Afg‘onistonda Abdullaning tarafdorlari namoyishga chiqishdi

Poytaxt Kobulda prezidentlikka nomzod Abdulla Abdullaning minglab tarafdorlari saylovlarda ovozlarning soxtalashtirilgani gumonlari bois, prezident binosi qarshisida yig‘ilishgan.

"Ashraf G‘aniga o‘lim! Saylov komissiyasiga o‘lim!" deb qichqirishgan namoyishchilar.

Afg‘onistondagi prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida 40 foizdan ko‘p ovoz to‘plagan Abdulla Abdulla bu galgi ovoz berishda o‘zining soxta ovozlarning ko‘paytirilgani qurboni bo‘lganini aytgan va saylov natijalarini rad qilgan.

Janob Abdulla prezident Karzay va viloyat hokimlarini ham Ashraf G‘ani foydasiga ish yuritganlikda ayblagan.

Uning raqibi Ashraf G‘ani allaqachon bir million ovoz bilan o‘zining g‘alaba qozonganini bildirmoqda.

Ayni vaqtda Prezident Homid Karzay noroziliklarga munosabat bildirib, bunday chiqishlar Afg‘onistonga demokratiya kelganining belgisi ekanini aytgan.

Norozilik aktsiyasida 10 mingdan ortiq kishi qatnashgani aytilmoqda. Bir qancha namoyishchilar Karzayning suratlarini yirtganlar.

Bu saylovlardagi qallobliklarga qarshi eng katta va unda Abdulla Abdulla ishtirok etgan birinchi namoyish bo‘lgan.

"Agar bizning talablarimiz bajarilmasa va soxta ovozlar chiqarib tashlanmasa, biz noroziligimizni davom ettiramiz", degan Abdulla rasmi va Afg‘oniston bayrog‘ini ko‘tarib olgan Ahmad ismli namoyishchi.

Namoyishchilar orasida kam sonli ayollardan bo‘lgan 55 yoshli Shaperay "Hukumat va saylov komissiyasi bizning ovozlarimizni o‘g‘irladi. Ular xiyonatchi va qallobdirlar", deydi.

Saylovlar Afg‘onistondagi etnik guruhlar o‘rtasidagi azaliy taranglikni yuzaga chiqargan. Boisi, Abdulla Abdulla mamlakatda ko‘pchilikni tashkil qiladigan tojiklardan, Ashraf G‘ani esa aholining katta qismi bo‘lgan pushtun guruhi vakili.

Saylovlarga ishonsizlik Tolibon faoliyati kuchaya boshlagan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda va toliblar bu qarama-qarshilikdan o‘z manfaatlari uchun foydalanishlari mumkinligi haqida xavotirlar bor.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002