Ramazon arafasida: Saudiyadan tortib O‘zbekistonu Rossiyaga bir nazar

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AP

Saudiya Arabistonida ro‘za payti ish va jamoat joylarida yegan, ichgan va chekkan har qanday g‘ayriddin podshohlikdan chiqarib yuboriladi.

Bunday ogohlik bilan kecha payshanba kuni Saudiya podshohligi mas‘ullari chiqishgan.

Musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi ertaga shanba kuni kiradi va bu paytda musulmonlarning ro‘za tutishlari farz, deb sanaladi.

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligining xos bayonotida aytilishicha, "o‘zga din vakili ekanliklari bunga bahona bo‘lolmaydi".

"Ularning mehnat shartnomalarida musulmonlarning diniy qadriyatlarini hurmat qilishlari ko‘zda tutilgan".

Vazirlikka ko‘ra, "bunga rioya etmaganlarga qarshi lozim choralar ko‘riladi".

"Bular mehnat shartnomalarini bekor qilib, o‘z yurtlariga deportatsiya etilishlarini ham ko‘zda tutadi".

Shariat qonunlari qat‘iy amal qiluvchi Saudiya Arabistoni Sharq Ko‘rfazidagi neftga nihoyatda boy davlatlardan biri sanaladi.

Podshohlikda chetdan kelganlarning soni 9 milliondan ortadi va ulardan aksariyati osiyoliklardir.

Ramazon oyi davomida esa, musulmonlarning sahardan iftor paytigacha o‘zlarini yeyish, ichish va shahvoniy hislaridan tiyishlari lozim ko‘riladi.

O‘zbekistonda-chi?

O‘zbekistonda bu yil ham Ramazon oyi shaxsan prezident Islom Karimovning farmoyishi bilan nishonlanadi.

Xabarlarga ko‘ra, janob Karimov kuni-kecha bu oyni "munosib nishonlash" lozimligi aytilgan buyruqqa imzo chekkan.

Ushbu farmoyishga muvofiq, O‘zbekistonda 28 iyun Ramazon oyining birinchi kuni, deb sanaladi.

Farmoyishda, yana shuningdek, jamiyatda mehribonlik, o‘zaro hurmat va uyg‘unlik muhitini mustahkamlashda Ramazon oyining qanchalar muhimligi ham urg‘ulanadi.

Toshkentdan BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida mahalliy jurnalist Abdurahmon Tashanov, o‘zining kuzatuvlariga tayanib, bu yil ham "ro‘za tutaman deganlar ko‘p", deydi.

"Ramazon oyi O‘zbekistonda yozning chillasiga to‘g‘ri keldi. Bu ma‘lum qiyinchiliklar tug‘diradi. Mana, bugun juma namozida ko‘rdik, odamlar judayam gavjum. Masjidlarga borib, niyat qilib, bir-birini Ramazon kirib kelayotgani bilan tabriklayotganlar judayam ko‘p", - deydi suhbatdoshimiz.

Unga ko‘ra, arafa kunlarida bozorlar odamlar bilan ancha gavjum esa-da, narx-navolar deyarli o‘zgarmagan.

Go‘sht va guruchning biroz qimmatlaganini aytmagan-da, hatto, so‘nggi kunlarda shakar va o‘simlik yog‘i biroz arzonlagan, deydi jurnalist suhbatdoshimiz.

"Endi, Ramazon oyi munosabati bilan savdo yurishadi, deb ko‘pchilik mahsulotlarini bozorga olib chiqadi. Tabiiyki, o‘ziga xos raqobat vujudga keladi. To‘g‘ri, bu raqobat narxlarni keskin darajada tushirgani yo‘q. Ammo narxlar bozorlarda nisbatan mo‘‘tadil", - deydi u.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, hozir ayni to‘kinchilik payti bo‘lishi kerak esa-da, negadir qishloq xo‘jalik mahsulotlari hanuz arzonlamagan, deydi.

So‘z taroveh namozlari haqida ketganda, suhbatdoshimiz , "o‘tgan yili xavfsizlik choralari nuqtai nazaridan nazoratlar bo‘lgani, lekin namozni o‘qiyman, deb qasd qilgan odamga unday taqiq yo‘q", - deydi.

"Lekin ozgina bundayroq ko‘z bilan qarasangiz, albatta chiqadi, chunki bitta masjidning oldida xavfsizlik bo‘ladimi, boringki, "shpionlik" bo‘ladimi, nima bo‘lgan taqdirda ham, bitta-yarimta militsiya xodimi turadi, bitta-yarimta poyloqchilar turadi, yosh bolalar chiqqan bo‘lishsa, ularni qaytarishga harakat qiladi".

Ammo BBC bilan suhbatda boshqa o‘zbekistonliklarning aytishlaricha, ayniqsa, davlat idoralarida ishlaydiganlar orasida ro‘za tutish va namoz o‘qishini yashirishga majbur bo‘layotganlar talaygina.

Rossiyada nima gap?

Image copyright AFP

Agar, rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, Rossiyada 24 milliondan ziyod musulmon bor.

Ammo, u yerdagi markaziy osiyolik noqonuniy mehnat muhojirlarining soni ham hisobga olinsa, bu raqamlar 30 millionga yaqinlashib qoladi.

O‘tgan yili Ramazon oyi arafasida shaxsan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘zi mamlakatidagi musulmonlarga tabrik yo‘llagani ham bor gap.

Rossiyadagi mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol Bahrom Hamroyevning Moskvadan BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu yil ham ro‘za tutaman, degan odam ko‘p.

"Juda ko‘pchilik. Hatto, namoz o‘qimaydiganlar ham bugun, albatta, ro‘za tutamiz, deyishayapti", - deydi u.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, arafa kunlari ekaniga qaramay, Moskvadagi halol do‘konu yemakxonalarda narx-navolar deyarli o‘zgarmagan.

Aksincha, markaziy osiyoliklar yurituvchi ko‘plab qahvaxonalar ro‘zadorlarga tekin iftorliklar taklif qilish harakatida, deydi u kishi.

Biroq, suhbatdoshimizning eng so‘nggida e‘tirof etishicha, Rossiya hukumatining ichki va tashqi siyosati o‘zgarmas ekan, mamlakatdagi musulmonlar uchun masjidlar taqchilligi muammosi bu yil ham o‘z yechimini topmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002