Shakarning ozi yaxshimi yoki semizlik muammosining yechimi nima?

Image copyright PA

Ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan, Angliyada ham semizlik muammo darajasiga chiqarkan, mutaxassislar buni oldini olish yo‘llarini tavsiya qilishmoqda.

Ana shu tavsiyalardan biri - odamlar iste‘mollaridagi shakar miqdorini yarmiga kamaytirishi lozimligidir. Shakar sanoatidagilar esa, birgina mahsulotni "yomonotliq" qilish bilan semizlik muammosiga yechim topib bo‘lmasligini aytishadi.

Tadqiqotlarga boshchilik qilgan professor Iyan Makdonaldning aytishicha, ko‘p miqdorda shakar tanovvul qilish bilan inson iste‘mol qilayotgan energiya miqdori va semizlik orasida bog‘liqlik bor.

Bu bog‘liqliq ayniqsa bolalardagi semizlikda yaqqolroq ko‘zga tashlangan.

Hozirda shifokorlar ayollar uchun kuniga 25 gramm, bu 5-6 choy qoshig‘i miqdorida, erkakalr uchun esa 35 gramm, ya‘ni 7-8 choy qoshig‘i miqdoridagina shakar iste‘mol qilishni tavsiya bermoqdalar.

Image copyright PA

Berilayotgan tavsiyalar orasida masalan, gazli va tarkibida shakari o‘ta ko‘p bo‘lgan ichimliklardan ko‘ra suv ichgan afzalroq, shokolad o‘rniga esa meva yegan yaxshiroq.

Sanoatga nisbatan chora sifatida esa tarkibida shakar ko‘p bo‘lgan ichimliklarni ishlab chiqaruvchilarga soliqlarni oshirish imkoni ko‘rib chiqilmoqda. Bu kabi choraga Meksikada qo‘l urilgan, lekin natijasi qanday bo‘lishi hanuz noma‘lum.

O‘tgan mart oyida Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ham kundalik iste‘mol etiladigan shakar miqdorini kamaytirish maslahatini bergandi.

Tavsiya etilgan miqdor hisoblanganda meva sharbatlari, asal va boshqa mahsulotlar tarkibidagi shakar ham nazarda tutilishi kerak.

Shakarga qarshi Amal tashabbus guruhi olimlarning yangi tavsiyasini "oliymaqom yangilik" sifatida qarshilagan.

Tashkilotga ko‘ra, yana millionlab bolalar semizlikka chalinmaslaridan avval kola sifat ichimliklar va shirinliklar tarkibidagi shakarga katta e‘tibor berish kerak.

Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Jane Ellison ning aytishicha, haddan tashqari ko‘p miqdorda shakar iste‘mol qilish sog‘liqqa zarar yetkazishi ma‘lum edi, va hozirgi tadqiqotlar buni tasdiqlamoqda.

O‘zbekistonda esa shakarning narxi osmonda

O‘zbekiston do‘kon va bozorlarida esa, so‘nggi paytlar shakar narxi oshib ketgan, bunga qo‘shimcha, ayni mahsulot tanqisligi ham vujudga kelgan.

Mazkur holat yozgi pishiqchilik davrida mevalarni qishga g‘amlash ishlari avj olgani bilan bog‘lanadi.

Shifokorlarning shakarni kamroq iste‘mol qilishga oid tavsiyalari hamda ko‘p miqdorda shakar talab qiluvchi usullar orasida muvozanatni qanday saqlash mumkin?

BBC bu haqda asli farg‘onalik, hozir Moskvada yashab faoliyat qiladigan taniqli oshpaz Stalik Xankashiyevdan so‘radi:

Stalik Xankashiyev: Afsuski, murabbolarni kamroq shakar miqdori bilan tayyorlashning an‘anaviy usullari yo‘q. Shakar o‘rniga pektin kabi moddani ishlatib, murabboni quyuqroq pishirish usuli bor, lekin bu usul ko‘proq sanoat miqyosida foydalaniladi. Uyda esa kamroq shakar solinsa, murabbo yomon bo‘lib qolmasligi uchun boshqa konservantlarni solish kerak bo‘ladi. Bu yerda demak iste‘molchi o‘zi uchun hal qilishi kerak, shakar yeyishni ma‘qul ko‘radimi yoki uning o‘rniga konservantni. Kamroq shakar solib pishirilgan murabboni sovutgichda saqlash mumkin, demak sovutgichlari katta bo‘lganlar shu yo‘l bilan kamroq shakarli murabboni saqlshlari mumkin. Lekin mevalarni quritib saqlash usuli borligini ham yoddan chiqarmang. Olsa, o‘rik kabi mevalarni qishga quritib olish Markaziy Osiyoda keng tarqalgan usullardan.

BBC: Lekin mevani murabbo shaklida iste‘mol qilishni xush ko‘ruvchilar hozirda shifokorlar berayotgan tavsiyaga qanday rioya qilishlari mumkin?

Stalik Xankashiyev: Shirinlik bo‘ladimi, yog‘mi, oqsilmi hamma narsani me‘yorida iste‘mol qilish kerak. Semizlik muammosiga kelsak, bu yerda muammo yegan ovqat miqdori bilan sarf qilingan energiya o‘rtaisdagi nomutanosiblikdir. Hozirda aksariyat juda ko‘p ovqat yeydi va jismonan hech qanday harakat qilmaydi. Buni gpidinamiya deydilar, ya‘ni kamharakatlilik. Kun bo‘yi offisda o‘tiriladi, u yerga mashinada borib, mashinada kelinadi, zinadan chiqmay yo eskalatorga chiqadi yoki liftga. Bundan tashqari eng asosiysi me‘yor. Bir qoshiq murabboning mazasi 10 qoshiq murabboning mazasi va rohati bilan barobar. Yosh bolaga o‘xshab, hech kim ko‘rmayotgan vaqti bir banka murabboni tushirib, keyin qorin og‘rib yurgandek o‘zini tutish kerak emas.

BBC: G‘arb supermarketlarida shakarsiz tayyolangan murabbolarni sotib olish mumkin, bu usullar faqatgina ishlab chiqaruvchilarga tegishlimi? Sirini faqat ular biladilarmi?

Stalik Xankashiyev: Bu anchayin keng tarqalgan tayyorlash usullari. Hali atganimdek, mevaning suv chiqarishiga pektin moddasi orqali ham yetishish mumkin. Bundan tashqari ba‘zida asal ham ishlatiladi. Asal ham shakar singari samarali konservant. Qurbaqani olib asalga solib qo‘ysangiz ham oylar mobaynida aynimay turadi. Ba‘zi qadimiy yemaklarda shakar o‘rniga meva sharbatidan qilingan qiyom ishlatilgan. Lekin nazarda tuting, bu ham shakardek gap. Shakar ham axir tabiiy bo‘lgan shakarqamish yoki lavlagidan olinadiku.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002