"Braziliyada musulmon futbolchilar ro‘za tutishsa, mutakkabbirlik bo‘ladi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AFP

Braziliyada o‘z milliy terma jamoalari safida yagona kubok uchun kurash olib borayotgan dunyoning manaman, degan musulmon futbolchilar ham oz emas.

Buyog‘i o‘zining jahon chempionatida ko‘rsatayotgan o‘yini bilan ko‘pchilikni lol qoldirayotgan Frantsiya yulduzi Karim Benzema bo‘lsa, boshqasi bu yil chempionlikka asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘rilayotgan Olmoniya saflarida to‘p surayotgan Mesut O‘zil.

Ulardan yana biri birinchilikning 28 iyun kuni start oluvchi nimchorak final bellashuvlarida kimsan Lionel Messining Argentinasiga qarshi to‘p suruvchi Shveytsariyaning ishongan tog‘i Xerdan Shaqiriy bo‘lsa, boshqasi chorak finalga chiqish uchun so‘nggi o‘yinida kimsan Olmoniyani shoshirib qo‘ygan AQSh bilan bellashuvchi Belgiya yulduzlari Maruan Fellayni va Mussa Dembelelardir.

Ustiga ustak, bu yilgi jahon chempionatidagi ishtiroklarini kutilmaganda guruh bosqichidanoq yakunlagan qolgan dunyoning yetakchi milliy terma jamoalaridagisi qo‘shib hisoblansa, bu kabi musulmon yulduz futbolchilarning soni o‘ndan ortadi.

Bu yilgi jahon chempionatining nimchorak final bellashuvlari 1986 yildan buyon ilk bor Ramazon oyiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu oyda esa, dunyo bo‘ylab uzrxohligi bo‘lmagan barcha musulmonlarning birdek ro‘za tutishlari taqozo etiladi.

Image copyright Reuters

Shunday ekan, jahon chempionligi kabi oliy maqsadlariga yetishish uchun milliy terma jamoalariga qattiq orqa qilayotgan bu kabi yulduz futbolchilar qarshisida qanday tanlov qoladi?

Ularning ham futbolchilik va ham musulmonchilik mas‘uliyatlarini bir vaqtning o‘zida ado etishlari shart ko‘riladimi va yoki bu o‘rinda biror bir istisnolar bo‘ladimi?

Bundan avval shu kabi muammo qarshisida to‘qnash qolgan ayrim musulmon futbolchilari davlatlari din peshvolarining fatvosi bilan ushbu muammoni hal etishgan bo‘lsa, boshqalari esa, har ikkisini ham birdek ado etishni ma‘qul, deb topishgan.

Ammo qirg‘izistonlik taniqli ulamolardan Rashod qori Kamolovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu muammo Islom dinida allaqachon o‘z yechimini topib bo‘lgan:

"Ayni bir musulmonlar idoralari emas, Alloh Taolo o‘zining bir yarim ming yil ilgari chiqarib qo‘ygan hukmida, mabodo, sizlar safarda bo‘lsalaringiz yo kasal bo‘lib, og‘rib qolgan bo‘lsalaringiz, ro‘za tutmaysizlar. Qazosini Ramazon oyidan keyin tutasizlar, degan. Safarda yurgan odam necha kun ro‘za tutolmagan bo‘lsa, o‘shani Ramazondan keyin tutib beradi", - deydi suhbatdoshimiz.

Image copyright AP

"Bemalol o‘sha kunlari ro‘za tutmasdan, o‘yinlarini o‘ynab, o‘zining jamoasiga birinchilikni olib berib, shunga harakat qilib, yurtiga kelgandan keyin, necha kuni qazo bo‘lgan bo‘lsa, shuning qazosini tutadilar, tamom, hech qanday mushkuli yo‘q".

O‘z o‘rnida, imom Rashod qori Kamolovning aytishicha, agar musulmon futbolchilari bunday yo‘l tutishmasa, "Alloh Taolo safarda yurgan musulmonlarga bergan hadyasini qabul qilmagan bo‘ladi".

"Darhol qabul qilish kerak. Safarda yurgan vaqtida ro‘za tutmasligi kerak. Buni qabul qilmasa, Islom diniga muvofiq, mutakkabbirlik qilgan bo‘ladi. Alloh Taolo bergan yengilligini qabul qilmagan bo‘ladi. Bunda gunohkor bo‘lishadi", - deydi suhbatdoshimiz.

"Shuning uchun ham, Alloh Taolo bergan hadyasini, yengilligini qabul qilib, jamoasiga birinchilikni ham olib berib, undan keyin qazosini tutsa, har tomonlama savobga ega bo‘ladi".

Ammo, agar, birgina britan nashrlariga bergan suhbatlariga tayanilsa, yulduz musulmon futbolchilari orasida, "Ramazon oyi badanni tozalab, odamni haqiqatan kuchli qilishidan hayratda ekanliklari bois, yillar davomida ro‘za tutishni kanday qilmaydigan"lari borligini ham inkor etib bo‘lmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002