O‘zbekiston Islomiy Harakati liderlari qayerga yo‘l olishdi?

Image copyright AFP

Pokiston Qurolli kuchlari jangarilarning asosiy boshpanasi hisoblangan Shimoliy Vaziriston mintaqasiga kirib borarkan, bugun ko‘pchilikni xuddi shu savol qiziqtirmoqda.

Chunki Pokiston harbiylari berayotgan ma‘lumotlar orasida hozircha na-da Tolibon va na-da O‘zbekiston Islomiy Harakatining liderlari haqida biror bir so‘z yo‘q.

Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasi esa, yillarki, bu ikki ittifoqchining asosiy boshpanasi bo‘lib kelgan.

Ustiga ustak, Pokiston harbiylarining ham havodan va ham yerdan olib borayotgan yirik harbiy amaliyotlari aynan shu ikki harakatni yo‘q etishga qaratilgan.

Shunday ekan, Pokiston Tolibon Harakati, O‘zbekiston Islomiy Harakati va yoki "Haqqoniy" tarmog‘i bo‘ladimi, ularning yetakchilari qay yerga g‘oyib bo‘lishgan?

Mintaqadagi aksariyatning ishonishicha, ular Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh sharqiy Xost viloyatiga qochib o‘tishgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Xost Afg‘onistonning vaziristonlik aholi qochib o‘tayotgan yagona viloyati hisoblanadi va bugunga kelib, bu qochqinlarning soni yuz mingdan ortadi.

Shunday ekan, ularning orasida O‘zbekiston Islomiy Harakati va boshqa jangari guruhlarning yetakchilari bo‘lishi mumkinmi?

BBC O‘zbek Xizmati xuddi shunday savol bilan pokistonlik jurnalist Rahimullah Yusufzay bilan bog‘landi:

Rahimullah Yusufzay: Agar, Pokiston Qurolli Kuchlarining da‘volariga qarasangiz, jangarilarning kamida ikki nafar yuqori martabali qo‘mondonini o‘ldirishgan. Harbiylarga ko‘ra, ulardan biri O‘zbekiston Islomiy Harakatining qo‘mondonlaridan biri Abu Abdurahmon al-Ma‘niydir. Pokiston Qurolli kuchlari uni muhim o‘zbek jangari qo‘mondoni, deb atashmoqda. Ularning iddao qilishlaricha, yana Pokiston Tolibon harakatining qo‘mondoni Muhammad Umarni ham o‘ldirishgan. Lekin, shunda ham, bu faqat da‘volar, xolos. Chunki bu xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkonsiz. Vaziriston mintaqasida ommaviy-axborot vositalari yo‘q. Harbiylar hamma narsani nazorat etishga urinishmoqda. O‘zlari esa, har kun buncha jangarini o‘ldirdik, shuncha boshpanasini vayron etdik, yana qanchasi taslim bo‘ldi, degan da‘volar bilan chiqishmoqda.

Image copyright AFP

BBC: Ayrim xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakatiniki doxil jangarilarning aksariyat yuqori martabali qo‘mondonlari Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh sharqiy Xost viloyatiga qochib o‘tishgan...Bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Bu xususda Pokiston Qurolli kuchlari nima demoqda?

Rahimullah Yusufzay: Bu xabarlar, hozircha, rasman tasdiqlanmagan. Ammo bunday ehtimolni nazardan soqit etib bo‘lmaydi. Afg‘on hukumati ham Pokistondan Xostga qochib o‘tganlar orasida qurollilari borligi, tez orada ularning yarog‘larini yig‘ishtirib olish rejasida ekanliklarini aytmoqda. Ammo, afg‘on tomoniga ko‘ra, qurollilar jangari emas, oddiy fuqarolardir. Afg‘onistondagi AQSh harbiylari ham o‘zaro chegaradagi vaziyatni nazorat etib turishgani, shu paytgacha jangarilarning Pokistonning Vaziriston mintaqasidan Xost yoki Paktikoga kesib o‘tishganiga guvoh bo‘lmaganliklarini aytishmoqda. Pokiston Qurolli Kuchlari ham bu xususda rasman bir narsa degani yo‘q.

BBC: Siz, baribir, bunday imkoniyatni nazardan soqit etib bo‘lmaydi derkansiz, Pokistondan Xost yoki Paktikoga qochib o‘tgan jangarilarning "yashab ketish" imkoniyatlari qanday?

Rahimullah Yusufzay: Shaxsan men O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari Pokistondan Afg‘onistonning sharqiy Xost viloyatiga qochib o‘tishadi, deb o‘ylamayman. Chunki Xostda ular boshpana topishi mumkin bo‘lgan biror jamloq yoki bazalari yo‘q. Ular, buning o‘rniga, Afg‘oniston Tolibon harakatining ta‘siri katta bo‘lgan Ko‘nar va Nangarxor viloyatlarini ma‘qul ko‘rgan bo‘lishardi. Menimcha, ular Shimoliy Vaziriston mintaqasining halicha Pokiston harbiylarining oyog‘i yetmagan hududlariga qochib o‘tishgan. Ustiga ustak, ular boshpana topaman deyishsa, buyog‘i Janubiy Vaziriston, O‘rikzay, Kurram, Xaybar mintaqalaridir. Shuning uchun ham, men aynan o‘zbek jangarilarining Xostga qochib o‘tishganidan shubhadaman.

BBC: Lekin bugunga kelib, Vaziriston mintaqasidan Xostga qochib o‘tganlarning soni yuz mingdan ham ortib ketgani aytiladi. Shunday ekan, ularning orasida jangarilarning bor-yo‘qligini aniqlashning o‘zi qanchalik imkonli bir ish?

Image copyright AFP

Rahimullah Yusufzay: To‘g‘ri, lekin bu afg‘on hukumatining ishi emas. Yuqorida ham aytib o‘tganimdek, afg‘on tomoni qochqinlar orasida qurollanganlari borligini ham inkor etayotgani yo‘q. Buni xostlik mahalliy aholi ham tasdiqlamoqda. Va afg‘on hukumati ularni yig‘ishtirib olmoqchi. Ammo ularning orasida jangarilar ham bo‘lishi mumkin, albatta. Harbiy amaliyotlar sabab, Pokistonning boshqa tumanlariga qochib borgan yarim million vaziristonlik orasida ham qochqin qiyofasidagi jangarilar bor. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo o‘ziga xos tekshiruv o‘tkazibmi, bu masalaga faqat pokiston va afg‘onistonlik mas‘ullar oydinlik kiritishlari mumkin, xolos.

BBC: AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan, O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘onistondan Pokistonga qochib o‘tgan va Tolibon harakati rahnamoligi ostida ular nazorati ostida bo‘lgan qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topishgandi.

Ammo so‘nggi yillarda ularning Afg‘oniston shimolida qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgani kuzatiladi.

Harakatning shu yo‘l bilan Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashishga harakat qilayotgani va shu maqsadda mintaqadan yangi jangarilar yollashga urinayotgani haqida ham xabarlar bor.

Orada, ya‘ni 2009 yilda O‘zbekiston Islomiy Harakatining asoschisi Tohir Yo‘ldosh ham amerikaliklarning dron hujumida o‘ldirilgan.

O‘tgan yil esa, uning o‘rniga tayinlangan kuyovi Usmon Odil ham halok etilgandi.

Hozir O‘zbekiston Islomiy Harakatiga Usmon G‘oziy ismli shaxsning rahbarlik qilayotgani aytiladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Tolibon va O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘rtasida judayam kuchli mafkuraviy va diniy mushtaraklik mavjud.

Ularga ko‘ra, bu ikkovlon O‘zbekiston uchun bezovtalik omili bo‘lib qolaveradi va xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni butkul tark etsa, ular solayotgan xavf tahdid darajasiga ham o‘sib yetishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002