Iroq Rossiya qiruvchi uchoqlarini qabul qilib olgan

Image copyright

Iroq hukumati ma‘lum qilishicha, Rossiya va Belarus bilan kelishilgan Iroq harbiy-havo kuchlariga mo‘ljallangan beshta Suxoy "Su-25" qiruvchi uchog‘i yetib kelgan.

Iroq Mudofaa vazirligidan aytishlaricha, "uch yoki to‘rt kundan keyin" Rossiya qiruvchi uchoqlari xizmatni boshlaydi.

Rossiya bilan qiruvchi uchoqlar borasidagi shartnomadan ko‘zlangan maqsad, "terrorizmga qarshi kurashda harbiy-havo kuchlari va butun qurolli kuchlarning jangovorligini oshirish", deb aytgan Mudofaa vazirlik vakili.

O‘tgan hafta BBC bilan suhbatda Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy o‘zining hukumati Rossiya va Belarus bilan qiruvchi uchoqlar sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida aytgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, bitim qiymati 500 million AQSh dollariga teng bo‘lgan.

Rossiyalik ekspertning Lenta.ru axborot agentligiga aytishicha, Iroqqa oltita Su-30 qiruvchi uchog‘i jo‘natilgan, biroq bu xabar Iroq manbalaridan tasdiqlanmagan.

Iyun oyi boshidan Iroqning shimoli va g‘arbida qator hududlarini bosib olgan "Iroq va Shom Islomiy davlati" jangarilariga qarshi kurashda Iroq harbiy-havo kuchlari mushkulliklarga duch kelgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Iroq mudofaa vazirligi tasarrufidagi "havo-quruqlik" raketalarining ayrimlari tugab qolgan.

Image copyright Reuters

28 iyun kuni Iroq hukumati "Iroq va Shom Islomiy davlati" jangarilaridan Tikrit shahrini tortib olgani haqida xabar tarqatgan.

Biroq jangarilar buni rad etganlar.

Iroq armiyasi tanklari Tikritdan orqaga qaytgan, deb xabar beradi BBC muxbiri ham.

Iroq davlat televideniyesi xabar qilishicha, 60 tacha jangari o‘ldirilgan va endi jangarilar nazoratidagi Mosul shahriga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rilayapti.

Image copyright AFP

Tikrit Iroqning sobiq rahbari Saddam Husayn tug‘ilib o‘sgan shahar va u yerda asosan Sunniylar istiqomat qiladi.

Tikrit shahriga hujum AQSh harbiy maslahatchilari bilan muvofiqlashtirib amalga oshirilgan.

AQSh Iroq ustida Amerika dronlari parvoz qilayotganini tasdiqlagan, biroq Iroqqa yuborilgan 300 harbiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangovor amaliyotlarda ishtirok etmayaptilar, ular Iroqdagi amerikaliklarni muhofaza qilish uchun yuborilgan, demoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002