Qirg‘iziston demokratiyadan chekinmoqdami?

Qirg‘iz hukumati o‘zbekistonlik huquq faoli Vasila Inoyatovani mamlakatga kiritmagan.

Bir yarim oy oldin BBC jurnalisti ham Bishkek havo qo‘nalg‘asidan Toshkentga qaytarib yuborilgandi.

O‘zini demokratiya oroli deydigan Qirg‘iziston demokratiyadan chekinmoqdami?

"Siz millatlar orasida nizo qo‘zg‘ashga olib keluvchi harakatlar qilgansiz, degan ohangda meni Qirg‘izistonga kiritmaslik qarorlarini tushuntirishdi" - deydi o‘zbekistonlik huquqbon Vasila Inoyatova.

"To‘g‘ri, men O‘shda o‘zbeklar qirg‘in qilingani haqida gapirganman, ammo Qirg‘iziston xalqiga qarshi hech ish qilmaganman va aksincha, qon to‘kilishiga qarshi bo‘lganman".

Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari guruhi rahbari Vasila Inoyatova Bishkek havo qo‘nalg‘asida unga qo‘pol munosabat qilishgani va hatto u yerdan Parijga ketish uchun olgan biletini ham bekor qilishganini aytadi.

Bishkekda xalqaro inson huquqlari guruhlari bilan uchrashishi kerak bo‘lgan Inoyatova xonim keyin Turkiyaga uchib ketishga majbur bo‘ldi.

Image caption Vasila Inoyatova Bishkek aeroportida o‘ziga qo‘pol muomala qilingani haqida aytgan

U o‘zini demokratik davlat, deb ataydigan Qirg‘izistondan bunaqa munosabatni kutmaganini ta‘kidlaydi.

Vasila Inoyatova - O‘sh va Jalolobodda ro‘y bergan 2010 yilgi qirg‘in va uning oqibatlari haqida ko‘p bong urgan o‘zbek faollaridan biri.

U nizodan keyin ham Qirg‘izistondagi o‘zbek millati vakillari huquqlarini kamsitish hollari davom etgani xususida yozib kelgan va Toshkentdagi Qirg‘iziston elchiligi oldida norozilik amallari o‘tkazgan.

Demokratiya yo‘lini tanlagan davlatlar uchun odatiy bo‘lmish bu kabi amallarga so‘nggi paytlari Qirg‘iziston ham toqatsiz bo‘lib bormoqda.

Hozir Qirg‘iz hukumati mustaqil, g‘arblik yo aksar o‘zbek millatiga mansub jurnalistlarga yoki ishlash uchun ruxsatnoma bermayapti, yoki mamlakatga umuman kiritmayapti.

"Qirg‘iziston demokratiyadan voz kechgani yo‘q, ammo demokratik tamoyillardan chekinmoqda" - deydi mamlakat sobiq ombudsmeni Tursunbek Akun - "So‘nggi yillari bir necha jurnalist va huquq faoli mamlakatga kiritilmadi".

Image caption Toshkent aeroportidan jurnalistlarni qaytarib yuborish "odatiy"

"Biroq bu davlatimiz yuritayotgan siyosatmi va yo Qirg‘iziston maxsus xizmatlarining o‘z tashabbusimi - buni bilmayapman".

Janob Akunga ko‘ra, Prezident Atamboyev imzolagan so‘ngi qonun loyihalaridan biri so‘z erkinligini va mitinglar o‘tkazishni cheklashga yetaklashi shaksiz.

"Mana endi jurnalistlar va huquq faollari mamlakatga kiritilmayotgani Qirg‘izistondagi demokratiya ahvoli borasida bizni xavotirga solmoqda" - deydi Tursunbek Akun.

Uning aytishicha, O‘sh voqealari qanchalik hassos va dardli bo‘lmasin, baribir, Qirg‘iziston o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishi va demokratiya hamda so‘z erkinligi tamoyillariga rioya qilishi zarur.

O‘zbekiston ham o‘tgan yili qirg‘izistonlik huquq faoli Toleken Ismoilovani kiritmay, Toshkent havo qo‘nalg‘asidan qaytarib yuborgandi.

"O‘zbekiston uchun bu odatiydir, lekin o‘zini demokratik davlat ataydigan Qirg‘iziston uchun bunaqa ishlar qabul qilib bo‘lmasdir" - deydi Tursunbek Akun.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002