Obama Suriyadagi isyonchilar uchun yarim milliard dollar so‘radi

Image copyright Getty

AQSh prezidenti bunday so‘rov bilan mamlakati kongressiga chiqdi.

Janob Obamaga ko‘ra, buncha miqdordagi mablag‘ Suriyadagi "mo‘‘tadil" isyonchi kuchlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish va qurollantirish uchun kerak.

Rasmiy Oq Uyning bildirishicha, bu – suriyaliklarning prezident Bashar Al-Assadga moyil kuchlardan himoyalanishlariga imkon beradi.

O‘z navbatida, Iroq Islomiy Davlati va IShID kabi jangari guruhlarga qarshi turishga ham zamin yaratadi.

Xabarlarga ko‘ra, prezident Obamaning so‘nggi so‘roviga Suriyaga qo‘shni Iroqdagi voqealarning so‘nggi rivoji ham sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Ya‘ni, IShID ildamlab borarkan, AQSh Kongressining ayrim a‘zolari Barak Obamani qandaydir chora ko‘rishga undashgan.

Suriyadagi qurolli nizolar o‘tgan uch yildan buyon davom etib kelmoqda.

Suriya hukumati va isyonchi kuchlar orasidagi davomiy janglar sabab, o‘n minglab kishilar qurbon bo‘lishgan va millionlab odamlar darbadarlikka yuz tutishgan.

"Qo‘llab-quvvatlovimizni oshir"

Image copyright AFP

Oq Uyning bildirishicha, ajratish so‘ralayotgan mablag‘ AQSh ma‘muriyatining ham fuqaroviy va ham qurolli Suriya muxolifatini kuchaytirish sa‘y-harakatlariga asoslangan.

Ularning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, yangi moliyaviy ko‘mak AQSh Mudofaa vazirligiga Suriya qurolli muxolifatini yanada ko‘proq dastaklashga imkon beradi.

"Yarim milliard dollar miqdoridagi mablag‘ muxolifat nazorati ostidagi hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirish va terrorchi guruhlarning tahdidlariga bas kelishga ham ko‘mak beradi".

AQSh ma‘muriyatiga ko‘ra, pul o‘zlari va ittifoqchilariga raqib jangarilarning qo‘llariga tushib qolmasligi uchun, qaysi bir isyonchi guruhga yordam berish masalasida juda ehtiyot bo‘linadi.

Ammo prezident Obamani bu ishga ayrim a‘zolari undashgan bo‘lsa ham, AQSh Kongressi uning so‘rovini qachon va qanday qondirishi hali ma‘lum emas.

Amerika prezidenti o‘tgan oy Vest-Poyntda qilgan chiqishi chog‘ida o‘zining bu kabi niyatiga ishora qilgandi.

Barak Obama, "Suriya muxolifati orasidagi terrorchilar va shafqatsiz diktarorga eng maqbul qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lganlarini yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlash uchun" AQSh Kongressi bilan ishlash niyatida ekanini aytgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002