Endi MTS davlat ulushi bor shirkat bo‘ladi

O‘zbekiston hukumatidagi manbalarga tayanib tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning MTS shirkati shu yil oxirigacha O‘zbekistonda faoliyatini qayta boshlashi mumkin.

O‘zbekiston hukumati MTSga qaytishiga ruxsat berdi, deya xabar tarqatmoqda Rossiyada nashr qilinadigan ro‘znomalar, web-saytlar.

Ushbu xabarlar borasida bugun biz Toshkentga - Aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan bog‘landik, qo‘mita matbuot xizmatidan buguncha ushbu mavzu yuzasidan sharh olishning imkoni bo‘lmadi.

27 iyun kuni Aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi vakilining "bu borada hech qanday qaror qabul qilingani yo‘q", degan so‘zlarini 12news.uz web-sayti keltirgan.

Moskvadagi "Mobilnye telesistemy" shirkati bosh qarorgohida O‘zbekiston bilan hozir muzokaralar kechayotgani xabarlarini sharhlamaymiz, deyishdi.

Balki ikki tomondan ham rasman bayonotlar berilmayotgani sababi, muzokaralar hali yakuniga yetmagani va MTSning O‘zbekistondan shov-shuvli chiqib ketgani bilan bog‘liqdir.

Biroq Rossiyadagi axborot agentliklari O‘zbekiston hukumatidagi manba, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish qo‘mitasidagi manbalarga, Moskvadagi MTS aktsionerlariga tayanmoqdalar va bu manbalar O‘zbekiston hukumati MTSning O‘zbekistonga qaytishiga ijozat berganini aytmoqdalar.

May oyida Rossiya matbuoti MTSga egalik qiluvchi "Sistema" shirkati rahbari Vladimir Yevtushenkovdan iqtibos keltirib, O‘zbekistonga qaytishimiz uchun faqat bir shart qoldi, deb aytgan edi.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish davlat qo‘mitasidagi manbaga tayanib "RIA Novosti" axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi bilan Rossiya shirkati o‘rtasida yangi qo‘shma korxona tashkil etiladi, bu qo‘shma korxona MTS brendi ostida faoliyat yuritadi.

Rossiyaning boshqa bir agentligi "Interfaks" O‘zbekiston hukumatidagi manbaga tayanib, MTS qaytishiga bag‘ishlangan maxsus hukumat majlisi 25 iyun kuni bo‘lganini xabar qiladi.

Bu manba so‘zlariga ko‘ra, 28 iyun kuni Moskvadan borgan MTS hay‘ati O‘zbekiston hukumat doiralari bilan muzokaralar o‘tkazishgan va "Rossiya kompaniyasining O‘zbekiston uyali aloqa bozoriga qaytishiga aloqador hamma bahsli masalalar olib tashlandi".

Manbalar endi paketida davlat aktsiyalari ham bo‘ladigan qo‘shma korxonaning ta‘sis hujjatlari tayyorlanayotganini ma‘lum qilganlar.

Kimda qancha foiz hissa bo‘ladi, oshkor etilayotgani yo‘q.

Biroq bundan oldin Vladimir Yevtushenkov qo‘shma korxona aktsiyalarining nazorat paketi "Sistema" shirkatida bo‘ladi, deb aytgan.

Rossiya matbuotining Moskvadagi hissadorlarga tayanib xabar qilishicha, yangi mobil aloqa shirkatining qaysi chastotalarda faoliyat yuritishi masalasi hali ham muhokama qilinayapti.

2012 yil yozida kamida 9 yarim million o‘zbekistonlik mobil aloqa signalidan ayrilib qolganidan keyin MTS-Uzdunrobita antennalariyu-boshqa mulklari davlat tasarrufiga o‘tkazilgan, kimoshdi savdosiga qo‘yilib, biror xaridor chiqmaganidan keyin MTS-Uzdunrobita chastotalari ham "O‘zbektelekom"ning "Uzmobile" mobil aloqa shirkati ixtiyoriga berilgan edi.

Uzmobile dan O‘zbekistonning milliy mobil aloqa operatorini barpo etishga qaror qilingan.

Biroq MTSning chastotalari haligacha ham foydalanilmay turgani haqida yozgan ro‘znomalar.

MTS faoliyati to‘xtatilganidan keyin butun O‘zbekiston hududida mobil aloqa sifati juda yomonlashdi.

Kuzatuvchilar buni soni 20 milliondan ortgan mobil aloqa foydalanuvchilari bosimiga dosh berishga qodir tizim barpo etilmagani bilan izohlashadi.

Bugun O‘zbekistonda to‘rtta mobil aloqa shirkati qolgan.

Bular - Beeline, Coscom, Perfectum Mobile va Uzmobile shirkatlaridir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002