababdan Markaziy Josuslik Xizmati (MJX) Sho‘rolar aholisiga bu kitobni "taqdim" qilishga kirishadi.

1958 yilning sentyabr boshlarida Hollandiya josuslik xizmatining agenti Jyup van der Vilden uyiga qog‘ozga o‘ralgan kichik bir paketni olib keladi. Bu G‘arb va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi sovuq urushda MJX qo‘llamoqchi bo‘lgan eng so‘nggi qurol edi.

Uning bevasi Reychel van der Vildenning aytishicha, "O‘zim josuslik hizmati tajribasiga ega bo‘lganim uchun, erim o‘z qo‘li bilan paketni uyga olib kelgani o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanligini sezganman". Paket ichida murakkab harbiy texnologiya bo‘yicha qo‘llanma emas, balki birinchi bor rus tilida chop etilgan Doktor Jivago romanining nusxasi edi.

"Bu juda ham ajoyib edi. Loyiha ishlaydimi, yo‘qmi degan fikrlar boshimdan o‘tgan", - deydi Reychel van der Vilden. Uning o‘zi Britaniyaning tashqi razvedka xizmatini tashlab, turmush qurgandan so‘ng Haagaga ko‘chib ketgan. U turmush o‘rtog‘ining qo‘li bilan paketga yozilgan "1958 yil, 6 sentyabr" sanani ko‘rsatadi.

Jyup van der Vilden maxfiy bosmaxonalarda chiqqan va bir necha noshirlardan yig‘ilgan kitobning nusxalarini MJXga topshirgan. MJX romanning bir necha yuz nusxasini rus tilida chop etib, qo‘shni Belgiyada o‘tkazilishi kutilgan xalqaro ko‘rgazmaning Sho‘rolardan kelgan ishtirokchilariga tarqatishni rejallashtirgan.

Rossiyada Pasternak uzoq muddatdan beri mashhur shoir va tarjimonlardan biri deb sanalgan. Shuning uchun, ko‘rgazmaga kelgan ishtirokchilar uning yagona romanini o‘qishga qiziqish bildirishlari mumkin degan g‘oyaning paydo bo‘lishi bejiz emas.

Amerikaliklar ba‘zilar kitobni o‘zlari bilan uyga olib borib, o‘z do‘stlariga ko‘rsatib, "samizdat" orqali nusxalarini ko‘paytirib, kitob kengroq doiralarga tarqalishiga umid bog‘lashgan. Yaqinda ommaga oshkor bo‘lgan MJXning hujjatlari va ular asosida chop etilgan "Jivago ishi: Kreml, MJX va taqiqlangan kitob ustidan kurash" nomli asarda Pasternak romani "kuchli propaganda" va "o‘ylashga undovchi hususiyatlarga " ega bo‘lgani haqida aytiladi.

"Biz sovet fuqarolariga hukumatning muammolari borasida fikrlashlariga imkon berdik. Chunki dunyoda buyuk rus yozuvchisi deb tan olingan adibning asarini o‘z mamlakatidagi muxlislar olib o‘qiy olmasalar, demak hukumat tutgan siyosati noto‘g‘ri degan ma‘no kelib chiqadi bundan", deyiladi hujjatlardan birida.

Roman rus shifokori va shoiri Yuriy Jivagoninng hayotini 1917 yil inqilobidan oldin va undan so‘nggi alg‘ov-dalg‘ov vaqtlar haqida hikoya qiladi. Jivago uylangan bo‘lsa ham Lara ismli ayolga oshiq bo‘lib qoladi. Lara muqaddam ashaddiy bolshevik bilan turmush qurgan bo‘ladi.

Shuningdek, syujet ularning mahkum munosabatlari va davrning yirik hodisalari bilan chigaallashib ketgan hayotlarini kuzatib boradi. "Pasternakning insonparvarlik g‘oyasi – har bir shaxs qanday siyosiy qarashlarga ega bo‘lmasin va davlatga qo‘shgan xissasiga qaramay, avvalambor inson sifatida hurmatga sazovor bo‘lishi kerak.Bu g‘oya "kommunistik tuzumga har bir kishi bor hayotini qurbon qilishi kerak" degan Sovetlarning ahloq qoidalariga mutlaq zid kelgan", deyiladi boshqa hujjatda.

Image copyright BBC World Service

"Nazarimda, sovet mulozimlari roman ruhini qabul qilolmaganlar", - deydi "Vashington Post" ro‘znomasining muxbiri va "Jivago ishi" kitobining mualiflaridan biri Piter Finn. "Ularning fikricha, roman inqilobga qarshi qaratilgan, hamda sovet davlatini faqat salbiy tomondan ko‘rsatgani sabab mazkur asarni ular rad qilganlar".

Pasternak SSSRda uning asari hech qachon chop etilmasligini bilib, 1956 yili qo‘lyozmaning bir necha nusxasini xorijliklarga berishga qaror qiladi. Ular orasida Moskvada jurnalist bo‘lib ishlagan kommunist Serjio D’ Anjelo va italiyalik kommunist, nashriyotchi Janjakomo Feltrinelli bo‘lgan.

D’Anjelo Pasternakga bag‘ishlangan kitobida yozishicha, u 66 yoshli adibni uchratish maqsadida 1956 yilning may oyida Moskva tashqarisidagi Peredelkinoda joylashgan dala hovlisiga tashrif buyuradi.

"Pasternak o‘z bog‘ida oddiy kiyimida meni kutib oldi. Bizni ko‘rishi bilan, kulib oldimizdagi darvozani ochib, qo‘lini uzatdi. Qo‘l berib ko‘rishganimiz bizda yaxshi taassurot qoldirdi", yozadi u.

D’Anjeloga qo‘lyozmasini topshirar ekan, Pasternak "dunyo bo‘ylab chop etilsin" deb aytdi. Undan so‘ng "shunday qilib, sizni mening otib o‘ldirishimda hozir bo‘lish uchun taklif qilaman", deb kinoya bilan qo‘shib qo‘ygan ekan.

Bir hafta o‘tgach, D’Anjelo qo‘lida qo‘lyozma nusxasi bilan Moskvadan Sharqiy Berlinga uchib ketdi. Baxtiga bojxona xodimlari unga tegishli yukni tekshirishmagan. Berlinga yetib kelgach, mazkur nusxani u shaxsan Pasternak bilan shartnoma imzolagan Fetrinelliga topshiradi.

Feltrinelli sovet hukumati va Italiya kommunist partiyasidan "Doktor Jivago"ni chop etmaslik borasida qilingan qator talablarga bo‘ysunmadi va roman 1957 yili noyabr oyida italyan tilida nashr etildi.

Romanning rus tilida paydo bo‘lishi

Image copyright
Image caption "Doktor Jivago" asosila badiiy film tasvirga olingan

MJXning maxfiy hujjatlarida MI6 ya‘ni Britan josuslik xizmati ham qo‘lyozmaning nusxasini qo‘lga kiritishga muvafaq bo‘lgani va amerikaliklarga topshirgani aytiladi.

Bundan so‘ng MJX Haagada rus kitoblarini nashr etishda tajriba ortirgan nashriyotchi bilan kelishib oladi.

"Ular, tabiiyki, Amerikani bu ishga aralashmasligini xohlardilar, shuning uchun boshqa uchinchi mamlakatni tanlashgan", deydi van der Vilden, o‘zi bu amaliyotda hech qanday rol uynamaganini ta‘kidlab.

Uning ishonishicha, uning turmush o‘rtog‘i ikkinchi jahon urushida yashirin bosmaxona nashriyotchilari bilan tuzgan aloqalari bois mazkur rolga tanlangan bo‘lgan.

Nashr etilishi bilan roman Bryussel ko‘rgazmasida rus immigrantlari tomonidan Sovet ittifoqidan kelgan bir necha ming ishtirokchilar orasida tarqatilgan.

"So‘ngra kitoblarning moviy rangdagi muqovalarini ko‘rgazma pollarida ko‘rish mumkin edi. Kitobni qo‘lga olishlari bilan, uni yashirish maqsadida muqovasini yirtib tashlab, sahifalarni bo‘lib, ichki cho‘ntaklariga joylashtirganlar", deb qayd etiladi "Jivago ishi"da.

Image copyright BBC World Service
Image caption Jyup van der Vilden uyiga qog‘ozga o‘ralgan kichik bir paketni olib keladi

Amaliyot qanday o‘tgani borasidagi xabar Pasternakkacha yetib boradi va u Parijdagi do‘stiga bunday yozadi: "Doktor Jivago" rus tilida chiqqani rostmi? Eshittishimcha, Bryussel ko‘rgazmasi ishtirokchilari go‘yoki asarimni ko‘rishgan ekan."

Finn hammualifi bo‘lgan Petra Kavining aytishicha, kitobning aniqlanmagan soni Moskvagacha yetib borgani ma‘lum edi.

"Biz bir nusxa SSSR davlat kutubxonasida borligini aniqladik. Kitob bojxona xodimlari tomonidan musodara etilib, maxsus ma‘n etilgan kitoblar to‘plamiga jo‘natilgan bo‘lishi mumkin", deydi Petra Kavi.

Biroq loyiha amalga oshirilgani bilan hamma ham qoniqmagan. Kitobni nashr etgan hollandiyalik shirkat mualliflik huquqlariga ega bo‘lgan Fetrinellidan ruxsat so‘ramagani uchun, Fetrinelli shirkat xodimlarini sudga berishga tahdid qilgan.

Janjalda MJXning ishtirogini oshkor qilish xavfi paydo bo‘ldi. Buni nazarda tutgan MJX Fetrinelli bilan suddan oldin kelishuvga erishishga qaror qiladi.

Kelajakda bunday muammolarning paydo bo‘lishini oldini olish uchun MJX kichikkina kitoblarni Amerikada chop etishga qaror qiladi. Ular ayrim bir Frantsiyalik shirkatning to‘qilgan nomi ostida nashrdan chiqqan.

"Doktor Jivago" ning rus tilidagi nusxalari Sovet Ittifoqi va Sharqiy Ovro‘podan Venada o‘tkazilgan yoshlar va talabalar festivaliga kelgan ha‘yat a‘zolari orasida tarqatildi.

Sharqiy Ovro‘poga MJX yuborgan kitoblar

Venaga SSSRdan kelgan yoshlarga hamrohlik qilgan sovet masalalari bo‘yicha "tadqiqotchilar" ularga "kitobni ol, o‘qi, biroq mutlaq uyingga olib ketma", deb aytgan ekanlar.

MJXning "Doktor Jivago" amaliyoti sotsialistik blok mamlakatlarida ma‘n etilgan kitoblarni, jumladan, Jorj Oruel, Jeyms Joys, Vladimir Nabokov va Ernst Heminguey asarlarini maxfiy yo‘llar orqali yuborishni ko‘zlagan kengroq loyihaning bir qismi edi.

"Ular adabiyotning kuchli tasirini bilib turib, yiliga millionlab dollar sarf etishga tayyor edilar. Natijada sovuq urushi davrida, tahminlarga ko‘ra, MJX sharqiy blokka 10 million nusxa kitob va majallalarni yetkazgan", deydi Finn.

1958 yili oktyabr oyida Pasternak adabiyot sohasida Nobel mukofoti sovrindori bo‘lib tanlanadi. Biroq Sovet hokimiyati bosimi ostida mukofotdan voz kechishga majbur bo‘ladi. Sovet matbuotida Pasternak keskin tanqidga uchraganiga qaramay, ikki yil o‘tgach, yetmish yoshida saraton kasalligi tufayli olamdan o‘tgan adibning dafn marosimiga minglab odamlar yig‘ilgan edi.

"Doktor Jivago" romanining dunyo bo‘ylab million nusxalari sotilgan va 1965 shu nomdagi badiy film Oskar mukofotiga mumnosib topilgan. Biroq Sovet Ittifoqida faqat Mixail Gorbachyov boshlagan "Perestroyka" islohotlari davrida 1988 yili chop etilgan.

"Doktor Jivago" romani nashrdan chiqqanidan uch yil o‘tmay SSSR parchalanib ketdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002