Shimoliy Vaziristonga piyoda qo‘shinlar tashlandi

Image copyright Reuters

Pokiston armiyasi Shimoliy Vaziristondagi Tolibon jangarilarga qarshi piyoda qo‘shinlari bilan yangi harbiy amaliyotni boshlaganini e‘lon qildi.

Bayonotga ko‘ra, amaliyotlar Afg‘oniston bilan chegaradagi qabilaviy hududning asosiy shahri sanalmish Mironshohda boshlangan.

Sal avvalroq armiya havodan hujumlarni amalga oshirib 370 jangarini o‘ldirganini bildirgandi.

Bu raqam mustaqil manbalardan tasdiqlanmagan.

Shimoliy Vaziriston ko‘p vaqtlardan beri jangarilarning qarorgohi sanalib keladi.

Muxbirlarga ko‘ra, ko‘plab jangarilar harbiy amaliyot boshlanishidan avval hududni tark etganlar.

Uch hafta avval jangarilar Pokistondagi eng yirik Karachi aeroportiga hujum qilib, 30dan ortiq odamni nobud qilgandilar.

Bunga javoban, Pokiston qo‘shinlari ikki haftadirki Shimoliy Vaziristondagi jangarilar boshpanalariga qarshi havodan hujumlarni amalga oshirib kelioqda.

Armiyaning aytishicha, nishonlardan biri Karachi aeroporti uchun mas‘uliyatni olgan o‘zbek jangarilari va ularning Pokiston Toliboni ittifoqchilaridir.

Dushanba kuni chiqarilgan harbiy bayonotda aytilishicha, qo‘shinlar Mironshohda uyma-uy yurib qidiruv ishlarini olib bormoqdalar.

"Qo‘shinlar yerosti tunnellarni va qo‘lbola portlovchi moddalarni topdilar", deyiladi bayonotda.

Mironshoh oxirgi yillarda Pokiston Toliboni guruhining markazi bo‘lib kelgan.

Mahalliy aholi Pokiston bo‘ylab minglab odamlarni o‘ldirgan jangarilarga toqat bilan yondoshganlar.

BBCning Islomoboddagi muxbiri Andryu Nortga ko‘ra, Pokiston qo‘mondonlari jangarilarni "yaxshi va yomon Tolib"ga ajratib o‘tirmasliklarini aytmoqdalar.

Lekin, muxbirimizga ko‘ra, Shimoliy Vaziristondan olingan ko‘plab xabarlar armiya amaliyotni boshlashdan avval jangarilarga qochish uchun imkoniyat yaratib berganiga ishora qiladi.

Karachi aeroportiga hujum ortidan e‘lon qilingan harbiy amaliyot tufayli kamida yarim million odam Shimoliy Vaziristonni tashlab qochgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002