Ovro‘po Mahkamasi Frantsiyaning niqobga taqiqini dastakladi

Image copyright Getty

Ovro‘po Inson huquqlari mahkamasi Frantsiyadagi musulmon ayollarga yuzini to‘la yopib turuvchi niqob kiyishni taqiqlovchi qonunni qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu ishni mahkamaga 24 yoshli frantsiyalik ayol olib chiqqandi.

U jamoat joylarida niqob kiyib yurishga taqiq o‘z diniy erkinligini cheklashini iddao qiladi.

Frantsiyadagi qonunga ko‘ra jamoat joylarida hech kim yuzni yopib turuvchi kiyim-bosh kiyishi mumkin emas.

Bo‘ysunmaganlar 150 yevro ($205) jarimaga tortiladi.

Qonun 2010 yil, sobiq an‘anador prezident Nikola Sarkoziy davrida kuchga kirgandi.

Ovro‘po Inson huquqlari mahkamasi taqiq "to‘g‘ridan-to‘g‘ri diniy kiyim-boshni savol ostiga olmaydi, balki faqat yuzni bekitish masalasiga asoslangan", deya qaror bergan.

Shuningdek, mahkama bayonotida "yuz ijtimoiy munosabatlarda ahamiyatli rol o‘ynashiga oid davlat xulosasi" ham e‘tiborga olingani aytiladi.

Faqat ismi sharfi bosh harflari - CAC bilan ma‘lum ayol 2011 yil Ovro‘po Mahkamasiga murojaat qilgandi.

U oilasi bosimi ostida emas, balki taqvodor musulmon o‘laroq niqob kiyishini bildirgan.

Qolaversa, u niqob kiyishni diniy erkinlik bilan bog‘laydi.

"Nafaqat dunyoviylikka zid..."

Frantsiya zamonaviy dunyoda jamoat joylarida yuzni to‘la bekitib yurishni taqiqlagan ilk Ovro‘po davlatidir.

2011 yil Belgiya xuddi shunday qonunni joriy etdi.

Ispaniyaning Barselona va boshqa shaharchalari, Italiyadagi ba‘zi shaharlarda ham niqob kiyish ma‘n qilingan.

Buyuk Britaniyada bu kabi taqiq yo‘q, biroq muassasalarning kiyinish bo‘yicha o‘z tartib-qoidalarini joriy etishga huquqlari bor.

Frantsiya hukumati niqob kiyishni man etuvchi qonun keng omma dastagiga ega ekanini da‘vo qiladi.

Mulozimlar yuzni to‘la yopib turuvchi niqob nafaqat Frantsiyaning dunyoviy qadriyatlariga zid ekani, balki shaxsning kimligini yashirib, xavfsizlikka ham xatar ostiga qo‘yishini aytishadi.

O‘tmishda Ovro‘po mahkamasi Frantsiya dunyoviy qadriyatlarini dastaklagan va hukumatning maktablarda ro‘mol o‘rashga taqiqini ham yoqlab qaror chiqargan.

Biroq, 2010 yil Turkiyaga kelganda hakamlar diniy kiyim-bosh jamoat tartibiga tahdid emas, deb topgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002